Gaz yonilg‘i sifatida. Avtomobil transportida gazsimon yonilg‘i siqilgan yoki suyultirilgan ko‘rinishda qo‘llaniladi. Agar uglevodorodlarning kritik harorati avtomobillar ekspluatatsiyasining oddiy haroratidan past bo‘lsa, ular odatda siqilgan ko‘rinishda (siqilgan gazlar), agar yuqori bo‘lsa – 1,5...2,0 MPa bosim ostida suyultirilgan ko‘rinishda (suyultirilgan gazlar) qo‘llaniladi.
Siqilgan gazlar. Siqilgan gaz avtomobillarda ishlatiladi. U tabiiy gazlardan, neftga yo‘ldosh gazlardan, koks gazlari va sh.k.lardan olinadi. Siqilgan gazlarning asosiy komponentlari: metan, uglerod oksidi, vodorod hamda azot, karbonat angidrid, suv bug‘lari, serovodorod, ammiak va boshqalar. Siqilgan gazlardan gaz magistrallari yaqinida joylashgan qishloq joylarda hamda gaz qazib olinadigan va unga ishlov beriladigan joylarda foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Siqilgan tabiiy gazlar suyultirilgan neft gazlariga nisbatan quyidagi afzalliklarga ega:
– xavfsizroq, chunki yengil bo‘lganligi sababli biror joydan oqib chiqsa, havoga uchib ketadi;
– arzonroq;
– tabiiy zaxirasi ko‘proq;
– ishlangan gazlari ekologik tozaroq bo‘ladi.
Siqilgan gazlar normal haroratda, hatto yuqori bosimda ham, gazsimon holatini saqlaydi. Suyuq holatga ular –82 ºC dan past haroratda va 4,5 MPa bosimda o‘tadi. Asosiy komponenti – metan, bundan tashqari, tarkibida boshqa uglevodorodlar hamda karbonat angidrid, kislorod, azot, suv, mexanik aralashmalar ham bor.
Tabiiy kondagi gaz tarkibida metan 82...98 %, etan 6 % gacha, propan 1,5 % gacha va propan 4...20 % bo‘ladi.
Neft konlaridagi yo‘ldosh gazlar tarkibida metan 40...82 %, etan va propan 4...20 % oralig‘ida bo‘ladi.
Tabiiy gazning ikki: A va B markalari ishlab chiqariladi, ular bir-biridan metan va azot miqdori bilan farqlanadi.
Energetik parametrlari bo‘yicha 1 m3 tabiiy gaz 1 l benzinga tenglashtiriladi.
Siqilgan gazlar uchun gazballon apparaturasining asosiy kamchiligi – uning massasidir. 200 MPa bosimli, hajmi 50 l bo‘lgan legirlangan po‘latdan tayyorlangan ballonning og‘irligi 62,5 kg, agar ballon uglerodli po‘latdan tayyorlangan bo‘lsa – og‘irligi 93 kg bo‘ladi. To‘liq to‘ldirilgan 8 ta ballon 200...280 km yo‘l o‘tilishini ta’minlaydi.
Benzin siqilgan tabiiy gazga almashtirilganda dvigatel quvvati 18...20 % ga kamayadi, tezligi – 5...6 % pasayadi, tezlikni oshirish vaqti 24...30 % ga uzayadi.
Siqilgan tabiiy gazni qo‘llashning samaradorligini oshirish yo‘lari:
siqish darajasini 10 gacha oshirish;
dvigatel silindrlari to‘lishi koeffitsiyentini oshirish (kiritish quvurlari diametrini kattalashtirish, kirishda gaz qizishining oldini olish yo‘llari bilan);
gaz taqsimlash fazalarini o‘zgartirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |