Qonuniyatning ifodalanishi. Bu tekshirishning eng qiyin va mas’uliyatli bosqichi hisoblanadi. Chunki bu bosqichda ma’lumotlarning mohiyatini chuqur tushunish, ularning o‘zaro bog‘liqlikni hisobga olish kerak bo‘ladi, binobarin, bitta ma’lumotdan turlicha xulosa chiqarish mumkin. Ko‘pincha chiqarilgan xulosalar taxminiy xususiyatga ega bo‘lib, keyingi tekshirishlar, aniqlashlar uchun asos bo‘ladi.
Qonuniyatni amalda qo‘llash. Aniqlangan qonuniyat ma’lum bir amaliyot sohasida, masalan, tergov jarayonida gumon qilinuvchini so‘roq qilish psixologiyasini o‘rganishdan to‘plangan tajriba keyingi tergov jarayoni uchun kerak bo‘ladi. Ko‘pgina xodimlar amaliy faoliyatlarida hamisha shaxsiy hamda boshqalarning tajribalarini umumlashtiradilar. Lekin, shunday bo‘lsa ham, har holda bunday umumlashtirishlar ilmiy jihatdan yetarli asoslangan bo‘lmaydi, boshqacha qilib aytganda muhim aniqlik va teranlik bilan ajralib turmaydi.
Kasbiy psixologiya fani o‘rganishi kerak bo‘lgan qonuniyatlarni quyidagi uch guruhga ajratish mumkin:
ichki ishlar idoralari xodimlarining shaxsi va ish faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan psixik qonuniyatlar;
jinoyatchi shaxsining psixikasini o‘rganishga qaratilgan psixologik qonuniyatlar;
ichki ishlar idoralariga har xil sabablar bilan murojaat qiladigan fuqarolarning psixologiyasini o‘rganishga qaratilgan psixologik qonuniyatlar. Hozirgi kunda o‘zbek psixolog olimlari ushbu muammolar ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.
Kasbiy psixologiyaning o‘ziga xos prinsiplari mavjud. Har qanday usulda o‘tkaziladigan psixologik tekshirishlar qator prinsiplarga rioya qilishni talab etadi. Masalan: subyektiv (psixologik) asosga nisbatan obyektiv (moddiy) asosning birlamchiligi, psixikaning taraqqiyotida faoliyatning yetakchilik roli, psixik hodisalarning o‘ziga xos bog‘liqligi prinsipi, psixologik faoliyatni o‘rganishda obyektivlik prinsipi, nazariya bilan amaliyotning bog‘liqligi prinsipi.
Subyektiv asosga nisbatan obyektiv asosning birlamchiligi prinsipi psixika moddiy bo‘lmasa ham moddiylikdan ayri holda yashay olmasligidan kelib chiqadi. Shaxsni o‘rganishda biz psixik faoliyatning ko‘plab tashqi ko‘rinishlariga duch kelamiz. Ulardan asosiylari:
og‘zaki va yozma nutq. Psixolog uchun shaxsning o‘zi (shaxsiy hisobot ma’lumotlari) haqidagi mulohazalari g‘oyat muhim hisoblanadi. Nutq orqali shaxslarning fikrlari, hissiyotlari, qarashlari, intilishlari, bilimi va boshqalar haqida xulosaga kelish mumkin;
shaxs faoliyatining mahsuli. Shaxslar psixikasi haqida ularning o‘z qo‘llari bilan yasagan buyumlar, asbob-uskunalar, turli yasamalar, rasmlar va boshqalar aniqroq ma’lumot beradi;
psixik faoliyatning tashqi ko‘rinish va tanada namoyon bo‘lishi. Bu ko‘z qarashining ma’nodorligi, yuz mimikasi, imo-ishora, nafas olish va qon aylanishining o‘zgarishi, miya elektr faolligining o‘zgarishi va hokazo.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish zarurki, bunday holatda faqat psixikaning tashqi namoyon bo‘lishigina emas, balki psixikaning o‘zi tashqi namoyon bo‘lishiga qarab ham o‘zgaradi. Agar tergovchi yoki aybdor masalan, so‘z yozishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Ushbu faktni aniqlash (bir harf o‘rniga boshqa harf yozilgan)dan avval xatoning sabablarini bilish lozim.
Psixikani tashqi namoyon bo‘lish shakli orqali o‘rganish vositali bilish deyiladi. Psixologiya fani tarixida uzoq yillarga qadar psixikani o‘rganishning asosiy metodi sifatida o‘z-o‘zini kuzatish (introspensiya) metodidan foydalanib kelingan. Biz o‘z ichki dunyomizni bevosita his qilamiz. Psixologiya uchun o‘z-o‘zini kuzatish metodi o‘ta qulay tuyuladi. Lekin masalaga bunday qarash xatodir, chunki o‘z-o‘zini kuzatish ko‘pincha umumiydan oddiy yoki tasodifiyni farqlash imkonini bermaydi, psixik faoliyat jarayonini noto‘g‘ri ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |