Birinchidan, Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa ob’yektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etadi.
Ikkinchidan, Xalq qabulxonalariga sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish huquqi berilmoqda.
Uchinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborot hamda hujjatlarni so‘rash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega bo‘ldi.
To‘rtinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va ko‘rsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish huquqi berildi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, bildirilgan bunday yuksak ishonchni oqlash, berilgan huquq va vakolatlardan faqat va faqat qonun doirasida, xalq va davlat manfaatlari yo‘lida foydalanish Xalq qabulxonalari xodimlarining ham insoniy, ham fuqarolik, ham davlat xizmatchisi sifatidagi muqaddas burchi sanaladi. Shu bilan bir qatorda, ularning qonun asosida, xolis va adolatli faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy va tashkiliy zamin yaratilishi muhim amaliy ahamiyatga ega vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan Farmonda mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilib, Xalq qabulxonalari mas’ul xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etishning yangi tartibi belgilangan.
Unga ko‘ra, Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari mudirlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Prezidentning tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari mudirlari – Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Xalq qabulxonalarining boshqa xodimlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Xalq qabulxonalarining boshqaruv xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi.
Farmonda shuningdek Xalq qabulxonalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xodimlarning oylik maoshlarini sezilarli darajada oshirish, xizmat avtotransport vositalari bilan ta’minlash, faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Kadrlar masalasi haqida so‘z borar ekan, Xalq qabulxonalarining kadrlari tarkibini aholi bilan bevosita ishlash uchun zarur bo‘lgan bilimga, tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga, yuksak ma’naviy-axloqiy va psixologik fazilatlarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, ularning muntazam ravishda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilangani muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda Xalq qabulxonalari xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Shular qatorida Xalq qabulxonalarining yangilangan nizomi, ularning sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibi, Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Misol uchun, Xalq qabulxonalarining aholi muammolari bilan ishlash samaradorligi indeksini aniqlashda uyma-uy yurish orqali o‘rganib chiqilgan uy xo‘jaliklari, ijtimoiy va boshqa ob’yektlar, muammolarni hudud darajasida hal etilishi holati, respublika darajasida hal etilishi belgilangan muammolarni hal etish uchun zarur choralar ko‘rish darajasi, muammoni hal etishning o‘rtacha muddati kabi mezonlarga tayanilishi rejalashtirilgan.
Prezident farmonidan kelib chiqadigan vazifalarni ijro etish asnosida endi mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati konkret mahalladagi ijtimoiy infratuzilmalar, iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy muhit, ijtimoiy soha ob’yektlarining holatidan kelib chiqib, «namunali», «yaxshi» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratilgan holda baholanadi. Bu shundan dalolat beradiki, endilikda turli dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda birinchi navbatda eng og‘ir hududlarga e’tibor qaratilib, muammolarni yechish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalariga aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning hududlarda amalga oshirilishini, shu jumladan,
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilib borish vazifasi yuklatildi.
Vazirlar Mahkamasiga «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Yoshlar – kelajagimiz!», «Har bir oila – tadbirkor» va boshqa davlat dasturlari ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalariga taqdim qilib borilishi hamda uy-joylar, yo‘l qurilishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari, kanalizatsiya va boshqa kommunal xo‘jalik ob’yektlari, ijtimoiy soha maskanlarini qurish va ta’mirlash reja-dasturlari hamda boshqa davlat dasturlari, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tuman va shahar kesimida joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.
Farmonda yana bir muhim masala yechimi ko‘rsatib o‘tilgani katta amaliy ahamiyatga egadir.
Unga ko‘ra «Hudud» axborot tizimi yanada takomillashtirilib, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi.
Natijada Xalq qabulxonalari xodimlari, sektorlar shtablari a’zolari qog‘oz ko‘rinishida turli hujjatlarni to‘ldirish, yuritish, rasmiylashtirish, saqlash kabi ishlardan xalos bo‘lib, asosiy vaqtini fuqarolar bilan ko‘proq bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish uchun uzoq hududlarga chiqish ishlariga safarbar etadi.
Mazkur tadbirning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘limlari faoliyati hamda ular ko‘rsatadigan xizmatlarga oid tartib-qoidalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, mobil ilovalar, veb-saytlar, elektron to‘lov vositalari orqali aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi fuqarolarimizning ham vaqtini, ham mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda, 2019-yilning 1-iyuliga qadar barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat bo‘linmalari veb-saytlarini, 2020-yilning 1-yanvariga qadar tuman va shahar bo‘linmalari veb-saytlarini tashkil qilish vazifasi qo‘yilgani fuqarolarning davlat organlarining hududiy bo‘linmalariga bevosita elektron tarzda murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |