I-BOB. FIZIKANI O‘QITISHDA FANLARARO BOG‘LANISHNING ILMIY-NAZARIY ASOSLARI
Fizikani o‘qitishda fanlararo aloqadorlik va uning ahamiyati.
Insoniyat paydo bo‘libdiki, u tabiatning o‘zi uchun mavhum bo‘lgan sirlarini bilishga intiladi. Bunday intilish fanlarning paydo bo‘lishiga asos soldi. Chunki tabiatning insonga ma’lum bo‘lmagan siru-sinoatlari juda ham ko‘p bo‘lib, ularni bir fan ko‘lamiga sig‘dirib bo‘lmaydi. Shu sababli ular sohalarga va yo‘nalishlarga ajratilgandir. Dastlab tabiatni o‘rganishga intilgan inson keyinchalik jamiyat qurilishini, davlat tuzimlarini, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganishga ham intila boshladi. Insonning tabiatni o‘rganishga bo‘lgan intilishlari tabiiy fanlarni vujudga keltirgan bo‘lsa, jamiyatni bilishga bo‘lgan intilishi gumanitar fanlarning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
I. Aniq fanlar.
1. Matematika.
2. Fizika (astronomiya).
3. Geometriya.
4. Geografiya.
5. Kimyo.
6. Biologiya.
II. Ijtimoiy-gumanitar fanlar.
1. Falsafa.
2. Tarix.
3. Mantiq.
4. Jamiyatshunoslik.
5. Tilshunoslik va adabiyot.
Ushbu ikki yo‘nalishdagi fanlarning zamirida uchinchi yo‘nalish bo‘lgan amaliy fanlar vujudga keldikim, bu fanlar o‘zidan oldingi har ikki yo‘nalishga ham dahldor, ulardan foydalanadi va ularni to‘ldiradi.
III. Amaliy fanlar.
1. Tasviriy san’at.
2. Musiqa.
3. Jismoniy tarbiya.
4. Mehnat tarbiyasi.
5. Harbiy ta’lim.
6. Texnika fanlari.
7. Informatika.
Fanlarning bir-biriga bog‘liqligi nuqtai nazaridan qaralganda har bir yo‘nalishdagi fanlar avvalo o‘z guruhidagi fanlarga ko‘proq bog‘liqdir. Chunki ular bejiz yo‘nalishlarga bo‘linmagan. Lekin, shuni ham aytish lozimki bir yo‘nalishda bo‘lgan fanlarning barchasi ham bir-biriga bog‘liqlik darajasidan kuchli emas. Masalan, aniq fanlar yo‘nalishidagi fizika fani bilan kimyo fanini taqqoslaydigan bo‘lsak, har ikkala fan ham moddaning eng kichik zarralari bo‘lmish atomlardan boshlab o‘rganadi, lekin shunga qaramay bu fanlarning bir-biriga bog‘liqlik darajasi kam. Yoki, amaliy fanlar bo‘lmish tasviriy san’at va musiqa bir yo‘nalishda bo‘lishidan va har ikkalasi ham san’atning turlari bo‘lishidan qat’iy nazar bir-biriga bog‘liqlik darajasi kamdir.
Demak, fanlarning bir-biriga bog‘liqlik darajasini ikki turga, ya’ni kuchli bog‘liqlik va kuchsiz bog‘liqlik darajalariga bo‘lish mumkin. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak matematika, fizika, falsafa, tarix va mantiq fanlari barcha yo‘nalishdagi fanlar bilan kuchli darajada bog‘liq ekanligini ko‘ramiz. Qolgan fanlar esa bir-biri bilan u yoki bu darajada bog‘liqdir. Qaysi fanlarning bir-biriga bog‘liqlik darajasi kuchli bo‘lsa, bu fanlarni o‘qitish jarayonida ushbu fanlarga murojaat ko‘proq qilinadi. Fizika fanini o‘qitish ham xuddi shunday matematika, tarix, falsafa, mantiq, til va adabiyot, jismoniy tarbiya fanlari bilan kuchli darajada bog‘liq bo‘lib, fizika fanlarini o‘qitish jarayonida ushbu fanlarga ko‘proq murojaat qilinadi. Shu sababli fizika fani o‘qituvchisi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan fanlarni yaxshi bilishi, ushbu fanlar taraqqiyotida sodir bo‘layotgan o‘zgarish va yangiliklardan xabardor bo‘lishi zarur. Aks holda o‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha talabalarga to‘laqonli bilim bera olmaydi. Masalan, Sobiq tuzum davrida bizni o‘z yurtimiz millatimiz, qadriyatlarimiz tarixini o‘rganishimizga yo‘l bermadilar. Buyuk ajdodlarimiz bo‘lmish Jaloliddin Manguberdi, Muso al Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr al-Farobiy, Ismoil Buxoriy, At-Termiziy, Boxovuddin Naqshbandiy, Abulqosim Mahmud az-Zamahshariy, Pahlavon Mahmud, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabilarning hayot yo‘llaridan juda kam xabardor edik, ularning ayrimlarini umuman bilmas edik. Istiqlol sharofati bilan ularning qadriyatlari tiklandi. Qadim shaharlarimizning yoshi aniqlanmoqda. Demak tarix fanlarida tubdan o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Bunday o‘zgarish va yangiliklardan bexabar biror fan o‘qituvchisi tarix fani bilan bog‘liq mavzularni o‘quvchi yoshlarga to‘laqonli yetkazib berishi amri maholdir.
Hozirgi vaqtda dunyo mamlakatlarida yuz berayotgan ijtimoiy rivojlanish barcha millat, barcha davlat, shu jumladan O‘zbekiston xalqini ham taraqqiyotdan ortda qolmasligini taqazo etadi. Zero hozirgi davrda mamlakatlar nufuzini faqatgina harbiy qudrat belgilamaydi, balki har bir mamlakat ma’naviy hayoti, madaniyati, ishlab chiqarish salohiyati va sporti ham belgilaydi. Shunday ekan ta’lim tizimi hodimlari bu narsani yaxshi bilishi va bu narsa doim ularning diqqat markazida turishi hamda mamlakat nufuzini, obro‘sini va boshqa mamlakat oldidagi mavqeini oshirish uchun har bir ta’lim xodimi chora izlamog‘i va hissa qo‘shmog‘i kerak. Ta’lim tizimida esa, bunga tinmay ijodiy izlanish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga milliy g‘urur, chuqur bilim, izlanuvchanlik va ijodkorlik fazilatlarini singdira borishi kerak. Shuni ham aytish lozimki, o‘rta asrlarda yashab ijod etgan olimlarimiz faqatgina bir fan sohasida izlanmay, ular dunyoviy ilm sirlarini ochish uchun ko‘plab sohalarda ilmiy ishlar olib borganlar.
Bunga tarixdan ko’plab misollar ko’rsatish mumkin. Fikrimizning isboti sifatida Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr al-Farobiy, Abdul Abbos ibn Kashr al Farg‘oniy, Abu Ali ibn-Sino, Abu Rayhon ibn Axmad al-Beruniy, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek Ko‘rogoniy, Abu Jafar Tusiy, Saloxiddin Muso ibn-Muhammad Qozizoda-Rumiy G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Mavlono Alovuddin Ali ibn- Muhammad Qushchi va boshqalarning bizga qoldirgan ilmiy risolalarini ko‘rsatish mumkin. Ularning har biri dunyoviy ilmlar bo‘lmish falsafa, mantiq, matematika, fizika, astronomiya, tabobat, geografiya va boshqa sohalar bo‘yicha 50-250 gacha ilmiy asarlar yozib qoldirganlar lekin, bu allomalarimiz yozib qoldirgan ilmiy asarlar to‘laligicha bizga yetib kelgan deb ayta olmaymiz. Chunki bu allomalar yashagan davrlarda nashriyot bo‘lmagan. Ular asosan qo‘lda ko‘chirish yo‘li bilan ko‘paytirilgan. Shu sababli ularni minglab nusxada bosib chiqarishning imkoni bo‘lmagan.
Biz yuqorida fanlarning paydo bo‘lishi bir-biriga bog‘liqlik darajalari va ularning nazariy va amaliy fanlar bilan munosabati hamda o‘rta asrlardan to xonliklar davrigacha bo‘lgan ming yildan ortiqroq davrda yashab, o‘zlarining ilmiy ishlari va ijodlari bilan mashhur bo‘lgan O‘rta Osiyolok allomalarning faqatgina bir fan doirasida emas, balki ko‘p qirrali izlanishlari hamda ularning ilm borasida va uning ilm ijodiyotida olib borgan ishlariga qisqacha nazar soldik. XIX asrning II yarim va XX asrga kelib jahon sivilizatsiyasi tezlashib ketdi va fanlar ham o‘z navbatida tarmoqlarga bo‘linib ketdi. Jahon fani misli ko‘rilmagan yutuqlarga erisha boshladi. Bunga elektr quvvatining paydo bo‘lishini, radioaloqaning, temir yo‘l transporti va boshqa transport texnikalarining, harbiy texnikaning paydo bo‘lishini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ayniqsa, inqilobdan so‘ng jahonda bir-biriga qarama-qarshi ijtimoiy-siyosiy tuzimlarning paydo bo‘lishi taraqqiyotni yanada tezlashtirib yubordi. Ishlab chiqarishdagi ko‘plab yumushlar texnika zimmasiga yuklandi va XX asr tarixda “texnika asri” deya nomlandi. Bu esa o‘z-o‘zidan fanlar shug‘ullanadigan muammolar mazmunini chuqurlashtirib yubordi va o‘z navbatida fanlar tarmoqlarga ajray bordi.
O‘rta asrlar hatto keyingi XVII asrlargacha ham ko‘pgina fanlar matematika va falsafa fanlari tarkibiga kirgan. Masalan, fizika fani yunoncha “physus”-tabiat so‘zidan olingan bo‘lib, uning qonunlari barcha tabiatshunoslik bilimlarining asosida yotadi. Shuning uchun ham uni uzoq vaqt va davrlarda tabiat falsafasi deb ataganlar. Tajriba materiallarining ko‘payishi, ularning ilmiy umumlashtirilishi va tekshirish ishlarining takomillashtirilishi natijasida tabiat falsafasidan astronomiya, kimyo, biologiya, geologiya va boshqa tabiiy fanlar, jumladan fizika fani ham ajralib chiqqan. Shuning uchun ham fizika fanining boshqa tabiiy fanlar bilan chegarasi tartibli bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi. Inson bilimining chuqurlashuvi fanlar orasida bir-biri bilan chambarchas bog‘lanish mavjudligini yanada oydinlashtirdi. Buning natijasi sifatida esa astrofizika, fizik-kimyo, biofizika, geofizika kabi fanlar vujudga keldi. Tabiat qonunlarini chuqur o‘rganish bizni o‘rab turgan dunyo materiya ekanligi, ya’ni uning bizning ongimizdan tashqarida mavjudligini ko‘rsatadi. Bizni o‘rab turgan barcha mavjud borliq va bizning o‘zimiz ham, jumladan, fizikada ko‘p foydalaniladigan modda va maydon ham materiyaning ajralmas qismlaridir. Materiya doimo harakatda bo‘ladi, ya’ni vaqt o‘tishi bilan ularning o‘zaro joylashuv, shakli, o‘lchamlari, algoritm holati, fizik va kimyoviy xossalari o‘zgarib turadi. Harakat materiyaning ajralmas xossasi va mavjudlik shartidir. Bu esa o‘z-o‘zidan falsafadir. Shuningdek, falsafa fani tarkibidan tarix, dinshunoslik va boshqa ko‘pgina gumanitar fanlar ham ajralib chiqqan bo‘lib, ular insoniyatning yer yuzida paydo bo‘lishi va evolyutsion rivojlanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilishga, o‘rganishga qaratilgan fanlardir. Demak, yuqorida nomlari ko‘rsatilgan fanlarning ibtidosi falsafa bo‘lib, uni chuqur o‘rganishga intilish bu fanning tarmoqlarga bo‘linishiga sabab bo‘lgan deyish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |