§. TINTUV O‘TKAZISH PSIXOLOGIYASI
Voqea joyini ko‘zdan kechirishdan farqli o‘laroq, tergovchining izlov faoliyati tintuv vaqtida ko‘pincha qidirilayotgan narsalar topilishidan manfaatdor bo‘lmagan shaxslar bilan bevosita muloqot sharoitida, o‘zlarining protsessual maqomiga ko‘ra tergovchining harakatlari samaradorligini, individual psixologik, kasbiy xislatlarini va uning shaxsiga xos boshqa jihatlarni baholash uchun bevosita imkoniyatga ega bo‘lgan shaxslarning ochiqchasiga ruhiy qarshilik ko‘rsatishi sharoitida amalga oshiriladi77.
Psixologik jihatdan tintuv murakkab va o‘ziga xos tergov harakati hisoblanadi. Uning asosiy elementlaridan birini tintuv qilinayotgan shaxsga nisbatan majburlash tashkil qiladi. Tintuv vaqtida tergovchi va unda ishtirok etayotgan boshqa mansabdor shaxslar jinoyatni tergov qilish uchun zarur ma’lumotlar topish maqsadida uy-joyni, turli imoratlarni, hududlarni, kiyim-kechak va hatto insonning badanini ko‘zdan kechira- dilar va tekshiradilar.
Tintuv yashirilgan (ko‘pincha bila turib yashirilgan) obyektlarni qidirib topish bo‘lib, ko‘zdan kechirishdan farqli ravishda tergovchiga ushbu harakat oldiga qo‘yilgan maqsadning ma’lumligi, biroq shu bilan birga qidirilayotgan obyekt qayerda ekanligini aniqlash yo‘llarining nihoyatda noaniqligi xos bo‘ladi.
Tintuv - shaxslarni, predmetlarni, xonalarni ongli ravishda yashi- ringan obyektlarni topishda faol va maqsadga yo‘naltirilgan holda idrok etilgan, keyinchalik to‘plangan ma’lumotlarni analiz va sintez qilishdan iborat bo‘lgan tergov harakati. Tintuv hodisa joyini ko‘zdan kechirishdan yana shunisi bilan farq qiladiki, uning obyekt geografiyasi juda ham kengdir. Tintuv o‘tkazishda organ xodimlarining faoliyati jinoyatchining ataylab yashirgan narsalarini topishiga qaratiladi. Tintuv o‘tkazishdan avval tintuv o‘tkazuvchining bunga to‘liq asosi bo‘lishi kerak.
Tintuvning psixologik o‘ziga xosligi:
majburlash xarakteriga egaligi;
ziddiyatli holatlarning yuzaga kelishi;
aniq holatdagi tintuv;
yuqori muammoli holatlar (ziddiyatli)
Tintuv o‘tkazish dastlabki tergovning kechiktirib bo‘lmaydigan harakat- laridan biri bo‘lib, u jinoyatni ochishda jinoyat izlarini topish va ularni yo‘q bo‘lib ketishining oldini olishga qaratilgan harakatdir. Har qanday tintuv harakatlari o‘tkazilishida qonun tergovchi uchun asos bo‘ladi.
Tintuv olib borish yashiruvchi va qidiruvchi shaxslar psixologiya- sidagi qarama-qarshiliklar kurashidan iborat. Tintuv psixologik jihatdan og‘ir va o‘ziga xos tergov harakatlaridan biri hisoblanadi.
Yashirilgan narsani topish uchun tergovchi ikki turdagi faoliyatni amalga oshirishi lozim:
muayyan obyektlar qayerda ekanligini topishdan iborat qo‘yilgan vazifani fikran hal qilish, buning uchun yashirgan shaxsning fikriy jarayonlari va harakatlarining ehtimol tutilgan ketma-ketligini ochib berish;
tergovchining o‘zi yashirilgan narsani izlab topish borasida harakatlar qilishi.
Tintuv qilinayotgan shaxsning boyliklar yoki jinoyat qurollarini yashirish borasidagi harakatlarining fikriy modelini tuzish tintuvga tayyorgarlik ko‘rishning majburiy elementi hisoblanadi. Buning uchun refleksiya usulidan foydalanish, ya’ni tergovchi o‘zini tintuv qilinayotgan shaxsning o‘rniga qo‘yib ko‘rishi (kasbi, ma’lumoti, xarakteri va odatlarini, qiziqishlari va boshqalarni inobatga olishi) lozim.
Tergovchi tintuv o‘tkazilayotgan shaxsning obyektni yashirish usuli va joyi haqidagi masalani hal qilish chog‘ida uning fikrlash yo‘llarini bilishi juda muhim. Odatda har qanday inson obyektni yashirish haqidagi masalani mavjud amaliy imkoniyatlar, obyektning xususiyatlari, kasbiy bilimlari va, nihoyat, o‘zining aniq ruhiy xususiyatlarini inobatga olgan holda hal qiladi. Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqadiki, tintuv o‘tkaziladigan insonning shaxsini, hayotining barcha shart-sharoitlarini avvaldan o‘rganish nihoyatda muhimdir. To‘plangan ma’lumotlar ko‘p jihatdan refleksiv tafakkur - yashirilgan obyektlarni izlash usullarini aniqlash imkoniyatlarini oshiradi.
Tintuv tergovchining asoslantirilgan qarori bo‘yicha amalga oshiriladi. Qarorga tintuv nima sababdan va qayerda o‘tkazilishi, shuningdek, qaysi boyliklar, narsa va hujjatlar olib qo‘yilishi lozimligi ko‘rsatiladi. Qarorda (u tintilayotgan shaxsga ko‘rsatilgani bois) oshkor etilishi tergovning borishiga xalal berishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bo‘lmas- ligi kerak. Tintuv faqat prokurorning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmas hollarda u bunday ruxsatsiz ham o‘tkazilishi mumkin, ammo bir sutka ichida bu haqda prokurorga xabar berilishi shart.
Tintuvga, bir tomondan, tergovchi va tintuvning boshqa ishtirokchilari hamda, boshqa tomondan, tintilayotgan shaxs maqsadlarining qarama- qarshiligi xosdir. Tintuvning majburlash xususiyatiga egaligi hamda unda ishtirok etayotgan shaxslar maqsadlarining qarama-qarshiligi deyarli doimo nizoli vaziyatlarni keltirib chiqaradi.
Tintuv, tergov harakati sifatida, yorqin ifodalangan izlov xususiyatiga ega. Demak, ichki ishlar organlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarning xodimlari ayblanuvchi tomonidan yashirilgan jinoyat qurol- lari, narsa va boyliklarni topishlari zarur. Tergovchi tintuv o‘tka- zayotganida odatda uni o‘tkazishning shart-sharoitlari, olib qo‘yilishi lozim bo‘lgan obyektlar, ularning qayerda ekanligi haqida juda cheklangan ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Ushbu omillar tergovchining yashirilgan narsalar qayerda ekanligi haqida axborot olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tintuv o‘tkazish tergovchidan turli-tuman psixologik xislatlar, kasbiy bilim, uquv va ko‘nikmalarini namoyon etishini talab etadi. U tintuvning muvaffaqiyatiga yordam beradigan omillardan foydalanishi mumkin va kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |