1. Ekstralingvistika sotsiolingvistika va mentalingvistikani o‘zida birlashtiradigan, tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganuvchi fandir. Bunda sotsiolingvistika tilning tabiati va ijtimoiy vazifasini, mentalingvistika esa til va tafakkur, tilning mazmun tomonini o‘rganadi.
2. Intralingvistika tilning ichki tizimini, uning birliklari va kategoriyalari, tilning yaruslari hamda ularning tuzilishini o‘rganadi. Fonologiya, leksikologiya va grammatika intralingvistikaning asosiy bo‘limlari hisoblanadi.
3. Komparativistika qiyosiy-tarixiy tilshunoslik sifatida hind -yevropa tillarining fonetikasi va morfologiyasini qiyosiy o‘rganish asosida paydo bo‘ldi. Qiyosiy tilshunoslikda areal lingvistika, tillarni geneologik va tipologik tasniflash masalalari ham o‘rganiladi.
4. Kommunikativ lingvistika tilni aloqa-aralashuv vositasi sifatida o‘rganadigan, til va nutq, ularning munosabati, uning jamiyatdagi asosiy vazifasi va o‘rni masalalari bilan shug‘ullanadigan sohadir. Til kishilik jamiyatidagi asosiy ijtimoiy hodisa sifatida kommunikativ, ekspressiv va akkumulyativ vazifalarni bajaradi.
“Kommunikativ” so`zi rus tilidan olingan lingvistik atama bo`lib, “fikr almashuvga oid” degan ma’noni ifodalaydi. Kishilarning o`zaro aloqa-aralashuvda o`z fikr-mulohazalarini, istak-xohishlarini, ichki kechinmalarini ifoda etib, bir-birlariga axborot yetkazishlari, ya’ni tilning jamiyatda aloqa vositasi funksiyasini bajarishi uning kommunikativ vazifasi hisoblanadi.
“Ekspressiv” so`zi latincha so`z bo`lib, asl ma’nosiga ko`ra “kuchaytirilgan” demakdir. Bu atama tilshunoslikka ko`chma ma’nosi bilan kirgan bo`lib, “kuchli hissiy obrazlilik xususiyati” degan ma’noni ifodalaydi. Tilning asosiy vazifasi kommunikativ funksiya bo`lsa-da, biroq kishilar aloqa-aralashuv jarayonida bildirilayotgan fikrga yoki tinglovchiga yetkazilayotgan axborotga o`zlarining turli tipdagi hissiy-ta’siriy, ya’ni emotsional munosabatlarni ham qo`shib ifodalaydilar. Bu hodisa, ya’ni tilning suhbatdoshga ta’sir ko`rsatish xususiyati uning ekspressiv vazifasi deyiladi. Emotsional munosabatlar suyish, erkalash, nafrat kabi insonga xos bo`lgan qator jihatlarni qamrab oladi.
Til faqat kishilar o`rtasidagi aloqa vositasi bo`lmay, millatlararo, davlatlararo aloqa quroli hamdir. Bundan tashqari til kishilik jamiyatida asrlar davomida to`plangan tajriba va bilimlarni kelajak avlodga yetkazish uchun ham xizmat qiladi. Tilning bu xususiyati uning akkumulyativ vazifasidir (“akkumulyativ” lotincha “to`plash”demakdir). Tilga xos bo`lgan akkumulyativ vazifa ba’zi lingvistik adabiyotlarda tilning gnoseologik funksiyasi deb ham yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |