Mustaqil o‘zlashtirish uchun
Тilga zo‘rovonlik yoki mashhur lingvistik jinoyatlar
Zo‘rovon siyosat tilda ham o‘zining mash’um izlarini qoldirgan holatlar tarixda ko‘p. Ulardan eng mashhuri Buyuk Fransuz inqilobi davriga tegishli. Bu inqilobning muhim merosi, bir tomondan, erkin qomusiy fikrlashga keng yo‘l ochganligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tilni zo‘rlik bilan sindirishga ilk urinishlarni amalga oshirganligi. Inqilob hukumati an’anaviy oy nomlari, murojaat ifodalaridan voz kechish siyosatini qo‘llagan. Masalan, rasmiy murojaat uchun sitoyen (“shaharlik”) ifodasini qo‘llash majburiyligi belgilab qo‘yilgan.
Rossiya inqilobchilari ham faranglardan qolishmadi. Ularga taqlidan Rossiyada 1917-yilgi Fevral inqilobidan keyin grajdanin so‘zi rasmiy murojaat tusini oldi. So‘ngra tovarish so‘zi ham ommalashtirildi. Eronda Islom inqilobidan keyin birodar so‘zi shunday taqdirga ega bo‘lgan. Bu so‘zlarning barchasi rasmiy bo‘yoqdor bo‘ldi, lekin jonli til xazinasidan joy olmadi.
O‘tgan asrning 60–70 yillarida grajdanin, o‘rtoq so‘zlari o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi – sobiq sovet rejimi davrida mahbuslar, mahkumlar huquq-tartibot xodimlarini o‘rtoq emas, balki grajdanin so‘zi bilan atash shart qilib qo‘yildi.
Buyuk Fransuz inqilobi davriga kelib, fransuz tilidagi ozodlik, shuhrat, vatan so‘zlari har doim qurbonlik talab qiladigan, qonga tashnalik mohiyati bilan yo‘g‘rildi. Xalq dushmani atamasi Fransiyadan keyin sobiq SSSRda xalqni, millatni mustaqil, ozod ko‘rishga intilganlar uchun tavqi la’nat mazmunini kasb etdi. Bunday holatni Germaniyada reyx dushmani, Eronda islom dushmani birikmalari misolida ham ko‘rish mumkin.
Germaniyadagi natsistlar hukumati 1936-yil 22-avgustda barcha rasmiy hujjatlarda o‘lgan nemis askarlarini “halok bo‘lgan” (gefallenen) deb emas, balki “o‘ldirilgan” (ermordeten) deb rasmiylashtirish haqida qaror qabul qildi. Bu “nemis askari vijdonli dushman bilan bo‘lgan urushda halok bo‘lmadi, balki vijdonsizlar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirildi” degan g‘oyani ifodalash uchun xizmat qilishi mo‘ljallandi. Fashistik rejimda volk (“xalq”), deutsch (“nemis”), blut (“qon”), boden (“tuproq”) so‘zlari vermaxt natsional-sotsializmining asosiy tushunchalari sifatida rasmiylashtirildi.
SSSR tarixi darsliklari Rossiya imperiyasi egallagan hududlarga nisbatan tarixiy haqiqatga zid ravishda “bosib olish” so‘zi o‘rniga “qo‘shib olish” ifodasini rasmiylashtirdi.
SSSR qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirgach, sovet mafkurasi afg‘on qarshilik harakati a’zolariga nisbatan dushman so‘zini rasmiylashtirdi. Holbuki, mantiqan, bu so‘zning bostirib kirgan tomonga nisbatan istifoda qilinishi to‘g‘riroq bo‘lar edi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Vyetnam urushi davrida tilni suiiste’mol qilishning o‘ziga xos namunalarini ko‘rsatdi. Urush AQSH hududidan ancha yiroqda bo‘lganligi uchun mamlakat jamoatchiligini tinchlantirish maqsadida harbiy ma’muriyat qator evfemistik vositalarning OAVda qo‘llanishini rasmiylashtirgan. Masalan, appeasement (“tinchlantirish”) so‘zi “butunlay tor-mor qilish”, self protektion (“o‘zini himoya qilish”) birikmasi “bombardimon qilish”, friyendli fire (“do‘stona olov”) qurilmasi
“bilmasdan o‘z tomonidagilarni otib qo‘yish” ma’nosida evfemistik qo‘llanib, manipulyativ maqsadlarga bo‘ysundirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |