Buyuk Karl monarxiyasi yemirilgandan so’ng X asr boshlarida Germaniya mustaqil davlat sifatida ajralib chiqdi. To’rt gersoglikdan tashkil topgan bu mamlakatda feodal tarqoqlik hukm surar edi. Mazkur viloyatlar frank davlati tarkibida ekanligidayoq feodallashish jarayoni boshlangan edi. Lekin bu hodisa hamma yerda bir vaqtda yuz bermadi. Germaniyaning birmuncha rivojlangan yerlarida ham bu jarayon uzoq davom etib, XI asr oxiri XII asr boshlariga kelib tugallandi. Qadimgi nemis adabiyotining yodgorliklari hu davrning mahsuli bo’lib, bu yodgorliklarda yuzaga kelayotgan feodal jamiyatdagi hayot va kurashlar o’z ifodasini topgan. Nemis ritsarlari dunyoviy adabiyoti feodalizm eng taraqqiy etgan Fransiya, shuningdek, boshqa mamlakatlar qahramonlik eposining qadimgi traditsiyalari bilan bog’liq ravishda yuzaga kelgan. Nemis eposida xalq og’zaki ijodidagi rasm-odat qo’shiqlari ritsarlik ruhida qayta ishlanadi. Drujina qo’shiqchisining o’rnini feodal sharoitida professional kuychi – shpilmanlar egallaydi. Ular o’tmish qahramonlari va qirollari haqida qo’shiq va dostonlar aytganlar. Ba’zan bu qo’shiqlarga xristianlik ruhi singdirilgan.
Shunday qilib, qahramonlik eposi va uning harbiy tematikasi yangi ma’no kasb etadi.Zigfridning qahramonliklari, nibelunglarning halokati, Ditrix Bernskiy haqidagi ertaklar katta poemalar shaklida qayta ishlanadi. Endi ular qo’shiq qilib aytish uchun emas, balki shpilman tomonidan o’qib berishga moslanadi.
“Nibelunglar haqida qo’shiq” 1200-yillarda yaratilgan bu poema nemis qahramonlik eposining yirik yodgorligi bo’lib, u xalqlarning ko’chmanchilik davridagi hayoti, qahramonlik va jangovor yurishlarini aks ettirgan ertak va afsonalarni qamrab olgan. Poemaning qahramonlari mard, sodda odamlar sifatida tasvirlanadi. Bosh qahramon Ditrix bekorga qon to’kishni istamaydi. U adolat bilan ish ko’radi, zaruriyat tug’ilgandagina kuch ishlatadi. “Nibelunglar haqida qo’shiq”, “Gudruna”da kurtuaz-saroy adabiyoti uslubi sezilib turadi.
Renessans (Uyg’onish) harakatiga asos bo’ldi. Madaniyat tarixida Renessans nomi bilan yuritiladigan bu harakat dastlab Italiyada (XIV asr) va ko’p o’tmay Yevropaning qolgan mamlakatlarida ham yuzaga kelgan. “Renessans” so’zi frantsuzcha bo’lib, o’rta asrlar madaniyati, adabiyoti va san‘atidagi buyuk o’zgarishlar davrini anglatadi. Antik madaniyat barham topgandan so’ng o’n asrdan ortiq vaqt o’tgach, g’arb tafakkurida yana bir ulkan ko’tarilish, yangilanish ro’y berdi, shu sababli ham bu davrni Uyg’onish davri deb ataydilar. Yevropada Uyg’onish davri XIV asrning ikkinchi yarmidan boshlab, XVII asr gacha davom etdi. Renessans ilm-fan, madaniyat va san‘atda o’zini namoyon qildi. Uyg’onish davrining buyuk namoyondalari inson shaxsini ulug’laydilar, uning qadr-qimmati, his-tuyg’ularini qadrlaydilar, qoloq urf-odatlarga qarshi chiqadilar, ruh erkinligini yuqori qo’yadilar. Uyg’onish davri vakillarini gumanistlar ham deb ataganlar. Gumanistlar antik adabiyotga alohida hurmat bilan qaraganlar. Ular Rim va yunon adabiyotiga yuqori baho berganlar, Gomer dsotonlarini nashr qildirganlar. G’arbiy Yevropada tashkil qilingan universitetlarda qadimgi – lotin, grek, yahudiy tillari o’qitilgan. Uyg’onishning boshlanishi Italiyada namoyon bo’ldi, uning ilk yirik vakili Dante hisoblanadi. Keyinchalik Petrarka she‘rlari, Bokachcho hikoyalarida bu davrga xos asosiy belgilar – mavhum ramziy obrazlar o’rnini realistik obrazlar egallashi, voqelikni asliga muvofiq tasvirlashga intilish kabilar ko’zga tashlanadi. Bu harakat keyinchalik butun Yevropaga tarqaldi, Leonardo da Vinchi, Jordano Bruno, Kopernik, Ravle la Servantes kabi yirik mutafakkir va ulug’ yozuvchilarni yuzaga keltirdi. Renessans G’arbiy va Markaziy Yevropa mamlakatlari madaniyatidagi o’rta asrlardan yangi davrga o’tish bosqichini anglatadi. Nemis faylasufi Gegel “Falsafa tarixi” da Uyg’onish davrini “tong yog’dusi” deb atagan edi.
Uyg’onish davri muhim xususiyatlari inson shaxsini ulug’lash, kishi ongini din sarqitlaridan tozalash, tabiat va jamiyatni esa inson manfaatlariga xizmat ettirishda aks etadi. Cherkov inson qadr-qimmatini, his-tuyg’ularini rad etib, uning dunyo lazzatlaridan bahramand bo’lish istagini yomonlik, aql-idrok hukmronligini esa kishini halokatga mag’rurlikka olib boruvchi qo’pol his deb qoralaydi. Uyg’onish harakati esa insonning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan ozod bo’lishi g’oyasini himoya qiladi. Uning qadr-qimmati, aqli va qobiliyatini to’la tan oladi. Uyg’onish davrining xususiyatlaridan yana biri optik madaniyatga munosabat masalasida namoyon bo’ladi. Gumanistlar antik davrga qaytish maqsadida emas, balki o’zlarining ilg’or fikrlarini asoslash va kelajakka ishonch bilan qadam tashlash uchun uzoq o’tmishning ulug’ siymolari ijodiga murojaat qiladilar. O’rta asr jaholatparastligi, feodal-cherkov ideologiyasiga qarshi kurashda qadimgi davrning dunyoviy xarakteridagi adabiyoti va san‘ati katta madad bo’ladi.
Yevropa Uyg’onish harakatining vatani Italiya hisoblanadi. Italiya Renessansi Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi ijtimoiy harakatga ham katta ta‘sir ko’rsatadi. Frantsuz, nemis va ispan gumanistlari antik madaniy merosni bevosita o’rganishlari bilan bir qatorda, uni italyan mutafakkirlarining asarlarini o’qish orqali ham o’zlashtiradilar. Birinchi bo’lib Italiya shaharlarida oliy yuridik maktablarining paydo bo’lishi diqqatga sazovordir. XII asrda mashhur Bolonya universiteti tashkil etildi.
Mamlakat madaniy hayotida misli ko’rilmagan yangiliklar yuz bera boshladi. XII-XVI asrlar mobaynida Italiya shaharlarida 22 ta universitet ochildi: ularda ilohiyot ilmi emas, balki huquqshunoslik, meditsina fanlari o’rgatiladi.
Uyg’onish davri adabiyotida tabiat manzarasini tasvirlash ham yangi ma‘no kasb etadi. Bunday manzara Dante ijodidagi singari shoirning ruhiy holatini simvollashtirmaydi, balki o’zining cheksiz go’zalligi bilan inson his-tuyg’usini qo’zg’atuvchi va unga orom beruvchi manbaga aylanadi. Uyg’onish davri yozuvchilari ijodida inson va uni o’rab olgan muhit, kishining cheksiz imkoniyatlari va qizg’in ehtiroslarini atroflicha aks ettirish muhim o’rin tutadi. Petrarkaning sonetlari, Bokachcho hikoyalari shunday ruh bilan sug’orilgan asarlardandir.
Adabiyotlar:
1. I. Karimov. Yuksak ma`naviyat – yengilmas kkuch. T., Ma`naviyat, 2008.
2.Alimuhamedov N. “Antik adabiyot tarixi”. Toshkent. “O’qituvchi”.1975 yil.
3.Komilov N. “Tafakkur karvonlari”. Toshkent. “Ma‘naviyat”. 1999 yil.
4.Ch.Aytmatov, M.SHoxonov. “Cho’qqida qolgan ovchining ohi-zori”. Toshkent. “Sharq”. 1998 yil.
5.Sitsiron. “Nutq”. Jahon adabiyoti jurnali. 2005 yil iyun.
6. SH. Normatova. Jahon adabiyoti. T., CHo’lpon, 2008
Do'stlaringiz bilan baham: |