Anglanganlik bonuni. Oddiy, lekin murakkab qonun, ya’ni berilgan materialni qanchalik chuqur anglasak, shunchalik uni xotirada mustahkam muhrlagan bo‘lamiz.
Qiziqish qonuni. Anatol Frans «Bilimlarni yaxshi hazm qilish uchun uni ishtaha bilan yutish kerak» deganda, albatta, materialga jonli qiziqish bilan munosabatda bo‘lishimiz va uni yaxshi ko‘rishimiz kerakligini nazarda tutgan.
Ilgarigi bilimlar qonuni. Ma’lum mavzu yuzasidan bilimlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, yangisini esda saqlab qolish shunchalik oson bo‘ladi. Masalan, ilgari o‘qigan biror kitobni qaytadan o‘qib, uni yangidan o‘qiyotganday his qilsangiz, siz ilgarigi tajribangizni his qilishingiz mumkin. Demak, eski bilimlar tajribaga aylangandagina yangilariga zamin bo‘la oladi.
Eslab qolishga tayyorgarlik qonuni. Biror materialni eslab qolishdan avval, bo‘lg‘usi aqliy ishga qanday hozirlik ko‘rgan bo‘lsangiz, shunga mos tarzda eslab qolasiz. Agar materialni mutaxassis bo‘lishim uchun juda kerak deb, muhimligini anglasangiz, u narsa xotirada muhim saqlanadi.
Assotsiatsiyalar qonuni. Bu qonun haqida eramizdan avval Arastu ham yozgan. Qonunning mohiyati shundaki, bir vaqtda shakllangan tasavvurlar xotirada ham yonma-yon bo‘ladi. Masalan, muayyan xona o‘sha yerda ro‘y bergan hodisani ham eslatadi.
Ketma-ketlik qonuni. Harflarni alifbodagi tartibida yoddan aytish oson, uni teskarisiga aytish qiyin bo‘lganidek, xotirada ham ma’lumotlarni ma’lum tartibda joylashtirishga va kerak bo‘lganda, tartib bilan birin-ketin tiklash maqsadga muvofiqdir.
Kuchli taassurotlar qonuni. Eslab qilinadigan narsa to‘g‘risidagi birinchi taassurot qanchalik kuchli bo‘lsa, unga aloqador obraz ham shunchalik yorqin bo‘ladi va siz uchun ahamiyatli ma’lumotlar oqimida eslanayotgan material ham yaxshi esga tushadi.
Tormozlanish qonuni. Har qanday yangi ma’lumot o‘zidan oldingi ma’lumotni tormozlaydi. Oldingi ma’lumotning o‘chib ketmasligi uchun, yangini esda saqlashdan avval, uni mustahkamlash choralarini ko‘rishingiz kerak8.
Ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatida «kasbiy xotira - xodimning ilgari idrok etib amalga oshirgan, boshidan kechirgan, tezkor xizmat faoliyatiga aloqador va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni eslab qolish, esda saqlash va keyinchalik yana xotirada qayta tiklash xususiyatlarini ifodalovchi xislat»9.
Ichki ishlar idoralari xodimlaridan faoliyatini tashkil etishda xotiraning muvaffaqiyatga erishtiruvchi asosiy jarayonlarini bilish talab etiladi. Xotirada axborotni eslab qolish, keyin esga tushirish jarayoni subyekt faoliyatida katta ahamiyat kasb etadi va bu axborotdan qanday maqsadda foydalanishga bog‘liq.
Faoliyatning maqsadi bilan bevosita bog‘liq material ko‘proq esda qoladi, u hatto astoydil esda saqlash jarayonidan ham kuchli bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash joizki, esda saqlash jarayonida his-tuyg‘ularning ham ta’siri kuchli bo‘ladi. Kuchli hissiyot ta’sirida axborot esda yaxshi saqlanadi.
Voqea-hodisalar his-tuyg‘ularni qo‘zg‘atsa (ya’ni kechirilgan hissiyotlarning qayta-qayta qo‘zg‘alishi natijasida), fikr yuritish qobiliyati yoki aqliy faoliyat yanada faollashadi.
«Shaxs ongidagi qabul qilingan yoki qabul qilinmagan axborotlar ko‘p hollarda ahamiyatga ega bo‘lmay qolganda turli muddat ichida yoddan ko‘tarilishi kuzatilgan. Bu holat axborotning shaxs faoliyatidagi ahamiyati bilan emas, balki hayoti yoki faoliyatida vujudga kelgan yangi sharoitlar, o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, uning birlamchi ahamiyatini susaytirib yuborishi mumkin»10.
Tergov jarayonida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ayni vaziyatda ularga qaysi bir holat ahamiyatli bo‘lsa (ijobiy yoki salbiy ta’sir), o‘sha holatni eslashi mumkin. Xodim guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga xos alohida xususiyatlarni hisobga olishi, shaxsning ko‘tarinki (optimistik) yoki tushkun (pessimistik) kayfiyatiga qarab bir xil vaziyatni turli shaxslar turlicha talqinda (yaxshi va yomon taassurotlar asosida) eslab qolishi mumkinligini inobatga olishi zarur. Sodir etilgan jinoyat tafsilotlarini guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi turlicha talqin qilishi, eslab qolishi va yodga olishi kuzatilgan.
Xotiraning idrok qilinishi ongda saqlanish muddatiga qarab qisqa va uzoq muddatli bo‘lib, ularning ishlash mexanizmi ham turlicha bo‘ladi. Har qanday voqea-hodisa, avvalo, birlamchi qisqa muddatli xotira blokiga tushadi. Ishlatilish ahamiyatiga qarab uzoq muddatli xotira blokiga o‘tishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |