Binobarin, kasbni ongli ravishda tanlash shaxsning muayyan «etukligi»ni, xususan ma’lum umumiy ma’lumot darajasiga ega bo‘lishni, mehnatga tayyorgarlik, ishlashga shaylik, kasb tanlashga qiziqish, mayllar, ijtimoiy jihatdan qimmatli bo‘lgan sabablar o‘z qobiliyatlariga o‘zi to‘g‘ri baho berish va shu kabilarning mavjudligini ko‘zda tutadi. SHaxsning xulq-atvori uchun asos bo‘ladigan uning fazilat va xususiyatlari birdan namoyon bo‘lmaydi va o‘zidan-o‘zi vujudga kelmaydi. Odatda, bu fazilat va xususiyatlar shaxsning uzoq vaqt davomidagi kamoloti mahsuli, ta’lim va tarbiya sharoitida shaxs faoliyatining natijasidir. Kasb tanlash bundan mustasno emas. Kasb tanlash ham shaxsning bundan oldingi butun kamol topishi bilan tayyorlangan. SHaxsning shakllanish natijalari uning kasb tanlashga kanday yondashishiga ta’sir o‘tkazadi. Binobarin, kasbga yo‘naltirishni o‘quvchilarga ta’lim va tarbiya berishdan iborat umumiy ishdan tashqari ko‘rib chikish yaramaydi. Kasbga yo‘naltirish maxsus vazifaga qaratilgan bo‘lsa ham, unga ayrim «tadbirlar» deb qarash mumkin emas. Kasb tanlashga tayyorgarlik masalasini maktab o‘quvchilariga ta’lim va tarbiya berish jihati deb qarash kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |