Oldingi tahrirga qarang. Jamiyatning ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, uning kreditorlari bilan hisob-kitob tugallanganidan so‘ng qolgan unga qarashli ulush, agar qonunchilikda yoki tugatilayotgan yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
(20-moddaning o‘n beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Jamiyatning ustavida ushbu moddaning o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi qismlarida belgilangan ulushning (ulushning bir qismining) o‘tishi va taqsimlanishiga faqat jamiyatning qolgan ishtirokchilari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi nazarda tutilishi mumkin.
Jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining merosxo‘ri tomonidan meros qabul qilinguniga qadar jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining huquqlari vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi, uning majburiyatlari esa shu shaxs tomonidan bajariladi, bunday shaxs bo‘lmagan taqdirda esa notarius tayinlagan boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish, ulushning (ulushning bir qismining) merosxo‘rlarga yoki huquqiy vorislarga o‘tishi yoxud tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari o‘rtasida ulushning (ulushning bir qismining) taqsimlanishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyat ishtirokchilariga murojaat etilgan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida yoki jamiyatning ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning barcha ishtirokchilarining yozma roziligi olingan bo‘lsa yoxud jamiyat ishtirokchilarining birortasidan ham rozilik berishga yozma raddiya olinmagan bo‘lsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish uchun jamiyatning roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyatga murojaat etilgan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida yoki jamiyat ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning yozma roziligi olingan bo‘lsa yoxud jamiyatdan rozilik berishga yozma raddiya olinmagan bo‘lsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Ushbu Qonunda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush (ulushning bir qismi) ochiq kimoshdi savdosi orqali sotilganda, mazkur ulushning (ulushning bir qismining) oluvchisi jamiyatning yoki uning ishtirokchilarining roziligidan qat’i nazar, jamiyatning ishtirokchisiga aylanadi.
(20-moddaning yigirmanchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs (bundan davlat mustasno), agar shaxs bungacha jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga egalik qilmagan yoki ulushning 50 foizidan kamrog‘iga egalik qilgan bo‘lsa, minoritar ishtirokchilarga ulushlarini bozor qiymati bo‘yicha o‘ziga sotishni o‘ttiz kun ichida taklif etishi shart. Jamiyatning ustavida ushbu taklif jamiyat ishtirokchilariga jamiyat orqali yuborilishi nazarda tutilishi mumkin.
Agar jamiyat ishtirokchisining o‘ziga tegishli ulushini sotishi to‘g‘risida o‘ttiz kun ichida yozma roziligi olinsa, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning 50 va undan ortiq foizi egasi taklif etilgan ulushni sotib olishi shart.
(20-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)