1.1-rasm Baholash obyektining qiymatini xususiylashtirish maqsadida baholash quyidagi bosqichlardan tashkil topadi:2
Baholash haqidagi vazifa buyurtmachi tomonidan baholovchi tashkilot bilan birgalikda tuziladi va baholash obyektini baholash to’g’risidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi. Baholash haqidagi vazifada quyidagilar ko’rsatilishi lozim:
baholash obyektining nomi va tavsifi;
baholash sanasi;
baholash maqsadi (maqsadlari) va baholash natijalaridan foydalanish mo’ljali;
baholash maqsadiga muvofiq bo’lgan qiymat turi;
cheklovchi shartlar;
buyurtmachi yoki uning vakili taqdim etishi lozim bo’lgan dastlabki ma’lumotlar ro’yxati;
baholash ishlarini bajarish muddatlari.
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab baholash haqidagi vazifa qo’shimcha shartlarni o’z ichiga olishi mumkin.
Davlat korxonasi yoki muassasasini xususiylashtirishda, agar davlat mulki obyektlarini tasarruf etuvchining qarorlari bilan o’zgacha tartib o’rnatilgan bo’lmasa, baholash obyektining bozor qiymati aniqlanadi. Baholash maqsadlariga qarab bozor qiymati bilan bir qatorda bozor qiymatidan farq qiluvchi boshqa qiymat aniqlanishi ham mumkin. Bozor qiymatidan farq qiluvchi boshqa qiymatini aniqlash zarur hollarda, aniqlanayotgan qiymatning qo’llanish sabablari va uning bozor qiymatidan farqi baholash to’g’risidagi hisobotda ochib berilishi va tavsiflanishi lozim.Aniqlanadigan qiymat turi baholash haqidagi vazifada belgilanishi va keyinchalik baholash to’g’risidagi hisobotda aks ettirilishi va tushuntirilishi lozim.
Baholash obyektini identifikatsiya qilishda baholovchi baholash obyektini va unga bo’lgan huquqlarning amaldagi holatini taqdim etilgan hujjatlarga muvofiqligini aniqlaydi. Shuningdek, baholash jarayonida vujudga kelishi mumkin bo’lgan farazlar va cheklovchi shartlar tahlili amalga oshiriladi. Baholash obyektini identifikatsiya qilish baholovchi tomonidan buyurtmachi va (yoki) uning vakili taqdim etgan hujjatlar asosida baholash obyektini ko’zdan kechirish, o’lchash, fotosuratga olish (zarur holda), uning amalda mavjudligi va holatini tekshirish, obyekt nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan eri, jismoniy tarkibi, texnik tavsifini va baholash obyektining o’ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi boshqa ma’lumotlarni o’z ichiga olgan tavsifini o’rganish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Aktsiyalar, ulushlar (paylar)ni baholashda baholovchi mulkdorning mazkur obyektlarga bo’lgan huquqlarini buyurtmachi yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga, ya’ni: korxona (emitent)ning ta’sis hujjatlariga hamda Qimmatli qog’ozlar markaziy depozitariysi va investitsiya vositachisining ma’lumotlariga muvofiqligini identifikatsiyadan o’tkazishi kerak.
Buyurtmachi bilan kelishgan holda, baholash obyektini (uning tarkibiy qismlarini) identifikatsiya qilish baholash obyekti faoliyatining xususiyati va (yoki) asosiy vositalar birligining miqdoridan kelib chiqqan holda cheklangan xususiyat kasb etishi mumkin. Baholash obyektini identifikatsiya qilishning cheklangan xususiyati baholash haqidagi vazifada cheklovchi shartlar bilan bir qatorda ko’rsatiladi.
Taqdim etilgan hujjatlar bilan baholash obyekti va unga bo’lgan mulkiy huquqlarning amaldagi holati o’rtasidagi tafovutlar aniqlangan taqdirda, baholovchi bu haqda buyurtmachiga va (yoki) hujjatlarni taqdim etgan shaxsga xabar berishi va ularga tegishli tuzatishlar kiritishni talab qilishi shart. Buyurtmachi va (yoki) hujjatlarni taqdim etgan shaxs ularni baholovchining talablari bilan muvofiq holatga keltirishni rad etgan yoki ularga zaruriy tuzatishlarni kiritish mumkin bo’lmagan holda, baholovchi baholashni amalga oshirishdan bosh tortishi yoki baholashni baholash obyektining amaldagi holatidan kelib chiqib, taqdim etilgan hujjatlar va baholash obyektining holati o’rtasida tafovut mavjudligini baholash to’g’risidagi hisobotda aks ettirgan holda amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |