1.2. Pretsioz adabiyoti va psixologik romanning yuzaga kelishi
Fransuz klassitsizmi shakllanish jarayonida Parij aristokratiyaning adabiy guruhlari faoliyati muhim rol о‘ynadi, ularda burjua ziyolilari yirik namoyandalarining faol qatnashganligi alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu guruhlar о‘z tarkibi, shuningdek adabiy mashg‘ulotlari va qiziqishlarining yо‘nalishlari bо‘yicha turli-tuman va xilma-xil edi. Shunga qaramasdan, ularning hammasi til va adabiyot muammolariga jiddiy qiziqish bildiribgina qolmay, balki adabiy hayotga ta’sir о‘tkazishga harakat qilishar edi. Parij aristokratiyaning ijtimoiy-siyosiy hayoti, qolaversa, falsafiy, badiiy-estetik qarashlari qay darajada milliy adabiyotning rivojlanish yо‘llarini belgilab berishi xususida masala, boshqacha qilib aytganda, qay darajada aristokratik did adabiy asarlar badiiy qadr-qimmatining yetakchi va hamma uchun majburiy bо‘lgan mezoni sifatida tan olinishi mumkinligi haqida masala qizg‘in bahs-munozaralarni tug‘dirardi.
Mazkur dolzarb muammo hal etilishidan Fransiya monarxiyasining adabiyot sohasida olib borayotgan siyosatining yо‘nalishi, binobarin, adabiyotning real, shu kungi mazmun-mohiyati, maqsadi, fransuz jamiyatning keng doiralari qiziqishlariga, intilishlariga u yoki bu darajada mos bо‘lishi tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri bog‘liq edi.
Parijdagi birinchi bо‘lib paydo bо‘lgan adabiyot saloni mazkur masalani aristokratik estetikani qaror toptirish maqsadida hal etishga harakat qildi. Bu salon uning asoschisi Yekaterina de Vivon, markiza Rambulye (Catherine de Vivonne, marquise Rambouillet, 1588-1665) sharafiga atalgan mashhur Rambulye oteli (Hôtel de Rambouillet) edi.
Markiza Rambulye fransuz aristokratlar jamiyatini beadab, qо‘pol va madaniyatsiz deb topib, Parijdagi uyini yaxshi tarbiya kо‘rgan, bilimli va aqlli о‘tkir ziyoli odamlarning yig‘ilish joyiga aylantirishga qaror qildi. San’at va adabiyot mavzularda suhbat qurish uchun qulay bо‘lgan qator shinam mehmonxonalar markiza Rambulye uyida boshqa zodagonlar hashamatli saroylardagi keng zallar о‘rnini bosdi, ayniqsa kо‘plab mashhur insonlarningn sevimli joyiga aylangshan Salon bleu mehmonxonasi mashhur bо‘lib ketdi. 1624-1648 yillar adabiyot salonining gullab yashnagan davri hisoblanadi, uy egasi markiza Rambulye о‘z davrining taniqli faylasuf va adiblarni, ma’rifatparvar olimlarni kutib olardi. Turli davrlarda salonda Malerb, Rakan, Konrar, Balzak, Shaplen, Laroshfuko, madad de Sevinye, madam de Lafayett, madam de Skyuderi, Kornel, Rotru, Bossyuet va boshqa kо‘plab mashg‘ur insonlar qadam ranjida qilgan. Salonda adabiyot mavzularda, yangi asarlar о‘qishardi va u haqda fikrlashardi (“Sid haqida qо‘shiq” chiqqanida salonga keluvchilar fransuz fanlar Akademiya olimlarining ta’na-malomatlaridan himoya qilishdi), madrigal va sonetlarni badiha qilish bilan shug‘ullanishardi, qizg‘in bahslashardi, nihoyat, vaqtni xursandchilikda о‘tkazishardi. Tez orada madam de Rambulye adabiyot saloniga taqlidchilar kо‘payib ketdi; Parijning о‘zida va chekka joylarda “Salon bleu”ga о‘xshagan salonlar ochildi; kо‘p utmay ularda tilga va adabiyotga ortiqcha sertakalluflik, xushomadgо‘ylik, kо‘ngilga teguvchi g‘ayritabiiy uslub (“préciosité”) lar ustun kela boshladi; aynan ushbu uslublarni Molyer о‘zining “Précieuses ridicules” keskin tanqid ostiga olgandi. Madam de Rambulye saloni ahamiyatini baholashda adabiyotshunoslar qarashlari har xil bо‘lib chiqdi: ba’zi birlari fransuz madaniyati tarixida unga katta joy ajratishadi, ayrimlari esa Madam de Rambulye salonini Molyer tanqid qilgan “précieuses” yig‘ilishlarga tenglashtiradi. Har holda “Salon bleu” ziddiyatlri urf-odatlar, g‘ayritabiiy rasm-rusum, qolaversa odob-axloq qoidalarni biroz yumshatishga, keskin vaziyatni pasaytirishga, dushmanlarcha munosabatda bо‘lgan doiralar namoyandalari: shoir va yozuvchilarni olimlar bilan bir-biriga yaqinlashtirishga, ijodkorlarni birlashtirishga, nafis sо‘z san’atiga nisbatan didni shakllantirishga, fransuz tilini tozalashga, va, niyahoyat ayolning jamiyatdagi о‘rnini, ahamiyatini kо‘tarishga о‘z hissasini qо‘shganligi e’tirof etmay iloji yо‘q. [Qarang: Roederer, "Mémoire pour servir à l'histoire de la société polie en France" (P., 1833); Ch. Livet, "Pr écieux et pré cieuses" (P., 1870); Lotheissen, "Geschichte der franz ö sischen Litteratur im XVII Jahrhundert" (t. I, V., 1877); Paul Lacroix, "Le XVII si è cle" (P., 1882); Ad r. Dupuy, "Histoire de la littérature française au XVII siè cle" (P., 1892)].
Hôtel de Rambouillet paydo bо‘lishidanoq uning serhasham xonalarida insoniy his-tuyg‘ular bо‘lmish dо‘stlik, sevgi-muhabbat, nafsoniyat, izzattalablik, shuhratparastlik, iste’dodlilik va qobiliyatsizlik, muvofaqqiyatga erishish, olijanoblik va pastkashlik, diyonat va betavfiqlik, vijdon va riyokorlik xususida uzundan-uzoq suhbatlar, qizg‘in bahs-munozaralar, fikr almashinuvlar kechardi. Bir vaqtning о‘zida til muammolari ham kо‘tarilardi, yangi nazmiy va nasriy asarlar tanqidiy muhokama qilinardi, salonga tashrif buyurganlar о‘rtasida she’riy bellashuvlar о‘tkazilardi. Salonga tashrif buyurganlar orasida, adabiyot masalalariga katta qiziqish bildirgan zodagonlar bilan bir qatorda, taniqli va hali tanilib ulgurmagan adabiyotshunoslar har doim qatnashardi. Ular qatorida Malerb, Gez de Balzak, Vuatyur, Shaplen, Kornel, shuningdek madam de Sevinye va madam de Lafayetlar bо‘lganligi diqqatga sazovor. Salon va undagi ijodiy muhit “pretsioz” nomini oldi (précieux – “bebaho, qimmatli”, keng ma’noda – “nafis, bejamdor” sо‘zidan olingan). “Pretsiozlik” tushunchasi aristokratizm ruhidagi estetikani qamrab olardi, uning negizida zodagonlarning о‘z mavqeining imtiyozliligini saqlab qolish, о‘zlarining estetik ehtiyojlarini qondirishga bо‘lgan intilishlari yotibdi.
Pretsioz aristokratiyaning ushbu “intilish”lari adabiy til muammolarni о‘ziga xos tarzda hal etish yо‘llarini belgilab berardi. Pretsiozlikning ashaddiy tarafdori bо‘lgan yozuvchi Fransua Somez (François Somaite) о‘zining “Le Grand Dictionnaive des Précieuses” (1661) nomli lug‘atida shunday yozgan: “Pretsiozlikka jonini fido etgan madam yoki mademuazel avom tilidan farqli о‘laroq nafis tilda sо‘zlashishi lozim. Shu maqsadda ular eski tilni yо‘q qilib tashlashga va faqat ulargagina xos bо‘lgan mutlaq yangi tilni yaratishga bor kuchlarini sarflashadi”. Bunday maqsadda qaratilganlik, tushunarsiz, ortiqcha balandparvoz va tamtaroqli tilni yaratishga yо‘nalganlik mazkur muammoga nisbatan Malerb va boshqa klassitsizm tarafdorlarining dunyoqarashlariga tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri zid kelardi, negaki unga demokratiya va insonparvarlik g‘oyalariga qarshi qaratilgan ruh xos edi.
Pretsioz aristokratiyaning til masalasida oddiy xalqdan uzoqlashishga, bor aloqani uzishga bо‘lgan intilishlari til boyligi, uning kо‘lami, rivojlanish yо‘llari kengayishiga olib kelmasdi. Pretsioz salonlar Malerb tomonidan til sohasida amalga oshirgan islohotlar natijasida sezilarli darajada qisqargan amaldagi lugaviy material bilan qanoatlanishga, ilojsiz undan foydalanishga majbur edi, ammo istemoldagi tilni yangicha, boshqa taxlitda о‘zgartirishardi, voqiflargagina tushunarli bо‘lgan о‘zgacha, turfa sо‘z birikmalar va iboralar, majoziy ma’no va balandparvoz gaplarni yaratishar edilar. Ayniqsa pretsioz tilga muayyan predmetni itasvirlab beruvchi emas, balki uni shifrlab qо‘yuuvchi perifraza xos edi. Shu kabi perifrazalarning yorqin namunalarini Molyer о‘zining “Ishvali nozima ayollar” (Les précieuses ridicules, 1659) komediyasida keltirgan edi: “nozaninlar maslahatgо‘yi” (kо‘zgu), “suhbat qurish uchun qulay jihoz” (yumshoq kursi), “qalb tori (tovushlari raqsga tushish istagini uygotuvchi skripka) va hokazo. Pretsioz ruhdagi perifrazalar tilning ifodaliligi va manodorligini aslo kuchaytirmasdi. Aksincha, ular muayyan tasavvur va tushuncha, voqea va hodisa, narsa va predmetlarning shakllarini, ichki va tashqi kо‘rinishlarini, moddiy qiyofasini buzib, noaniq, tushunarsiz holatga keltirardi. Ular ikki ma’noli, qochirimli, dudmol yohud kup ma’noli iboralar negizida qurilgan bо‘lib, о‘ziga xos topishmoq, jumboq holda namoyon bо‘lishardi; ularning haqiqiy ma’nosi esa faqat tagma’no yoki muayyan ibora ishlatilishi maqsadga muvofiq sharoit bilan aniqlanar edi. Tilning obyektiv, aniq bilim orrtirish uchun xizmat qiluvchi ahamiyati pasaytirilardi, birinchi о‘ringa sо‘zlovchining subyektiv fikri chiqardi, nutq tamtaroqli, balandparvoz va yasama, sun’iy xarakterga ega bо‘lib yangrar edi. Pretsioz tilning о‘ziga xos xususiyatlari poeziyaning mazmun-mohiyati va vazifalarini tushunish bilan chambarchas bog‘liq edi. Pretsiozlik tarafdorlari uchun she’riyat kam sonli nozik aql, did-farosat egalarining qismatidek yangrar edi. Ular uchun she’riyat – bu tuqima, sо‘z о‘yini, vaqtixushlik edi, unda mazmunga kо‘ra shakl kо‘proq ahamiyatga ega edi. Shoir bardosh bilan yengib о‘tgan mashaqqatlar darajasi pretsioz she’riyati estetik va badiiy boyligining mezoni edi. Bir muncha vaqt Parijda yashagan va fransuz pretsioz tarafdorlarining “buyuk shoiri” bо‘lgan italiyalik Djambattista Marino (1569-1625) ning: “E del poet ail fin la maraviglia” xitobi bu fikrning dalilidir. Ushbu shoirning she’rlari – bir-biriga qadalgan, bitmas-tuganmas turli-tuman va xilma-xil metafora, muqoyasa, mubolag‘a, parafraza, taqlid, tajnis va hokazolarning tо‘plami edi. U fransuz shoirlarni eng sodda fikrlarni ham imkon boricha murakkab, chigallashtirilgan holda fioda etishga о‘rgatdi.
Yevropada hukmronlik surgan klassitsizm adabiyotidan ancha chetda turgan qahramonlik va realistik roman janri taraqqiy etishi bilan bir qatorda, XVII asr о‘rtalarida klassitsizm doirasida, badiiy proza asarlari paydo bо‘ladi va sezilarli darajada ta’sir kо‘rsata boshlaydi.
XVII asr о‘rtalarida klassitsizm ruhidagi badiiy prozaning yirik va kо‘lam keng markazi, shubhasiz, mashhur Por-Royal (Port-Royal) monastiri edi; bu yerda iyezuit (aqidaparast, jaholatparast katolik ruhoniy) lar bilan olib borilgan ayovsiz kurash olovida birinchi faylasuflar tarbiya kо‘rdi va toblandi, aynan shu dargohda davrning yirik nasrnavisi Blez Paskal ulg‘aydi va ma’naviy-publitsistik adabiyotning rivojlanish yо‘lini uzoq vaqtga belgilab berdi. Shak-shubhasiz, Paskal ta’siri ostida ijod qilgan adiblar orasida birinchi о‘rinni uning zamondoshi, gersog Laroshfuko (duc de La Rochefoucauld, 1613-1680) egallagan. Laroshfuko bilan birga fransuz adabiyotiga zodagonlar davrasining boshqa yirik va atoqli namoyandalari ham kirib keldi – adabiy ijodda asosan ermak, vaqtichog‘lik va quruq gapdan iborat suhbat qurishni kо‘rgan “aristokrat mualliflar” (les auteurs mondains), “aqli о‘tkir, zukko ijodkorlar” (beaux esprits). Ular orasida mashhur “Malika de Klev” romanining muallifi Mari – Madlen de Lafayet (Marie – Madeleine de La Fayette, 1634-1693) ham bor edi. «Malika de Klev» (La Princesse de Clèves, 1678) romani yaratilishi madam de Lafayetning о‘sha paytlari “Maksimalar”ini tugatayotgan gersog Laroshfuko bilan tanishuvi davriga tо‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |