Mamlakatimizda huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonining borishi ichki ishlar idoralari xodimlari zimmasiga bir qator yangi vazifalarni yuklaydi.
Kasbiy psixologiyaning asosiy vazifasi shaxsning ichki his- tuyg‘ularini o‘rganish, jinoyatning kelib chiqishining subyektiv va obyektiv sabablarini o‘rganishdir.
Shu bilan birga, bu fanni o‘rganish jarayonida quyidagi omillarga alohida e’tibor muhimdir:
huquq yo‘nalishida ta’lim olayotgan mutaxassislarning kasbiy qobiliyatlarni har tomonlama rivojlantirish;
kasbiy sezgirlik, xotira, tafakkur, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lish va psixologik aloqa o‘rnatish mahoratiga ega bo‘lish.
Kasbiy psixologiya fani ana shu vazifalarning maqsadi va ko‘lamidan kelib chiqqan holda quyidagi bir qator vazifalarni bajaradi: huquqiy va psixologik bilimlarni chuqur o‘rganish hamda ularni ilmiy jihatdan sintezlash;
yuridik tushuncha va kategoriyalarning yuridik-psixologik mohiyatini ochib berish;
huquqiy munosabatlarga kirishayotgan subyektlar o‘rtasidagi psixik jarayonlarni o‘rganish va ularning ruhiy holatlarini ko‘rsatish;
jamiyatning ijtimoiy holatini tartibga solishni yanada takomillashtirish uchun tavsiyanomalar ishlab chiqish;
ichki ishlar idoralari xodimlari uchun psixologik xizmat ko‘rsatish taktikasi va metodikasini ishlab chiqish.
Shu ma’noda, ichki ishlar idoralari xodimlari uchun psixologik bilimlar jinoiy-huquqiy kategoriyalar (ayb, motiv, maqsad, jinoyatchi shaxs va boshq.)ni va alohida huquqiy vazifalar, ya’ni sud-psixologik ekspertizasini tayinlash, jinoyat tarkibini klassifikatsiya qilish (yengillashtiruvchi holatlar, JKning 55, 98, 106-moddalari)da muhim ahamiyatga ega.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar Kasbiy psixologiyani fan sifatidagi ahamiyatini aytib bering.