Amerika koinotni zabt etishi.
NASA (yoyilishi: National Aeronautics and Space Administration, tarjimasi: Milliy Aeronavtika va Fazo Maʼmuriyati) AQSh hukumatining ijroiya tashkilotlaridan biri boʻlib, Qoʻshma Shtatlarning fuqaro aviatsiyasi, fazoviy dasturlari va aeronavtik tadqiqotlarini olib boradi. 2006-yil fevralidan NASA vazifasi fazoviy, ilmiy va aeronavtik tadqiqotlar olib borish, deb belgilandi.[1]
NASA 1958-yili 29-iyulda Milliy Aeronavtika va Fazo Akti qabul qilinishi sababli tuzilgan (ungacha bu kabi ishlar bilan NACA (National Advisory Committee for Aeronautics) shugʻullanar edi. Tashkilot 1958-yil 1-oktabridan ishga tushdi.[2][3] Shu vaqtgacha NASA Amerikaning fazoviy tadqiqotlari, jumladan, Oyga parvoz, Skylab fazoviy stansiyasi, Space Shuttle loyihalari ustida muvaffaqiyatli ishladi. Hozirda NASA Xalqaro Fazoviy Stansiya ishini taʼminlamoqda, Orion loyihasi ustida ishlamoqda.
NASA'ning ilmiy boʻlimi Yer sayyorasini oʻrganadi, buning uchun u Earth Observing System tizimini qurgan,[4] shuningdek boʻlim Quyosh fizikasi sohasida ishlar olib boradi,[5] Quyosh tizimi jismlarini robotik ravishda tadqiq etadi,[6] umuman, astrofizikaga bogʻliq ishlar bilan shugʻullanadi.[7]
NASA 2040-yilgacha Marsga astronavtlarni olib chiqmoqchi
AQSH Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) 2040-yilgacha Mars yuzasiga astronavtlarni qo‘ndirishni rejalashtirmoqda, dedi boshqarma boshlig‘i Bill Nelson.
Bizning rejamiz 2040-yilgacha odamlarning Marsga qadam qo‘yishini ta’minlashdir”, — dedi Nelson AQSH hukumatining 2023-moliyaviy yil budjeti loyihasi e’lon qilingandan keyin yo‘llagan murojaatida.
Uning qayd etishicha, hozirda Marsda tadqiqotlar davom etmoqda – sayyora yuzasidan olinayotgan ma’lumotlar Perseverance roverida to‘planmoqda, sayyora orbitasida esa uning yuzasi va atmosferasini o‘rganish uchun avtomatik sayyoralararo stansiyalar mavjud. U, shuningdek, roverlarning ahamiyatini ta’kidlab, ularni “tadqiqot uchun zarur bo‘lgan missiyaning muhim qismi” deb atadi.
Nelsonning aytishicha, kosmik kemaning Mars atmosferasiga kirib borishini sekinlashtiradigan va uning sayyora yuzasiga xavfsiz qo‘nishiga yordam beradigan puflama issiqlik qalqoni ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, NASA mutaxassislari Oy va Marsda hayotni saqlab qolish masalasi bilan shug‘ullanmoqda. Jumladan, NASA mashina va jihozlarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, bu maqsadlar uchun davlat budjetidan zarur infratuzilmani yaratishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.
Boshqa narsalar qatorida, AQSH kosmik agentligi astronavtlarni Marsga olib chiqishni tezlashtiradigan yangi dvigatellarni ishlab chiqmoqda.
28-mart kuni AQSH prezidenti Jo Bayden 2023-moliya yili uchun budjet loyihasini taklif qildi. Loyihaga ko‘ra, NASA ilmiy tadqiqotlar, Yerni o‘rganish va kosmik texnologiyalarni rivojlantirish uchun taxminan 26 milliard dollar olishi mumkin.
Shuningdek, budjet loyihasida Marsdan tuproq namunalarini olib kelish missiyasi uchun 822 million dollar ajratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, budjetda Oyga robotlashtirilgan missiyalarni yuborish uchun 480 million dollar ajratilgan.
Endilikda mamlakat budjeti loyihasi AQSH Kongressida tasdiqdan o‘tishi kerak.
Avvalroq Yevropa kosmik agentligi Rossiyaning “Roskosmos” davlat korporatsiyasi bilan Marsni tadqiq qilish bo‘yicha “EkzoMars” rus-yevropa qo‘shma loyihasidagi hamkorlikni to‘xtatayotganini ma’lum qilgandi. O‘z navbatida, “Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozin Rossiyaning o‘zi Marsga missiya jo‘natishini aytdi.
AQSHning moliyaviy ta’siri.
Ayni chog‘da jahonda o‘sish ko‘rsatkichlari sekinlashuvi, uning geografik jihatdan turlicha ekanligi kuzatilyapti. Shuningdek, kredit xatarlaridan xavotirlanish borligi uchun AQSHda stavkalar kutilganidan tezroq muddatda oshirildi. Natijada Kanada, Fransiya, Shveysariya kabi ilg‘or davlatlarda korporatsiyalar va uy xo‘jaliklari qarzlari tarixiy maksimumi yangilandi. YAIMga nisbatan qarz AQSH, Avstraliya, Shveysariya, Daniyada ko‘paygan bo‘lsa, Germaniyada, aksincha, sezilarli darajada pasaydi.
Xalqaro qarz bozorida dollarda qarz olgan mamlakatlar eng katta xatarga duch kelishi mumkin. Albatta, AQSHdan tashqari. Sababi Federal zaxira tizimi(FZT) stavkalarining ko‘tarilishi Amerika valyutasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda taraqqiy topgan davlatlarda xalqaro obligatsiyalarning 30 foizi dollarda bo‘lsa, 2019 yil birinchi choragiga kelib ular bo‘yicha olingan umumiy qiymati 900 mlrd. dollarlik qarz yopilishi kerak.
Rivojlanayotgan mamlakatlar esa 2019 yil yakuniga kelib 2,7 trln. dollarlik obligatsiyalar va sindikat kreditlari bo‘yicha majburiyatlarini uzishi lozim. Shularning uchdan bir qismi dollarda to‘lanishi joiz. Dollarda olingan qarzlarni qaytarib berish bo‘yicha eng katta xatarga duch keladigan davlatlar sifatida Argentina, Kolumbiya, Misr, Nigeriya(har birining olgan tashqi qarzidan 75 foizi dollarda), Meksika(62 foiz), JAR(57 foiz), Braziliya(50 foiz) va Turkiya(47 foiz) ko‘rsatib o‘tilgan. Rossiyaning bu boradagi ko‘rsatkichi 20 foizdan ziyod bo‘lsa, eng kam miqdor Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Tailand, Hindiston va Xitoyga tegishli bo‘lib turibdi.
Yaqinda Jahon banki ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva Bloomberg TVga bergan intervyusida foiz stavkalari oshirilayotgan sharoitda qarzning qabul qilish mumkin bo‘lgan darajasi masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tgandi. U Markaziy banklar kutilgandan ham tezroq stavkalarni oshirgan FZTdan namuna olishiga to‘g‘ri kelishini qayd etgandi. Bu esa shakllanayotgan va rivojlanayotgan bozorlarga ta’sir etmasdan qolmasligini ham ta’kidlagan JB ijrochi direktori.
AQSH harbiy bazalari.
AQShdan tashqaridagi birinchi harbiy bazalar XX asr boshlarida, AQShning Ispaniya-Amerika urushidagi g‘alabasidan keyin paydo bo‘la boshladi.
Ikkinchi jahon urushi paytida AQSh Islandiya, Shimoliy Afrika va Hind okeanida harbiy bazalarga ega bo‘ldi, ulardan foydalanish Yaponiya va Germaniyaga qarshi urushda g‘alaba qozonishga imkon berdi.
Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin esa Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiyaning g‘arbiy qismi va Koreya yarimorolining janubiy qismida ham AQSh qo‘shinlari doimiy asosda bazalarga ega bo‘lishdi, ularning ba’zilari hozirgacha mavjud.
Koreya urushidan keyin AQShning Koreya va Yaponiyadagi bazalari doimiy bo‘lib qoldi. Bugungi kunda ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng ko‘p bazalari Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyada joylashgan.
1946-yilda AQSh Filippinga mustaqillik bergandan so‘ng, o‘zining ko‘pgina harbiy bazalarini ushbu davlatda saqlab qoldi. «Sovuq urush» boshlanganidan so‘ng esa AQSh o‘z ittifoqchilari bilan harbiy qo‘shinlarini ularning hududlariga joylashtirish imkoniyatlari bo‘yicha keng ko‘lamli muzokaralarni boshladi.
1960-yilga kelib, AQSh 42 mamlakat bilan 8 ta harbiy hamkorlik shartnomalarini imzoladi va boshqa 30 ta davlatlar bilan shu kabi alohida bitimlarga tuzildi. Bu esa AQShga ma’lum shartlar asosida o‘z bazalarini ushbu davlatlarga joylashtirish huquqini berdi.
1949-yilda NATO bloki yaratildi, birinchi bosqichda unga AQShdan tashqari yana 12 ta Yevropa davlatlari kirdi. 1960-yilga kelib ularga G‘arbiy Germaniya va Turkiya qo‘shildi. 1951-yilda AQSh Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Harbiy bazalarni joylashtirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar Filippin (1951), Janubiy Koreya (1953) va Yaponiya (1960) bilan imzolandi.
Bu bazalar ikki yoqlama rol o‘ynadi: bir tomondan ular Sovet Ittifoqi va Xitoy tajovuziga qarshi turishlari kerak bo‘lsa, boshqa tomondan dunyoning strategik muhim mintaqalaridagi AQSh harbiy kuchlarini mustahkamladi.
Hozirda AQSh Yaqin Sharqda harbiy bazalar tarmog‘ini yaratishga intilmoqda. Sovuq urush davrida u yerda deyarli harbiy ob’yektlar yo‘q edi. AQShning asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Kuvaytda birinchi Amerika harbiy bazalari 1980-yillarning boshlarida paydo bo‘lgan.
1990-1991-yillardagi Fors ko‘rfazidagi urushdan so‘ng, Kuvaytni bosib olgan Iroq kuchlari xalqaro koalitsiya tomonidan mag‘lubiyatga uchratilgach, AQShning mintaqada keng ko‘lamli harbiy bazalari paydo bo‘la boshladi.
Shunday qilib, Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklarida AQSh bazalari paydo bo‘ldi. Ularning mavjudligi Iroq va ehtimol Eronning tajovuzkorligini cheklash, shuningdek, neftni tashish yo‘llarining xavfsizligini ta’minlash zarurligi bilan izohlandi.
Amerikaning harbiy bazalari aslida ushbu mintaqada 1970 yillarning boshlariga qadar mavjud bo‘lgan Britaniya harbiy bazalarining o‘rnini egallagani esa geosiyosatdagi qiziq vaziyatlardan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |