LABORATORIYA ISHI №6
YOYLI PAYVANDLASHNING ELEKTR TA’MINOTI MANBALARINI TADQIQ QILISH (4 soat)
Reja:
1. Nazariy qism.
2. Laboratoriya qurilmasining tasnifi.
3. Topshiriq.
4. Tajriba ishini bajarish tartibi.
5. Tajriba natijalarini qayta ishlash.
6. Hisobot tayyorlash tartibi.
7. Nazorat savollari.
Ishning maqsadi
TSB-90 UXLCH tipidagi payvandlash transformatorikonstruksiyasi, ish rejimi, ekspluatatsiya xarakteristikalari va energetik koʻrsatkichlari bilan tanishish.
I. Nazariy qism
Elektr yoyli payvandlash metall detallarni ulardan oqib oʻtadigan elektr toki bilan plastik yoki suyuq holatgacha ajralmas bogʻlanish paydo boʻlguncha loqal qizdirish va undan soʻng payvandlash zonasini issiqlik oʻtkazuvchanlik hisobiga sovutish natijasida ajralmas qilib ulash jarayonidir (6.1-rasm).
Yuqori samaradorlik, iqtisodiy jihatdan tejamlilik va metall isrofi kam boʻlgani uchun elektr payvandlash ajralmas bogʻlanishli metall detallarni ishlab chiqarishda keng koʻlamda qoʻllaniladi.
Elektr payvandlashda oʻzgarmas va oʻzgaruvchan tok ham qoʻllaniladi.
Oʻzgaruvchan tokdagi yoy payvandlashda manba sifatida payvandlash transformatorlari ishlatiladi. Ular bir postli va koʻp postli boʻladi. Oʻzgarmas tok manbalari asosan 2 xil guruhga boʻlinadi: payvandlash oʻzgartgichlari va toʻgʻrilagichlar.
Oʻzgaruvchan tok manbasi boʻlgan payvandlash transformatorlari energetik va ekspluatatsion afzalliklari tufayli zamonaviy payvandlash texnikasida keng ishlatilmoqda.
Bitta postli payvandlashda quvvati katta boʻlmagan (1,0 - 20 kVA) bir fazali payvandlash transformatorlari ishlatiladi.
Koʻp postli payvandlash manbalari bir nechta payvandlash postlarini ta’minlash uchun zarur boʻlgan katta quvvatga ega boʻlishi bilan xarakterlanadi.
Yoyli payvandlashda vujudga keladigan jarayonlarga bogʻliq ravishda bitta postli payvandlash transformatorlariga quyidagi spetsifik talablar qoʻyiladi:
1. Salt ishlash kuchlanishi yoyni yonishi uchun yetarli, lekin payvandlovchi uchun xavfsiz chegarada, ya’ni U3=50÷60 V oraligʻida boʻlishi kerak.
2. Payvandlash zanjiridagi qisqa tutashuv toki ishchi tokidan sezilarli darajada (120-140 %) katta boʻlmasligi kerak. Agar qisqa tutashuv toki bir necha marta katta boʻlsa, payvandlash manbaiga haddan tashqari zoʻriqish toʻgʻri keladi, payvandlash sifati esa suyuq metallni sochilishi natijasida yomonlashadi.
6.1-rasm. Payvandlash transformatorining tarmoqqa ulanish sxemasi.
3. Payvandlash manbasi payvandlash tokini keng diapazonda rostlash imkonini berishi kerak. Shuning uchun, payvandlash transformatori tashqi xarakteristikasi Ug=f(I2) qavariq tushuvchan shaklga ega boʻlishi kerak.
Payvandlash yoyining asosiy texnologik koʻrsatkichlari sifatida tashqi xarakteristika va salt ishlash kuchlanishidan tashqari uzlukli ishlash rejimida solishtirma ishlash davomiyligi va solishtirma ulanish davomiyligi hisoblanadi.
Manbaning dinamik xossalari kriteriyasi sifatida qisqa tutashuv rejimidan salt ishlash rejimiga oʻtishda uning klemmalarida kuchlanish oshishi hisoblanadi. Ayniqsa kuchlanish qiymati 0 dan to yoyni qoʻzgʻatish uchun yetarli boʻlgan kuchlanishgacha oshib borishi vaqti va kuchlanish tiklanish vaqti juda muhim hisoblanadi. GOST boʻyicha u 0,03 sekunddan oshmasligi kerak.
Oʻzgaruvchan tok manbalari tushuvchan tashqi xarakteristikani olish va tokni rostlash usuliga qarab ikkita tipga boʻlinadi:
a) normal magnit yoyiluvchanlikka ega boʻlgan transformatorlar, bu holda ular ikkita alohida apparatdan (transformator va drossel) iborat boʻladi;
b) yuqori magnit yoyiluvchanlikka ega boʻlgan transformatorlar (qoʻzgʻaluvchan gʻaltakli, magnit shuntli, pogʻonasimon vint regulyatorli).
Qarshiligi katta oraliqda oʻzgarishi mumkin boʻlgan alohida drossel regulyatorli transformator ikkita (birlamchi va ikkilamchi) chulgʻamli magnit oʻzak. Birlamchi chulgʻam 220 yoki 380 V kuchlanishli oʻzgaruvchan tok tarmogʻiga ulanadi, ikkinchi chulgʻamda esa Uxx=60-65 V boʻladi.
Tok regulyatori - drossel magnit oʻzak (yarmo) va uning qoʻzgʻalmas qismida (yakorda) joylashtirilgan chulgʻamlardan iborat. Yarmo va yakor orasida havo oraligʻi mavjud boʻlib, uni rostlash vinti yordamida oʻzgartirib payvandlash tokini bir maromda rostlash mumkin.
Bu sistemadagi transformatorlarning afzalliklari sifatida ixchamlik, kam mis va transformator poʻlati isrofini koʻrsatish mumkin.Bundan tashqari tokni yuqori qiymatdan minimal qiymatgacha rostlaganda salt ishlash kuchlanishi biroz koʻpayadi va bu yoyning yonish barqarorligini oshiradi.
Yuqori magnit yoyiluvchanlikka ega boʻlgan transformatorlar qoʻlda payvandlashda keng qoʻllaniladi. Bu holda payvandlash tokini rostlash birlamchi va ikkilamchi chulgʻamlar yoki qoʻzgʻaluvchan shunt orasidagi masofani oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi. Buning natijasida yoyilish oqimi qarshiligi va transformator induktivligi oʻzgaradi. Shuntlovchi zanjir qarshiligi qancha koʻp boʻlsa, yoyilish induktivligi shuncha kam va payvandlash toki shuncha koʻp boʻladi.
TD, TGK, TS, GTP tipdagi qoʻzgʻaluvchan chulgʻamga ega boʻlgan transformatorlarda, chulgʻamlar orasidagi masofa katta boʻlgani uchun, magnit oqimining katta qismi ikkilamchi chulgʻamni oʻrab olmaydi. Chulgʻamlarni oʻzaro yaqinlashtirish va uzoqlashtirish tokni rostlash imkonini beradi. Rostlash diapazonini kengaytirish uchun birlamchi chulgʻamni ikkita qismdan iborat va oʻzaro parallel yoki ketma-ket ulanishi mumkin boʻlgan shaklda tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |