Islom fathidan keyingi Naxshab. O‘rta asrlarga kelib Qashqa vohasining yangi poytaxti qulay joyda - Qashqadaryoning chap qirg‘og‘i bo‘ylab yastangan keng hududda shakllana boshladi. Daryo bu erda Sharqqa tomon yo‘nalgan bo‘lib, go‘yo tekislikni uch tomondan qurshab olgandek tuyular edi. Bu shahar qoldiqlari hozirgi Qarshi shahridan 5 kilometr shimoli-g‘arbda, Erqo‘rg‘on qal’asidan 1,5 kilometr janubda joylashgan bo‘lib, Shulluktepa shahristoni deb ataladi.
Ilk o‘rta asrlarda bu erga qadimgi poytaxtdan zodagon va hunarmandlar - temirchilar, to‘quvchi va quruvchilar ko‘chib kelgan. VII-VIII asrlarda ularning ustaxonalari bosh qal’ani Sharq va janubdan himoyalab, daryo qirg‘og‘igacha cho‘zilgan va asta-sekin Qashqadaryoning chap qirg‘og‘idagi burilish joyini to‘liq egallagan.
Bu davrda qal’a devorlari jiddiy ravishda mudofaa ahamiyatini yo‘qotadi. Shaharning ichki tuzilishi o‘zgaradi. Shubhasiz, saroy hukmdor taxti va xazina, qamoqxona va harbiy garnizon joylashgan inshoot uning tarkibiy qismi bo‘lib qolavergan. Biroq X asr mualliflari istehkomlarni ta’riflar ekan, ularning nurab qolgani va hatto vayron bo‘lganidan xabar beradi.
Jumladan, geograf olim Istaxriy shaharni qisqacha ta’riflagan.
Nasaf, Istahriyning fikricha, bir paytlar vayron qilingan istehkom, rabot va to‘rtta darvozaga ega bo‘lgan. Shahar atrofi asosan lalmi dehqonchilikka ixtisoslashgan serunum erlar va ekinlarga boy bo‘lgan. Daryoda muayyan paytda suv kamayib ketgani tufayli bog‘-rog‘lar asosan quduqlardan sug‘orilgan.
VIII asrning boshida Mavarounnahrning boshqa shaharlari kabi Naxshab ham fath etildi. Shahar esa endi Nasaf deb atala boshladi. Shaharda ilk masjid qurildi. Istaxri, Ibn Xavqal va Muqaddasiy kabi musulmon jo‘g‘rofiyunlarining bergan ma’lumotiga ko‘ra, Naxshab qalin devor bilan o‘ralgan va to‘rt darvozaga ega bo‘lgan.
Savdo yo‘llarining xavfsizligi, tarixda birinchi chek tizimi yo`lga qo‘yilishi, islomdan oldingi savdogarlardan olinadigan soliqlarning bekor qilinishi butun xalifalikda bo‘lgani kabi Nasafda ham savdo-sotiq va hunarmandchilikning rivojlanishiga olib keldi.
Arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, shahristonning mudofaa inshootlari VII-VIII asrlarda barpo etilgan. IX asrning oxiri va ayniqsa, X-XI asrlarda shahar ulkan hudud bo‘yicha rivojlanib ketgan. U ko‘proq Sharq tomonga, Qashqadaryoning o‘ng qirg‘og‘iga tomon o‘sib borgan. Avvalgi davrlarda ilk shaharning Sharqiy chegarasi hisoblangan daryo bu davrda janubdan shimolga tomon rabotning o‘rtasidan o‘tgan.
Agar shahriston va rabotning shimoliy qismini «Hukumat uyi» va zodagonlar hovlilari egallagan bo‘lsa, uning asosiy qismi, ayniqsa, markaziy va janubiy hududlarini ko‘plab hunarmandchilik mavzelari egallagan.
Temirchilar mavzelari daryo bo‘ylab g‘arbga tomon to istehkomgacha davom etgan va XIII asr boshlarigacha mavjud bo‘lgan. Ulardan janubda, temirchilik ustaxonalariga tutashgan holda, daryo sohili bo‘ylab miskar ustalar va bronza quyuvchilar, zargarlar mavzelari joylashgan. Bu erdan misni yakuniy tozalash ishlari bajariladigan ustaxona topilgan. Bu erda mis qoldiqlari hamda metall quyish jarayoni bilan bog‘liq belgilar ham uchraydi.
Shuningdek, sopol suv quvurlari, quduq qoldiqlari ham kuzatilgan. Ular bu erda vaqt-vaqti bilan suv tanqisligi ro‘y berib turganini yana bir bor eslatadi.
Temirdan yasalgan mehnat qurollari qurilish va duradgorlik ishlarida keng qo‘llangan. Ehtimol, bu sohalar Nasafda keng rivojlangan bo‘lsa kerak. Balki shaharning g‘arbdagi darvozasi shu sababli «Najjorlik» deb atalgan.
Nasafda qadimdan mis va bronza quyish jadal rivojlangan. Nasaf mehnat qurollari va bezaklari orasida kimyogarlar tomonidan bronzaning oltita metallsozlik guruhi aniqlangan. Bu esa xom ashyoning xilma-xilligi, uni qo‘llash usullarining rang-barangligi hamda nasaflik ustalarning ham Baqtriya va So‘g‘dning degrezchi ustalari yutuqlaridan xabardorligini ko‘rsatadi.
Qizildaryo va uning o‘zanlari havzasida polimetallar - mis, qo‘rg‘oshin, temir qazish bo‘yicha bir necha ochiq va er osti konlari topilgan. Kumush konlari xam bor. Konlar 40 metr chuqurlikkacha qazilgan.
Shunisi qizikki, ayrim joylarda oxirigacha qazib tugatilmagan shaxtalar ham saqlangan. Ehtimol, qandaydir siyosiy voqealar bu ishlarni davom ettirishga imkon bermagan.
Temir rudasi IX-XII asrlarda Tutaka va Qizilsoy konlarida yirik hajmda qazib olingan, bu erdagi o‘n beshtacha qazilma orasida 0,7 kilometr maydondagi ulkan karer markaziy o‘rinni egallaydi. Ruda shu erning o‘zida boyitilgan va unga ishlov berilgan. Shu sababli daryo o‘zani bo‘ylab boyitish va metall quyish joylari va chiqindilar saqlanib qolgan ko‘p dalalar bor. Bu erda temir buyumlar, tozalanmagan mis, qo‘rg‘oshinli-kumushli quyilma olingan, so‘nggi tozalash va ishlov berish ustalar tomonidan shahar markazlarida, birinchi navbatda, Nasafning o‘zida amalga oshirilgan.
Janubi-g‘arbiy rabotda kulolchilik ustaxonalari ochilgan. Nasaf kulollari yuqori si-fatli mahsulot - sirlangan tovoq va laganlar, o‘yma naqshli idishlar hamda sirli va o‘ymakor naqshlarni birlashtirgan antiqa idishlar ishlab chiqargan.
Hunarmandlar mavzelari bilan istehkom o‘rtasidagi keng maydonlarni alohida tovarlarni sotishga ixtisoslashtirilgan bozorlar egallagan. Tarixchi Sam’oniy o‘z asarida bozor maydoniga olib chiquvchi zargarlar ko‘chasini, Xon az-Boziddin karvonsaroyini, ya’ni matolar bilan savdo qilish karvonsaroyini, mevalar sotiladigan Jubak bozorchasini ta’riflaydi. Shuningdek, uning asarlarida hatto eski-tuski narsalar bozori (xanuk), bo-zorchadagi kichik karvonsaroy (suvoyqa) va Mohduz raboti, non yopish va sotish do‘konchasi ham eslatib o‘tilgan. Bu ta’riflar shuni ko‘rsatadiki, X-XII asrlarda Nasafning markaziy va janubiy tumanlari gavjum joylar bolgan.
Ehtimol, shu sababdan aynan shu erda dastlabki jome masjidi qad rostlaydi. U 834-yilda so‘fiy shayx Abdurahmon Muazza tomonidan janubiy rabotda, G‘o‘bdin darvozasi oldida, Zuhhok ko‘chasida qurilgan. XII asrda bu bino eski jome masjidi sifatida tilga olinadi va Sam’oniyning xabar berishicha, shahristonning janubiy darvozasi oldida yangi jome masjidi quriladi. Shahriston devoridan 130 metr janubda arxeologlar uning qoldiqlarini - pishiq g‘ishtdan qurilgan, bezak izlari bor monumental bino parchalarini topishdi.
Ehtimol, bu paytda eski masjid ham ishlagandir, lekin u jomelik mavqeini yo‘qotgan va XII asrda o‘z bunyodkori Muazza nomi bilan atalgan. Manbalarda shaharning qator boshqa masjidlari ham tilga olinadi. Ular orasida Bayon ko‘chasidagi buyuk muhaddis Imom Buxoriy yashagan va ibodat qilgan masjid ham bor.
Shaharning shimoli-g‘arbiy qismida, An-Najjoriya (Buxoro) darvozasi yonida shahardan tashqaridagi hayit masjidi - namozgoh joylashgan.
Umuman olganda, X-XII asrlarda Nasaf keng aloqalarga ega yirik taraqqiy etgan viloyat markazi, ertapishar meva va sabzavotlari yaqin va uzoq bozorlarda qadrli bo‘lgan boy voha sifatida namoyon bo‘ladi.
IX asrning boshida Nasaf Somoniylar tarkibiga kirdi. XI asrda qoraxoniylar qo‘liga o‘tdi. Mo‘g‘ullar bosqini arafasida Nasaf Xorazm sultonligi tarkibiga kirar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |