Yevropa mamlakatlari transporti. Yevropa mamlakatlari yuqori darajada rivojlangan transport infratuzilmasiga ega. Regionda transportning deyarli barcha turlari taraqqiy etgan. Dunyodagi jami aloqa yo‘llari, transport korxonalari va transport vositalari birgalikda jahon transport tizimini tashkil qiladi. Jahon transport tizimida 100 mln. dan ortiq, Yevropa mamlakatlarida 20 mln. kishi ish bilan band. Yevropa mamlakatlarida o‘rtacha yiliga 20 mlrd. t yuk va 200 mlrd. kishi transportning barcha turlari yordamida tashiladi. Ushbu jarayonda 130 mln. avtomobillar, salkam 10 ming dengiz kemalari, 2 mingdan ortiq samolyot, 40 ming lokomotiv ishtirok etadi.
Yevropada yo‘lovchi tashish transportida avtomobil transporti yetakchilik qiladi. Unga jami tashilgan yo‘lovchilaming deyarli yarmi to‘g‘ri keladi. Dengiz transporti yuk tashishda tengsiz hisoblanadi. Uning jami tashilgan yukdagi ulushi 62% ni tashkil etadi.
Yevropada temiryo‘l transporti Rossiya, GFR, Fransiya va boshqa ko‘pchilik mamlakatlarda rivojlangan. Rossiyada 87 ming km, GFR da 44 ming km va Fransiyada 33 ming km temiryo‘l qurilgan. Temiryo‘llaming katta qismi elektrlashtirilgan. Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida tunnel orqali o‘tuvchi tezyurar poyezdlar qatnaydi.
Ma’lumki, avtomobil transportining rivojlanishi unda mavjud mashinalar soniga bog‘liq. GFR (35 mln. dona), Italiya (31 mln. dona), Fransiya (28 mln. dona), Buyuk Britaniya (24 mln. dona), Rossiya (18 mln. dona), Ispaniya (16 mln. dona) davlatlari yetakchilik qiladilar.
Yevropada quvur transporti ham yuqori darajada rivojlangan. G‘arbiy, Sharqiy, Shimoliy va Janubiy Yevropa mamlakatlarining ko‘pchiligi bir-biri hamda Rossiya bilan neft va tabiiy gaz quvurlari orqali bog‘langan. Neft va gaz quvurlari Shimoliy va Norvegiya dengizlari akvatoriyalarida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgi vaqtda Yevropani Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi «Nabukko» gaz quvuri barpo qilinmoqda.
Yevropa mamlakatlarida dengiz transporti ham, ichki suv transporti ham rivojlangan. Dengiz transporti Niderlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Rossiya, Polsha, Shvetsiya, Norvegiya va boshqa mamlakatlarda rayonlararo va xalqaro ahamiyatga ega. Dunyoda yuk aylanmasi yiliga 200 mln. tonnadan yuqori bo‘lgan dengiz portlari ichida Rotterdam porti (300 mln. t) nafaqat Niderlandiyada, balki butun dunyoda tengi yo‘q hisoblanadi.
Ichki suv yo‘llari Rossiya, GFR, Niderlandiya va qator boshqa mamlakatlarda yuqori darajada rivojlangan. Havo transporti Buyuk Britaniya, Fransiya, GFR va Rossiyada yaxshi rivojlangan bo‘lib, bir yilda 60 mln. yo‘lovchini tashuvchi London, Frankfurt- Mayn, Parij shaharlari keskin ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |