Tilshunoslik fanining o‘rganish ob’yekti. Tilshunoslik xususiy va umumiy tilshunoslik sohalaridan iborat. Xususiy tilshunoslik ma’lum bir tilning lug‘at tarkibi, fonetik sistemasi va grammatik qurilishi, shuningdek, tarixiy taraqqiyot yo‘llarini o‘rganarini o‘rganadi va bir tilni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Umumiy tilshunoslik esa undan farqlangan holda, tilning kelib chiqishi, ijtimoiy mohiyatini, jamiyatdagi o‘rni, vazifasini, taraqqiyot yo‘llarini, til bilan tafakkurning bir-biriga uzviyligini, barcha tillarning o‘zaro munosabatini o‘rganadi hamda tillarni tekshirish usullarini yaratadi. Umumiy tilshunoslik ayrim tillarni yoki bir guruh tillarni o‘rganish, tekshirish natijasida aniqlangan til hodisalarini, til dalillarini umumlashtirib, umumiy xulosalar chiqaradi va xuddi shu asosda til qonuniyatlarini aniqlab beradi.
Demak, “Tilshunoslikka kirish” fani tilning boshqa hodisalar ichida tutgan o‘rni, tuzilishi, uning taraqqiy etish qonuniyatlarini, til haqidagi fanning asosiy tushunchalarini o‘rganadi, talabalarni tilshunoslik fanida qo‘llaniladigan terminlar, tushunchalar tizimi bilan tanishtiradi. Bu “Umumiy tilshunoslik” fanining dastlabki bosqichi bo‘lib, murakkab til hodisalari va ularning qonuniyatlarini to‘g‘ri anglab yetish, ayrim bir til, qarindosh va qarindosh bo‘lmagan tillar guruhlarini bir-biriga solishtirib, tilning lug‘at tarkibi, fonetik tizimi va grammatik qurilishini ilmiy asosda chuqur o‘rganish uchun nazariy va amaliy jihatdan zamin yaratishga xizmat qiladi.
“Tilshunoslikka kirish” fani tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, til va tafakkur, til va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar, tilning jamiyatdagi o‘rni, ichki tuzilishi, tillarni tasniflash, uni tahlil etish usullari kabi umumiy masalalarni ham o‘rganadigan fandir. Shunga ko‘ra tilshunoslik umumiy tilshunoslik va xususiy tilshunoslikka bo‘linadi. Umumiy tilshunoslik til bilan tafakkur, tilning kelib chiqishi, jamiyatdagi o‘rni, taraqqiyot yo‘llarini, xususiy tilshunoslik esa ma’lum bir tilning lug‘at tarkibi, fonetik sistemasi va grammatik qurilishini o‘rganadi.
Tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bevosita jamiyat va uning taraqqiyoti bilan bog‘liq, chunki jamiyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida sodir bo‘lgan voqea va hodisalar tilda aks etmay qolmaydi. Tilning paydo bo‘lishi ham bevosita jamiyat bilan bog‘liq. Ayni paytda jamiyat, undagi voqea-hodisalar, uning rivojlanishi tilda aks etadi. Shu tufayli jamiyat tarixini o‘rganishda jamiyatshunoslar, tarixchilar lisoniy dalillarga murojaaat qilsalar, tilshunoslar esa, o‘z navbatida, tillarning kelib chiqishi va rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda tarix faniga murojaat qiladilar.
Shuningdek, til tilshunoslikdan tashqari falsafa, mantiq, jamiyatshunoslik va boshqa fanlar tomonidan ham o‘rganiladi. Ma’lumki, tafakkurga daxldor masalalar mantiq ilmida o‘rganiladi. Til va tafakkur bir-biri bilan uzviy bog‘langan, biri ikkinchisisiz yashay olmaydigan hodisalardir, chunki tafakkur tilda yashaydi, har qanday nutq asosida esa tafakkur yotadi. Shu tufayli mantiq ilmida tafakkur qonuniyatlari bilan birga, fikrning tilda aks etishi o‘rganilishi tabiiy.
Bulardan tashqari tilshunoslar tilga oid masalalarni hal qilishda etnografiya, antropologiya, geografiya, fizika, fiziologiya, psixologiya, matematika va boshqa fanlarga oid materiallar va xulosalardan ham foydalanadilar. Ko‘rinadiki, til faqat tilshunoslik emas, balki boshqa fanlarning ham o‘rganish sohasi sifatida namoyon bo‘ladi va bunda har bir fan o‘ziga taalluqli ob’yektlarni, mavzularni ajratib oladi.
O‘rganish sohasi nuqtai nazaridan tilshunoslik ikki katta guruhga ajratiladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |