23-modda. Jamiyatga qarashli ulushlar Jamiyatga qarashli ulushlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida ovoz berish natijalarini aniqlash, shuningdek jamiyat tugatilgan taqdirda uning foydasi va mol-mulki taqsimlanayotganda hisobga olinmaydi.
Jamiyatga qarashli ulush u jamiyatga o‘tgan kundan e’tiboran bir yil ichida jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan jamiyatning barcha ishtirokchilari o‘rtasida ularning jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanishi yoxud jamiyatning barcha yoki ayrim ishtirokchilariga va (yoki), agar bu jamiyatning ustavida taqiqlangan bo‘lmasa, uchinchi shaxslarga sotilishi hamda to‘liq to‘lanishi kerak. Ulushning taqsimlanmagan yoki sotilmagan qismining haqi jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) tegishlicha kamaytirgan holda to‘lanishi kerak. Ulushni jamiyat ishtirokchilarining ulushlari miqdorlari o‘zgaradigan tarzda jamiyat ishtirokchilariga sotish, ulushni uchinchi shaxslarga sotish, shuningdek ulushni sotish bilan bog‘liq o‘zgartishlarni jamiyatning ta’sis hujjatlariga kiritish jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qarori asosida amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan, jamiyatning ta’sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar, ulush sotilgan taqdirda esa, jamiyat tomonidan sotilgan ulushning haqi to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar ham yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga jamiyat ishtirokchilari ulushlarining haqini to‘lash yakunlarini tasdiqlash va jamiyatning ta’sis hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida taqdim etilishi shart.
24-modda. Undiruvni jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratish Kreditorlarning talabiga binoan jamiyat ishtirokchisining qarzlari bo‘yicha undiruvni jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratishga qarzlarni qoplash uchun jamiyat ishtirokchisining boshqa mol-mulki yetarli bo‘lmaganda faqat sudning qarori asosida yo‘l qo‘yiladi.
Jamiyat ishtirokchisining qarzlari bo‘yicha undiruv jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratilgan taqdirda, jamiyat kreditorlarga jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymatini to‘lashga haqlidir.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan mol-mulkiga undiruv qaratilgan jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati kreditorlarga jamiyatning qolgan ishtirokchilari tomonidan, agar jamiyatning ustavi yoki jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishi qarorida haq to‘lash miqdorini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda to‘lanishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati undiruvni jamiyat ishtirokchisining qarzlari bo‘yicha uning ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratish to‘g‘risida jamiyatga talab qo‘yilgan sanadan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari ma’lumotlari asosida aniqlanadi.
Agar jamiyat kreditorlari tomonidan talab taqdim etilgan paytdan e’tiboran uch oy ichida jamiyat yoki uning ishtirokchilari undiruv qaratilgan jamiyat ishtirokchisi butun ulushining (butun ulushi bir qismining) haqiqiy qiymatini to‘lamasalar, undiruvni jamiyat ishtirokchisining ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratish uni ochiq kim oshdi savdosida sotish yo‘li bilan amalga oshiriladi.