O‘rgatish jismoniy tarbiya jarayonining bir tomoni ekanligi
Jismoniy tarbiya jarayonida o‘rgatishning asosiy xususiyati - bu o‘rgatishning harakat malakalari va maxsus bilimlarni egallashga qaratilganidir. O‘rgatish shug‘ullanuvchilarning jismoniy rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Ta’lim-tarbiya amaliyotining har qanday sohasida bo‘lganidek, jismoniy tarbiya jarayonida ham o‘qitish o‘qituvchi va o‘quvchilarning birgalikdagi ijodiy faoliyatlaridan tashkil topadi va bunda, albatta, o‘qituvchi yetakchi rol o‘ynaydi.
Harakatlarga o‘rgatish umumiy o‘qitish tamoyillariga asoslanadi, bu tamoyillar jismoniy tarbiya sohasida o‘z maxsus ifodasini topadi. Bu maxsuslik harakat ko‘nikmalari va malakalarini hosil qilish qonuniyatlaridan kelib chiqadi.
Harakatlarga o‘rgatishning o‘ziga xos xususiyatlari
O‘quvchiga bilim berishda jismoniy tarbiya ta’limi muhim o‘rinni egallaydi. Bu jarayonda harakat faoliyatini yoki uning ma’lum bo‘lagini bajarishga o‘rgatiladi, jarayon mashq qilish-takrorlash orqali amalga oshiriladi va shug‘ullanuvchida shu harakat haqida nazariy bilimning shakllanishiga, jismoniy sifatlarni rivojlantirish-tarbiyalashga olib keladi. Demak, jismoniy tarbiya jarayonida ta’lim maxsus bilimlarni va harakatni bajara olishni o‘zlashtirish va uni o‘quvchiga, shug‘ullanuvchiga uzatishning uyushtirilishini yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
O‘qitish amaliyotida “harakat faoliyati ta’limi”, “harakatga o‘rgatish”, “harakat malakasi”, “harakat ko‘nikmasi”, “nazariy bilim” kabi atamalardan foydalaniladi hamda yuqorida qayd qilinganidek jismoniy ma’lumot berish maqsadi amalga oshiriladi.
Harakat faoliyatini (yoki jismoniy mashqni) o‘rgatish nisbatan qisqa pedagogik vazifadir. Harakat faoliyatini o‘rgatish atamasi harakat faoliyati aniq bo‘lib, uning nazariy bilimi ham berilganda qo‘llaniladi. Harakat faoliyatini o‘qitishda harakat malakasi shakllanadi, ko‘nikma vujudga keladi, bir vaqtning o‘zida muvofiq jismoniy harakat sifatlari: kuch, tezlik, chidamlilik, chaqqonlik, mushaklar egiluvchanligi va bo‘g‘imlar harakatchanligi rivojlanadi. Shu sababli pedagogik jarayonda e’tibor bir narsaga – ta’limga, ya’ni malakani shakllantirishga yoki harakat sifatlarini rivojlantirishga qaratilishi lozim.
Harakat faoliyatini o‘qitish jarayonida faqatgina bilim berish va tarbiyalash vazifalari birgalikda hal qilinmay, sog‘lomlashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan vazifalar ham amalga oshiriladi. Hech qaysi umumta’lim predmetida bunchalar yaqqol namoyon bo‘lmaydigan sog‘lomlashtirish vazifasi harakat faoliyatini o‘qitishda yorqin namoyon bo‘ladi.
Harakat faoliyatini o‘qitishda bilim berish vazifalari ham o‘zining xususiyatlariga ega. O‘quv materiallarini egallash jarayonining yetakchi tarkibiy qismi o‘quvchilarning faol harakat faoliyatidir. Ularning o‘quv-mehnat faoliyati hammadan avval jismoniy kuch sarflashni talab qiladi. O‘quvchining o‘quv faoliyatiga oid ayrim qonuniyatlarni bilish insonning ish qobiliyati umumiy qonuniyatlarini hisobga olishni taqozo etadi. Individning ish qobiliyati bir necha omillarga bog‘liq: ajdodlaridan meros qobiliyatlar, hayotiy jarayonda to‘plangan tajribalar va ma’lum belgilangan sharoitda aniq faoliyatni boshqara olish. Bu omillar qanchalar yaxshi rivojlangan bo‘lsa, inson shunchalar katta ishchanlik qobiliyatini namoyon qila oladi.
Odatdagi sharoitda inson o‘z ish qobiliyatlarining bir qismidangina foydalana oladi, xolos. Zahirada deb hisoblangan boshqa qismi faqat oshirib qo‘yilgan maksimal talablarga javob berishda namoyon bo‘lishi mumkin. Noodatiy tashqi sharoit zahiradagi ish qobiliyatining namoyon bo‘lishiga imkoniyat yaratibgina qolmay, inson qobiliyatlarining maksimal darajada rivojlanishini tarbiyalaydi.
Harakat faoliyatini o‘qitishning ikkinchi xususiyati harakat malakalari tizimini shakllantirish hisoblanadi. Faqat harakat faoliyati tizimigina o‘quvchi jismoniy tayyorgarligining xususiyatini belgilaydi. Masalan, 30 metrga yugurish 60 metrga yugurish bilan taqqoslanganda, uning boshqa harakat faoliyatlari bilan ko‘p marotaba bog‘lanishlarga ega ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tirmashib chiqish va muvozanat saqlash mashqlari esa boshqa harakat faoliyatlari tizimiga nisbatan qaram emas. Bu faoliyatlarning ta’siri natijasi boshqa faoliyatlarnikidan yuqori yoki past bo‘lishi mumkin.
Uchinchi xususiyati – ta’limni ikki yo‘nalishda amalga oshirishda harakat sifatlarini kompleks rivojlantirish bilan aloqadorligi:
a) harakat malakasi harakat sifatlarining rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Eng avvalo, aynan o‘sha harakat malakasiga oid harakat sifatlari rivojlanadi;
b) harakat malakasi uchun maxsus xususiyatga ega bo‘lgan harakat sifatini rivojlantirish bir vaqtning o‘zida boshqa sifatlarni rivojlantirishdan samaraliroq kechadi.
Masalan, qisqa masofaga yugurishda tezlik rivojlanadi, lekin tezlik kuch, chidamlilik va boshqa sifatlarni optimal rivojlantirganidagina natijaliroq rivojlanadi.
Harakat faoliyatlarini o‘rgatishning samaradorligi jismoniy bilim va jismoniy rivojlanganlik darajasi ko‘rsatkichlari bilan aniqlanadi. Bilimlar tizimi va harakat faoliyatlari egallanishini to‘g‘ri tashkil etgan pedagogik jarayon, albatta, jismoniy rivojlanganlik ko‘rsatkichlarining oshishiga olib keladi.
Bilim berish vazifalarining hal qilinishi tarbiyaviy vazifalarning amalga oshirilishi bilan birga yuz beradi. O‘quv fani tarbiyaning umumiy vazifalarini hal etishga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi, ayni paytda jismoniy tarbiya uchun xos bo‘lgan ayrim xususiy vazifalarni ham oldinga suradi:
Jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishga odatlantirish. Bu odat, ayniqsa, hozirgi zamondoshlarimiz uchun zarur. U kam harakat qilish, organizmga jismoniy yukning kamligi, harakat tanqisligini yengish muammosini hal qiladi, mustaqil jismoniy mashq bilan shug‘ullanish mashg‘uloti uchun vaqt topishga o‘rgatadi.
Jismoniy qiyinchiliklarni yengish qobiliyatini tarbiyalash. Ko‘pchilik harakat faoliyatlarini o‘zlashtirish ma’lum darajadagi tavakkalchilikni, maksimal jismoniy va psixik zo‘riqishni talab qiladi, katta yuklamani organizm sarflagan quvvatini tiklab ulgurmagan sharoitda bajara olishga – chidashga o‘rgatadi.
Gigiyenik malaka va odatlarni tarbiyalash. Jismoniy mashqlarning samaradorligi asosan gigiyenik omillardan to‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq. Harakat faoliyatlarini o‘rgatish jarayoni ish tartibiga, ovqatlanish, uyqu tartibiga rioya qilishni tarbiyalash, badanni parvarishlash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
O‘quvchilar orasida o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirishga erishish, harakat faoliyatlari davomida mustaqillikni tarbiyalashda umumiy va alohida tarbiyaviy vazifalarni hal qilish o‘qituvchi bilan o‘quvchining yuqori darajadagi va xususiy aloqasi sharoitida amalga oshiriladi.
Tarbiyaviy vazifalarni ta’lim jarayonida to‘laqonli amalga oshirish uchun uni tizimli ravishda bilim olish vazifalarini hal qilish bilan qo‘shib olib borilmasa, kutilgan natijaga erisha olmaslik amaliyotda isbotlangan.
Sog‘lomlashtirish vazifalari harakat faoliyatlarini o‘rgatishda jismoniy tarbiyaning barcha vositalarini majmuali ravishda qo‘llash orqali hal etiladi.
Ta’limning samarasiga tashqi omillar (sport anjomlari va jihozlarning soz bo‘lishi), sog‘lomlashtirish vazifalarining hal qilinishi (mashg‘ulot joyining tozaligi, havo va boshqalar) ahamiyatli darajada ta’sir qiladi.
Harakat faoliyatlarini o‘qitishning yuqorida qayd qilingan xususiyatlari o‘qituvchidan psixologik-fiziologik bilimlarnigina talab qilib qolmay, yuqori darajadagi anatomo-fiziologik tayyorgarlikka oid bilimlarga ega bo‘lishni taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |