O`z-o`zini tekshirish uchun savollar:
Yoshlik davrida psixik rivojlanishga qanday omillar ta`sir ko`rsatadi?
Otalik va onalik rolini egallashda qanday qiyinchiliklar yuzaga keladi?
Etuklikning birinchi bosqichi nima uchun o`tish davri deyiladi?
Etuklik davrining psixologik xususiyatlari qanday?
Etuklik davrining ikkinchi bosqichi qanday tavsiflanadi?
KEKSAYISH VA KEKSALIK DAVRI
REJA:
1. Keksalik va keksayish davri chegaralari
2.Psixogerontologiya haqida tushuncha.
3. Keksalik davrining o‘ziga xos xususiyatlari.
4. Keksayish davridagi shaxs psixologiyasi.
Tayanch iboralar: psixogerontologiya, involyusiya, geriatriya, gerogigiena, geteroxronlik, nafaqa yoshi, uzoq umr ko`rish omillari.
Bu davrni ko‘pincha gerontogenez yoki keksayish davri deyiladi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar hayotning bu davri 60 yoshdan boshlanadi deb hisoblaydilar. Ba’zi olimlarning ta’kidlashicha, bu davr ayollarda 55 yoshdan, erkaklarda 60 yoshdan boshlanadi. Bu yoshga etgan insonlar 3 ta guruhga ajratiladi:
1.Keksayish davridagi insonlar;
2.Keksalik davri
3.Uzoq umr ko‘ruvchilar.
Biroq bu davrlashtirish bilan bir qatorda yana boshqalari ham mavjud. Masalan, Bernsayd bu yosh davrini 4 ta alohida davrlarga ajratadi:
60-69 yosh (qarilik davridan oldingi yosh davri).
70-79 yosh (qarilik).
80-89 yosh (kechki qarilik).
90-99 (munkayganlik davri).
Inson hayotining ushbu davri qanday xususiyatlar bilan xarakterlanadi? So‘nish, kasalliklar, kuchsizlik, ish qobiliyatini yo‘qotish bilanmi yoki aksincha, to‘laqonli va etarlicha qiziqarli hayot kechirish imkoniyati bilanmi?
Ushbu yosh davrining eng muhim xususiyati qarish jarayoni bo‘lib, bu jarayon genetik jihatdan dasturlashgan hisoblanadi. Qarish organizmdagi muayyan yosh o‘zgarishlari bilan xarakterlanadi. Bu o‘zgarishlar:
Eng avvalo organizm faoliyatining asta-sekin kuchsizlanishi ro‘y beradi.
Keksalik davriga etgan insonlar jismoniy jihatdan unchalik kuchli bo‘lmaydilar, energiyaning umumiy zahirasi yoshlik yillari bilan solishtirganda nisbatan kam bo‘ladi.
Insonning qon-tomir tizimi va immun tizimi faoliyati yomonlashadi.
Organizm xujayralarining yashovchanligi yo‘qoladi, bu esa organizmda suyuqlik miqdorining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bo‘g‘inlarning qotib qolishini yuzaga keltiradi.
Qarish jarayonida insonning ko‘pchilik sensor funksiyalari sezilarli tarzda yomonlashadi. Biroq bu holat barcha qariyalarda ham kuzatilavermaydi. Sensor funksiyalar kuchsizlanishining darajasi va xarakteri turli xil insonlarda kuchli farq qilishi mumkin. Bu esa avvalo insonning individual xususiyatlari hamda shug‘ullanadigan faoliyati bilan bog‘liq.
Bu davrda operatsiyalarni bajarish tezligi bilan bog‘liq bo‘lgan intellektual funksiyalarning pasayishi kuzatiladi. Bu davrda keksalarda reaksiya vaqti ortadi, perseptiv axborotni qayta ishlash sekinlashadi, kognitiv jarayonlar tezligi pasayadi. Bunday sekinlashuv insonda shaxs xarakteristikalarining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Keksalik davrida xotiraning asosi mantiqiy aloqa hisoblanadi. Mantiqiy xotira tafakkur bilan uzviy bog‘langanligi tufayli tahmin qilish mumkinki, keksalarning tafakkuri juda rivojlangan.
Ushbu davr kognitiv sohaning transformatsiyasi va rivojlanishi jihatidan o‘zining ijobiy tomonlariga ega. Biroq bu yosh davriga qadam qo‘ygan har bir insonda ham kognitiv soha dinamikasi bir xil xarakter kasb etmaydi. Bu jarayonda donolik, donishmandlik shakllanadi.
Keksalik davrida bilish faoliyatining pasayishi bevosita va bavosita sabablarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bevosita sabablar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
Miyaning kasallanishi.
Alsgeymer kasalligi.
Miya qon tomirlarining zararlanishi.
Bilish qobiliyati pasayishining bavosita sabablari:
Salomatlikning umumiy yomonlashuvi.
Ma’lumotlilikning past darajasi.
Bilish faoliyatiga nisbatan motivatsiyaning mavjud emasligi.
SHunday qilib, xulosa qilish mumkinki, ushbu yosh davrida kognitiv soha xarakteristikalarining dinamikasi ko‘proq sub’ektiv omillarga, eng avvalo konkret olingan insonning shaxs xususiyatlariga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |