2. Areal lingvistika. Areal lotincha agea – «maydon», «kenglik» so'zidan olingan. Areal lingvistika tilshunoslikning bir bo'limi bo'lib, lingvistik hodisalarning muayyan kenglikda tarqalishini va tillararo (dialektlararo) munosabatni lingvistik geografiya metodlari asosida o'rganadi.
Areal linvgistikaning asosiy vazifasi til xususiyatlarining hududiy bo'linishini tavsiflash va izogolossalarni talqin qilishdan iboratdir. Natijada dialektlar, tillar va areal jamoalar (til ittifoqlari) o'rtasida o'zaro ta'sir maydonlari (areallari) aniqlanadi.
Areal lingvistika atamasi tilshunoslikka M.J.Bartoli va J.Viddassi tomonidan 1943 yili olib kirildi. Uning asosiy tamoyillari 1925 yiliyoq M.Bartoli tomonidan olg'a surilgan.
Areal lingvistika lingvistik geografiya va dialektologiya bilan chambarchas bog'liq.
Uning markaziy tushunchasi til yoki dialekt arealidir. Boshqacha aytganda, ayrim lingvistik hodisalarning tarqalish chegarasi va ularning yig'indisi. Shuningdek, areal atamasi ayrim tillar va tillar guruhining tarqalish chegarasini ifodalash uchun ham qo'llaniladi. Masalan, turkiy areal, hind-ovrupo areali va h.k.
Areal lingvistikaning yana bir markaziy tushunchasi izoglossadir.
Tilning barcha sathlari uchun mazkur tushuncha xarakterli bo'lib, sathlararo yana konkretroq atamalar bilan farqlanadi: fonetik izoglossalar uchun izofonlar, leksik izoglossalar uchun izolekslar, semantik taraqqiyot uchun izosemlar va h.k.
Izoglossalar bog'liq va konvergent izoglossalarga bo'linadi. Bularning birinchisi bir genetik umumiylikka ega bo'lgan tillarda rivojlanadi va ularni tiklash uchun qiyosiy-genetik tadqiqotlar usulidan foydalaniladi.
Konvertgent izoglossalar esa uzoq davrlar bir hududda yaqin aloqada bo'lish natijasida areal umumiylikning vujudga kelishi asosida hosil bo'ladi. Bunday izoglossalar tipologik tahlil usullari asosida aniqlanadi.
Areal lingvistikaning shakllanishida dialektologik va lingvistik atlaslar katta o'rin tutdi.
Areal lingvistikaning paydo bo'lishi va rivojlanishida A.Meye, Bartoli, B.A.Terrachini, J.Bonfante, V.Pizani singari olimlarning xizmati alohida ajralib turadi. Ular ushbu yo'nalishning nazariy asoslarini, tushunchaviy apparatini belgilab berdilar.
Turkiy tillarni areal nuqtai nazardan o'rganishda N.Z.Gadjiyeva, A.B.Jo'rayev singari olimlarning xizmatlari katta. Ayniqsa, A.B.Jo'rayevning o'zbek tilini areal o'rganishning nazariy asoslarini belgilab berishdagi xizmatlarini alohida ta'kidlash lozim.
Asosiy adabiyotlar:
1.Nurmonov A., Yo'ldoshev B. Tilshunoslik va tabiiy fanlar. – Toshkent: Sharq, 2002.
2.Nurmonov A. O’zbek tilshunosligi tarixi. – Toshkent: O’zbekiston , 2002.
3.Бородина М.А. Проблемы лингвистической географии. – М.-Л., 1966. 4.Шерматов А. Лингвистик география нима? – Тошкент, 1981.
5.Шоабдураҳмонов Ш.Ш. Ўзбек тилининг диалектологик атласи // Ўзбек тили ва адабиёти. 1969. №3
Do'stlaringiz bilan baham: |