Psixologik-pedagogik diagnostikaning asosiy tamoyillari.
sixologik testlar va so'rovnomalardan to'g'ri foydalanish maqsadida bir qator ehtiyot choralarning mavjudligi, ularni amaliyotda qo'llash samarasini oshiradi. Diagnostik metodlarni qo'llanilishi va yoyilishi har bir mamlakatning axloqiy standartlari yoki professional axloq kodeksiga bo'ysunishi kerak. Psixolog (tashxischi)ning professional axloqiy kodeksi zamirida insoniyat manfaatiga xizmat qiluvchi fanning shakllanishi orqali ayrim individlarning muvaffaqiyati va huquqlarini himoya qilishdek qadriyatlar bo'lishi maqsadga muvofiqdir. Psixodiagnostika sohasi bilan uzviy bog'langan, hozirgi G'arb va Amerika psixologiyasi fanida ma'lum echimga ega bo'lgan quyidagi asosiy axloqiy muammolar mavjud:
Diagnostik metodlarni qo'llaydigan mutaxassis malakasining darajasi
Diagnostik metodlarni malakali tadqiqotchilar tomonidan qo'llanilishi talabi, ularni noto'g'ri ishlatilishidan mijozni himoyalashdagi birinchi qadam hisoblanadi. Albatta, zarur malaka diagnostik metodlar yo'riqnomasidan kelib chiqqan holda o'zgarib boradi. Masalan, individual intellekt testlari shaxsiy so'rovnoma va testlardan o'quv va professional faoliyatdagi muvaffaqiyatni testlash jarayoniga nisbatan maxsus psixologik tayyorgarlikni talab qiladi.
Yaxshi malakaga ega bo'lgan psixolog (tashxischi) shunday metodikalarni tanlay bilishi kerakki, bu shaxsiy maqsad uchun o'tkazilayotgan diagnostik jarayonga ham, tekshirilayotgan konkret kishi uchun ham mos tushsin. Shuningdek, u tanlangan metodikalarga aloqador ilmiy adabiyotlarni o'rgangan hamda texnik ko'rsatkichlar hisoblangan norma, validlik va ishonchlilik xarakteristikalarini yaxshi o'zlashtira olgan bo'lishi kerak. Ma'lumki, qo'lga kiritilgan tashxis natijalari, uni o'tkazishdagi turli vaziyatlarga nisbatan og'uvchanlik xususiyatini namoyish etadi. Shuning uchun psixodiagnost xulosalarni tekshiriluvchiga aloqador qator qo'shimcha ma'lumotlar asosidagina diagnostik baholashdan so'ng bayon etadi. Eng muhimi, olingan natijalari asosidagi noto'g'ri tahlillar kelib chiqmasligi uchun u psixologik bilimlardan etarlicha xabardor bo'lishi kerak. Agar psixologik diagnostik soha boshqa mutaxassislari bo'lmagan kishilar tomonidan olib borilsa, imkon boricha jarayonga malakali psixologning ham ishtiroki kerak. Chunki u tadqiqotni samarali olib borishdagi zarur sharoitlarni yaratib bera oladi va olingan natijalarni to'g'ri tahlil qilishda ko'maklashadi.
Kimni malakali psixolog (tashxischi) sifatida hisoblash mumkin? Ma'lumki, tadqiqot sohalar qo'llashning xilma-xilligi va ularga asoslanadigan maxsus tayyorgarlik oqibatida birorta ham psixolog barcha yo'nalishlar bo'yicha umumiy malakaga ega bo'la olmaydi. Jumladan, amaliy psixologiya asoslarini yaratadigan psixologlar, ayrim sohalardagi professional standartlar talabiga javob bermaydigan usullarni qo'llamaslik va kompetentlik doirasidan chetga chiqmaslikni muhim shart sifatida e'tirof etadilar. G'arbda ilmiy yoki davlat korxonalarida ish olib boruvchi mutaxassis bilan mustaqil faoliyat yurituvchi amaliy psixolog o'rtasida o'zaro farq mavjud sanalgan. Chunki, mustaqil amaliy psixolog malakali hamkasblar fikrlari va xulosalariga tashkilotda faoliyat yurituvchi mutaxassisga nisbatan juda kam hollarda qo'yshilishadilar. Vaholanki, tashkilot mutaxassislari Amerika psixologik uyushmasi nizomiga asosan, professional malaka borasida yuqori darajadagi talablarga javob berishi kerak. Shu bois ham, kishilarni sifatli psixologik tadqiq qilish jarayonida professional me'yorlarning ko'lamini oshirish maqsadida malakali psixologlarga lisenziyalar va guvohnomalar taqdim etiladi.
Diagnostik metodlarni qo'llash
Diagnostik metodlarni qo'llash huquqi ma'lum malakaga ega bo'lgan mutaxassislarga beriladi. Hozirda esa, bu huquqdan boshqa soha vakillari ham foydalanmoqda. Amerikalik psixologlar fikriga ko'ra, metodikalarga ega bo'lish uchun mutaxassis (psixolog) yoki uning to'g'ri qo'llanilishi uchun ma'suliyatni o'ziga olgan kishilargina imzolari bo'lgan taqdirda foydalanishlari maqsadga muvofiqdir. G'arbiy Evropa psixolog (tashxischi)larining axloq qoidalarida diagnostik metodlarni tarqatilishini cheklash taklif etilgan. Bu cheklanishlar mohiyatan ikki xil mazmunga ega:
metodikalar mohiyatini oshkor etmaslik;
metodikalardan noo'rin foydalanishning oldi olish.
SHuningdek, boshqa qo'shimcha professional ma'suliyat cheklashlar mualliflar tomonidan yaratilayotgan yangi metodikalarning sotilishi bilan bog'liq. CHunki, ularni kishilarda qo'llash uchun taqdim etishda etarli darajadagi obektiv asoslar bo'lishi kerak. SHu bois, diagnostik metodlarni yaratuvchi (muallif)lar zimmasidagi ma'suliyatga uzluksiz ravishda metodikalarning eskirib qolishini oldish olish, tekshirish va standartlashtirish jarayonlarini amalga oshirish kiradi. Amerikada metodikalar va ularning asosiy qismlarini gazeta, jurnal hamda risolalarda keng miqyosda yoritishyoki o'z-o'zini baholash uchun nashr qilish man etiladi. Mashhur mutaxassis A.Anastazi, bunday vaziyatlar nafaqat metodikalarning samarasizligini, balki, kishi psixikasiga salbiy ta'sir qilishdek katta xatolarga olib kelishini alohida ta'kidlab o'tadi.
Yana bir G'arbda keng tarqalgan, ammo professional talablarga javob bermaydigan faoliyat turi sirtqi xat orqali testlashtirishdir. Ma'lumki, yuborilgan test blanklari orqali mijozning qobiliyatlar yoki shaxs xususiyatlarini aniqlashga oid testlarni bajarish jarayonini to'g'ri amalga oshirilgan, deb baholab bo'lmaydi. Chunki testlashtirishni nazoratsiz amalga oshirish va qo'shimcha psixologik ma'lumotlarni inobatga olmaslik ijobiy natijaga qaraganda ko'proq salbiy oqibatlarni yuzaga keltirib chiqarish mumkin.
Tadqiqot natijalarini sir saqlashning ta'minlanganligi
Shaxsiy testlarni qo'llash bilan bog'liq bo'lgan savollar shaxsga daxldor ma'lumotlarga ega bo'lish omil orqali izohlanadi. Diagnostlar uchun bu, subektning shaxsiy, emotsional, motivasion xususiyatlarini o'rganishdagi testlar mazmuni hamda baholangan natijalarini mijoz uchun ma'lum qilinmagan va anglanmagan holatda namoyon bo'lishi kerakligi nozik masala hisoblanadi. Buning uchun kishilar biron-bir tadqiqotda aldangan holatda ishtirok etishlari mumkin emas. SHu bois, qo'llaniladigan psixodiagnostik metodlarning foydalanish maqsadi va usullarini chuqur anglay bilishning o'zi etarli darajada ahamiyatga ega. Psixologik tadqiqotlar va qo'llaniladigan barcha testlardeyarli shaxsning ichki sir-asrorlar bayon etish imkoniyatiga ega. Bu borada, faqat professional mutaxassisgina vaziyatni inobatga olib o'z ma'suliyatiga suyangan ravishda tadqiqot olib borishi hamda xulosa chiqarishi talab qilinadi.
Biror korxona yoki jamiyatning qiziqishi tufayli tadqiqot olib borilayotgan bo'lsa, unda ishtirok etayotgan sinaluvchi o'z natijalarini qanday baholanganligi xususidagi ma'lumotga ega bo'lishi lozim. Shaxs haqidagi olingan barcha ma'lumotlar sir saqlanishini A.Anastazi, ikki yo'nalishdagi omil izohlaydi: "relevantlilik” va "ma'lum etilgan rozilik”. Sinaluvchining berayotgan ma'lumotlari diagnostikani maqsadiga mos kelishi relevantlilik deb yuritiladi. Buning ahamiyatli tomoni shundan iboratki, barcha amaliy harakatlar aniq, diagnostik maqsad uchun metodika validligini o'rnatishga qaratilgandir. Faqatgina mazkur holat ma'lumotning validligi va relevantligini ta'minlab bera oladi.
"Ma'lum etilgan rozilik” - tadqiqotda ishtirok etayotgan sinaluvchi jarayon maqsadi, olingan natijalar xarakteri hamda ularni amalda qo'llash mumkinligi haqida ma'lum etish bilan izohlanadi. Lekin sinaluvchiga test namunalari yoki bayonnoma blankalari ko'rsatilishi ta'qiqlanadi. Bunday ma'lumot testning haqiqiyligi va kuchini yo'qolishiga xizmat qiladi.
Konfidensiallik
Ma'lumotlarni sir saqlash kabi konfidensiallik muammosi ham barcha psixodiagnostlar diqqat markazida turgan masalalardan biridir. Bu masala negizida: "Diagnostik natijalarga kimning huquqi bor?”, - degan savol doimo ko'ndalang turadi. SHu bois, bir tomonda, testning asl mohiyatini bayon etmaslik va uning baholarini noto'g'ri talqin qilish xavfini mavjudligi bo'lsa, ikkinchi tomonda, mijoz uchun tadqiqot natijalarini bilishning obektiv zarurati turadi.
Hozirgi davrda mijozlar tomonidan tadqiqot natijalariga ega bo'lish huquqini anglab etish holatlari kuchaydi. SHuningdek, ular o'z javoblariga izoh talab etish imkoniyatiga ham egadirlar. Natijada psixolog (tashxischi) uchun diagnostik natijalarni noto'g'ri tahlil qilishga qaratilgan chora-tadbirlarga rioya qilish mas'uliyatining ahamiyati ortadi.
Jumladan tadqiqot tashkilotlarda, masalan, maktabda ishga qabul qilinayotgan vaqtda yoki sud ishlari jarayoni olib borilayotgan sharoitda bo'lsa, sinaluvchi izlanishning maqsadi, natijalari va kim tomonidan amalga oshiralayotganligi xususida oldindan xabardor bo'lishi kerak. SHu bois, mazkur vaziyatlarda sinaluvchidan ma'lumotlar taqdim etishi uchun rozilik olinadi. Bu holat maslahatxona, shifoxona va hattoki ilmiy tadqiqotlar maqsadida amalga oshirilayotgan testlashtirishga ham taalluqlidir.
Tadqiqot natijalarini e'lon qilish
Psixologlar tadqiqot natijalaridan mazmunli va yaroqli holda foydalanish uchun, ularni mijozga qay tarzda ma'lum qilish usullarini izlash bilan mashg'uldirlar. Ma'lumki, olingan ma'lumotlarni shundayligicha uzatish mumkin emas. Uni psixologik axloq kodeksiga nazarda tutilgan talablardan kelib chiqqan holda amalga oshirish zarur. Test ma'lumotlarini qanday ko'rinishda uzatishdan qat'iy nazar (majlis sharoitidami, xat orqalimi, yozma ravishdami), uning eng muhim shartlaridan biri, axborotni sonlar shaklida emas, balki bajarilganlik darajasini psixologik tahlil qilish yo'li bilan amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Har qanday psixodiagnostik tadqiqot natijalarining e'lon qilish jarayonida ma'lumot uzatilayotgan kishini xarakter xususiyatlari inobatga olinishi kerak. Bu, uning psixologok bilimlar doirasidagi ma'lumotlilik darajasigagina taaluqli bo'lmay, balki natijalar asosida chiqarilgan ma'lumotga nisbatan bo'lgan emotsional reaksiyasiga ham aloqadordir. SHu sababdan, mijozga diagnostika natijalarini etkazish vaqtda nafaqat tahlil, balki vaziyatga nisbatan ijobiy individual yondoshish ham emotsional tahlikani oldini olishga qaratilgan bo'ladi.
Diagnostika nazariyasi va uning metodikalarini ilmiy asoslanganligi
Diagnostika - obektni yaxlit ravishda genetik va tizimli tahlil qilish, ularni modellashtirish, qo'llaniladigan metodikalar, ko'rsatkichlarning ilmiy asoslanganligi, olingan natijalar interpretasiyasining ishonchliligi, aniqligi, validligini puxta ishlab chiqilgan metodik asoslar bilan ta'minlanganligi orqali izohladi. Ilmiy asoslanganlik tamoyilida qo'llanilayotgan metodikalarning etnik, ijtimoiy muhitga, jumladan, diagnostika o'tkazilayotgan o'quv yurti, akademik guruh va audiatoriyaga mosligi talab qilinadi. Bu tamoyilga amal qilish pedagogik-diagnostikalarni amalga oshirish jarayonida turli xil engil ("ko'ziga yaxshi ko'ringan” yoki "qo'liga tushib qolgan”) metodikalarni bilib-bilmay qo'llashdan saqlaydi.
Diagnostikaning izchilligi va aniq yo'nalganligi
Psixologik-pedagogik diagnostika boshqa psixodiagnostik va pedagogik diagnostikadan farqli ravishda aniq yo'nalish obekt va maqsadga qaratilgan bo'ladi. SHu sababli diagnostik faoliyat (jarayon)ning natijalari umumiy xulosalar, abstrakt mulohazalardan emas, balki aniq shaxs (talaba)ga, guruhga tegishli bo'lishi lozim. Aniq xulosalar orqali kamchiliklarni bartaraf qilish va yordam berishning yo'nalganligini ko'rsatib berish mumkin.
Diagnostika shakl va metodlarini optimalligi
Qo'llanilayotgan metodikalar va talabaga yondoshish usullarining mavjudligi amaliyotchi psixolog, pedagog yoki psixodiagnostga kam kuch va vaqt sarflab sinaluvchi haqida muhim, sifatli hamda katta amaliy ahamiyatga ega ma'lumotlar yig'ish imkoniyatini beradi. Diagnostikaning shakl va metodlari optimalligini ta'minlashda esa, psixodiagnostika sohasidada ko'p yillar davomida qo'llanilib kelinayotgan qulay, oddiy va samarali metodlarni qo'llash kerak bo'ladi.
O'rganilayotgan obekt haqida faktlarni yig'ish, bayon qilish va to'g'ri yo'lga solishning birligi
O'rganilayotgan obekt haqida ma'lumotlar yig'ish ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish va kamchiliklarni bartaraf qilish uchun o'quv yurti rahbarlari hamda, pedagoglarga psixologik-pedagogik yordamlar berish, to'g'ri yo'lga solish, qo'llab-quvvatlash kabi vazifalarning birgalikda olib borilishini ta'minlaydi.
Diagnostikaning ketma-ketligi va uzluksizligi
Diagnostikaning bosqichma-bosqich amalga oshirishish o'quv jarayoni va talabani o'zlashtirishiga xalaqit berayotgan omillarni ochish imkoniyatini yaratadi. Olingan natijalardan keyingi bosqich ta'lim-tarbiya jarayonlarida uzluksiz foydalanish zarurligini yuzaga chiqaradi.
Diagnostika metodlari va jarayonlarining qulayligi hamda ommabopligi
Diagnostika metodlarini oddiyligi ya'ni uning amaliy psixologlar, pedagoglar, o'quv yurti rahbarlari hamda tekshiriluvchilar uchun qulayligi, nistaban ulardagi qiziqish va intilishni uyg'otishga xizmat qilishni ta'minlovchi tamoyil hisoblanadi.
Diagnostikaning kompleksliligi
Bu tamoyil talaba shaxsini individual-psixologik xususiyatlarini psixik jarayonlarining rivojlanganlik darajasini va o'quv faoliyatining boshqa jihatlarini o'rganish uchun tanlangan metodlar va metodikalar uni bir butun holda, har tomonlama o'rganish, ta'riflash, yondoshish imkonini berishda yuzaga chiqadi. Diagnostik metodikalarning bir-biri bilan bog'liq bo'lishi va to'ldirishi bu tamoyilning asosiy talablaridandir.
Diagnostikaning talaba rivojlanishi kelajagini, oqibatlarini oldindan ko'ra olish (bashorat qilish) imkonini bera olishi
Har qanday psixologik-pedagogik diagnostika talabaning kechagi yoki bugungi kundagi rivojlanish darajasini va o'quv jarayonining tashkil qilinganlik ko'rsatgichini izohlash berish bilan cheklanib qolmasligi lozim. Diagnostik jarayonda o'rganilayotgan obektning "kelajagi”, ertangi kuni, taraqqiyot an'analari ma'lum omillarning ta'siri oqibatida ochib berilishi kerak. SHu holdagini, faraz mohiyatidan kelib chiqqan holda ta'lim-tarbiya jarayonida yo'l qo'yilayotgan xatolar va talaba taraqqiyoti davrida ko'zga tashlanadigan kamchiliklarni bartaraf qilish imkoniga ega bo'lamiz. Bu esa, psixologik-pedagogik diagnostika metodlarining prognostik bo'lishi tamoyilini taqozo etadi.
Mavzu bo'yicha nazorat savollari:
1.Psixodiagnostika haqida tushuncha.
2.Psixodiagnostikaning tarixi.
3.Psixologik-pedagogik diagnostikaning asosiy tamoyillari.
Foydalanilgan adabiyotlar:
T.Melcherti"Foundations of Professional Psychology" 2011.115-145-betlar
Do'stlaringiz bilan baham: |