Umuman energiya samarador uy qanday bo’lishi lozimligi to’g’risida jiddiy fikr yuritishlar o’tgan asrning oxirlaridan boshlandi. Bu borada Avstriya, Germaniya, Shvesiya mutaxassislarini avvalo, elektr energiyasi va binoni istitishga ketadigan iqtisodiy sarf-xarajatlarni tejash masalalari qiziqtirdi. Ular tomonidan olib borilgan chuqur izlanishlar natijasida, uyning umumiy energiya samaradorligiga nafaqat izolyasion yoki isitish tizimi kabi ma’lum omillar, balki oldinlari hyech qachon hisobga olinmagan binoning nisbatan yorug’likka qarab qurilishi, qurilish shakli va hokozalar ham ta’sir qilishi aniqlandi.
Hozirgi davrda asosiy e’tibor binolarning energiya iste’molini pasaytirishga qaratilmoqda. Shu narsa aniqlanganki, binolarni isitishga energiya resurslarining (turli mamlakatlarda 20 foizdan 40 foizgacha) sezilarli darajadagi kattagina qismi sarflanadi.
Energiya samarador uylarni loyihalashtirishning asosiy prinsipi – bu ichki haroratni, binoni maksimal germetizasiyalash va muqobil energiya manbalaridan foydalanish hisobiga isitish tizimi va ventilyasiyani qo’llamagan holda maqbul holatda saqlab turish hisoblanadi.
“Energiya samarador” tushunchasi, avvalo, texnika va texnologiyaning eng so’nggi yutuqlari asosida energiya resurslaridan iqtisodiy jihatdan oqilona foydalanishga erishganlikni anglatadi. Uyning maksimal energiya samaradorligiga birinchi navbatda, yakuniy natijani yomonlashtirmagan holda issiqlik yo’qotishni kamaytirish va barcha energiya jarayonlarida issiqlik energiyasidan oqilona foydalanish hisobiga erishiladi
Energiya samaradorlikning ilg’or texnologiyalari xorijiy amaliyotdan ma’lum. Birinchi energiya samaradorli uylarning loyihasi bilan yuqorida ta’kidlanganidek, AQShda shug’ullanishgan. Hozirgi davrda energiya samarador binolarni qurish bo’yicha bir qator ijobiy ishlar Yevropada ham amalga oshirilmoqda. Yevropa
mamlakatlari tajribasiga ko’ra, hattoki, eski me’yorlar asosida qurilgan yashash uy- joylarida ham energiya yo’qotilishini kamaytirish mumkin.
Energiya samaradorli binolarni qurish va ulardan foydalanish borasida G’arbiy Yevropa va Skandinaviya mamlakatlari juda yuqori natijalarga erishgan. Bu yerda qayta yangidan quriladigan uy-joylar va tijorat binolarida issiqlikni tejash 50-70 foizni tashkil etadi. Bunday yuqori darajadagi tejash energiya tejamkor texnologiyalarni qo’llashga ketgan xarajatlarni tezda qoplash imkonini beradi.
Masalan, Daniyada ekspluatasiya qilishda 16 Kvt/m2 sarflaydigan binolar qurilmoqda, bu o’z navbatida joriy energiya sarf-xarajatlaridan 70 foiz pastdir. Energiya samarador uyda quyidagi yo’nalishlarga yo’naltirilgan texnologiyalarga qaratiladi:
-issiqlik yo’qotishni kamaytirish;
-energiya resurslardan oqilona foydalanish;
-elektr energiyani mustaqil ishlab chiqish;
-avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish
Bunday uy nafaqat tashqi kommunikasiyalarga bog’liq bo’ladi, balki umuman olganda o’zi ham energiya manbai bo’lib xizmat qilishi mumkin. Buni uyning o’zida va uni o’rab turgan hududning issiqlik va energiya manbaidan oqilona foydalanish hisobiga amalga oshirish mumkin. Tahlillar ko’rsatishicha, passiv uylarda issiqlik energiyasining solishtirma sarf xarajati eski uy-joy fondi binosiga nisbatan 10 martdan kamroq bo’ladi. Bunda issiqlikni yo’qotish zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni va yuqori samarali issiqlikni saqlovchi materiallardan foydalanish, binoning konstruktiv o’ziga xosliklari hisobiga bartaraf etiladi.
Yevropaning ba’zi bir mamlakatlarida, masalan, Daniya, Germaniya va Finlyandiyada ultrapast iste’molli, ya’ni yiliga 30 kVts/m2 uylarni qurish bo’yicha maxsus maqsadli davlat dasturlari ishlab chiqilgan.
Hozirgi davrda bu borada eng ilg’or hisoblanuvchi Germaniyada passiv uylarning umumiy soni 4000 tadan ko’proqni tashkil etib ko’p miqdordagi yangi qurilayotgan uylar Darmshtatdagi passiv uylar Institutida sertifikasiyadan o’tadi. Sertifikatga ega
bo’lish o’z navbatida katta nufuzni va shunga muvofiq ravishda binoning yuqori narxini ta’minlaydi.
Energiya samarador binolarning ikkinchi turi hisoblangan aktiv turdagi uylar qayta tiklanadigan manbalardan foydalangan tarzda energiyani o’zi ishlab chiqadi. Energiya iste’molining umumiy yillik hajmi past energiya iste’mol qiluvchi uydan farqli ijobiy hisoblanadi.
Aktiv uyning bazaviy parametrlari bo’lib passiv uylar institute (Germaniya) va “Aqlli uylar” texnologiyalari tomonidan ishlab chiqilgan yechimlarning umumlashtirilishi hisoblanadi.
Shu sababli ular nafaqat kam energiya sarflaydigan, balki yana sezilarsiz darajadagi iste’mol qilinishi kerak bo’lgan energiyani ham to’g’ri taqsimlaydi.
Ikkinchi muhim jihati uning binolardagi ventilyasiyalash, temperatura rejimini qo’llab-quvvatlashi, to’g’ri qulay mikro iqlimni yaratishi hisoblanadi.
Aktiv uy – bu nafaqat o’zini, balki mehmonxonani, hammomni va basseynni energiya va issiqlik bilan ta’minlashga qodir bo’lgan uy.
Dunyodagi birinchi aktiv uy Daniyada qurilgan bo’lib, u ham passiv uyga o’xshab kam energiya iste’mol qilishi bilan birga u yana energiya ishlab chiqarishi va uni markaziy tarmoqqa uzatishga qodir bo’lganligi uchun ko’pgina mamlakatlarda mablag’ ham topishi mumkin. Shunday ekan, bunday uylar xarajat manbai emas, balki daromad manbai hisoblanadi. Masalan Daniyadagi yaratuvchi- tadqiqotchilarning tasdiqlashicha, mazkur uylar o’zini 30 yilda qoplaydi. Lekin bunday turdagi uylarni qurish bugungi kungacha passiv uylar kabi ommalashib ketmadi. Sababi, bunday uylarni qurish judayam katta resurs (moliyaviy, moddiy, inson va h.k.) larni va zamonaviy texnologiyalarni talab etadi. Mazkur turdagi uylarni qurish fikrimizcha, yaqin kelajakda ancha ommalashib ketishi muqarrar.
Olib borilgan tahlillarning ko’rsatishicha, pragmatik yevropaliklar o’z uylarining energiya samaradorligini oshirishni uzoq muddatli va foydali investisiya sifatida qarashmoqda.
Ammo uy-joy qurilishida, innovasion texnologiyalarni qo’llash qo’shimcha xarajatlar bilan bog’liq. Agarda bir xil materialdan qurilgan ikkita bir xil uy
olinadigan bo’lsa, ikkinchi binoni qo’shimcha isitish uchun smeta xarajatlarning umumiy qiymati o’rtacha 10-15 foizga ortishi mumkin.
Yana shuni esdan chiqarmaslik lozimki, uy qisqa muddatli naf uchun emas, balki bir necha, ba’zan bir necha o’n yillarga hisob-kitob qilingan holda quriladi. Shuning uchun innovasion zamonaviy energiya samarali va tejamkor qurilish materiallarini va yangi uylarni qurish usulida uzoq muddatli istiqbolga mo’ljal olgan tarzda amalga oshirish lozim. Qo’shimcha isitishga ketgan xarajatlar bir necha yildan keyin o’zini oqlashi mumkin. Bugungi kunda rivojlangan xorijiy davlatlardagidek, kottejni “tezkor” qurilish usullaridan foydalangan holda qurish o’z shaxsiy uyiga odatdagidek, 2-3 yilda emas, balki 2-3 oyda o’tish imkonini bermoqda.
Shunday qilib energiya samaradorli uy-joylarni qurish va ulardan foydalanish borasida to’plangan ilg’or xorijiy tajribalarni o’rganish va tahlil etish natijasida respublikamizda bu sohadagi ishlarni jadallashtirish borasida aniq ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bugungi kundagi muhim va dolzarb vazifalardan sanaladi.
Lekin respublikamiz tarmog’ida innovasion mahsulotlarni qo’llash borasida ko’pincha innovasiyaning ishlayotganligini tasdiqlovchi amaliyotning va ishonchli axborotning mavjud emasligi asosiy to’siq hisoblanadi. Sinaladigan obyektlardagi innovasion mahsulotlar va texnologiyalarni amalda sinab ko’rish mavjud holatdan chiqish imkoniyati bo’lishi mumkin. Bu past qavatli qurilishda innovasion mahsulotlarni keng qo’llash uchun zarur bo’lgan amaliy tajribani to’plash imkonini beradi.
Ushbu binoni qurishdan maqsad yangi yo’nalish doirasida va undan keyin quriladigan barcha binolarda energiya resurslarini tejashga yo’naltirilgan me’moriy va muhandislik yechimlarini qo’llash orqali energiya tejashning umumiy samarasini aniqlashdan iborat bo’ldi. Oxirgi yillarda energiyani samarali foydalanishga yo’naltirilgan turli texnologik binolarni qurish hajmi oshdi va bunday binolarning energiya samaradorligini baholash va loyihalashtirish bo’yicha xalqaro amaliyotda standartlar qoidalar va boshqa normativ xujjatlardan foydalanish rivojlandi.
«Eski binolar» (1970 yilgacha) yiliga 300 kVt∙s/m2 sarflaydi.
«Yangi bino» (1970 yildan 2000 yilgacha) yiliga 150 kVt∙s/m2 dan ko’p sarflamaydi.
«Energiyani past iste’mol qiladigan uy» yiliga 60 kVt∙s/m2 dan ko’p sarflamaydi.
Shunday ekan, binolarning energiya samaradorligiga ta’sir etuvchi asosiy omil bu qo’llaniladigan issiqlik saqlovchining samaradorligi va xizmat qilish muddatidir. Shu sababli so’nggi yillarda Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida xususiy uy qurilishida va passiv uylarni yaratish uchun asosiy komponentlar bo’lib hisoblanuvchi mashhur issiqlikni saqlovchi isitkichlar PIR(PIR)dan keng qo’llanilmoqda.
Odatda energiya samarador binolar ikki turga bo’linadi: passiv va aktiv. Passiv uylar konsepsiyasi shved professori Bo Adamson tomonidan o’ylab topilgan bo’lib, bunday uyga qo’yilgan birinchi talab Skandivaniyaning qahraton qish sharoitida minimal issitish bilan qishni o’tqazish hisoblangan. Energiya samarador yoki bo’lmasa tashqi energiya manbalaridan va tashqi muhitdan maksimal darajada mustaqil bo’lgan “passiv uylar” deb ataluvchi binolarni loyihalashtirish va yaratish to’g’risidagi g’oya o’rtaga tashlangan. Natijada “passiv uylar” konsepsiyasi jahon iqtisodiyotining energiya samaradorligini oshirishda haqiqiy portlash bo’ldi.
Passiv yoki energiya samardor uy (passive house) – bu judayam kam energiya iste’mol qiluvchi uy. Eng muhim jihati, u mustaqil energiya tizimiga ega bo’lib maqbul temperaturani saqlash uchun umuman sarf-xarajat talab qilmaydigan bo’lishi lozim. Passiv uylarni isitish unda istiqomat qiluvchilarning tabiiy issiqliklaridan, maishiy uskunalardan chiqadigan issiqlik va muqobil energiya manbalari hisobiga amalga oshirilishi lozim. Issiq suv bilan ta’minlash qayta tiklanadigan energiyalarni, masalan issiqlik nasoslari yoki quyosh batareyalarini o’rnatish hisobiga amalga oshiriladi.