Ifodali o’qish metodikasining asoslari.
Asarni uning g’oyasiga, yozuvchining niyatiga mos ravishda, o’qish, asar jozibasini ifodalab, ravon, aniq, to’g’ri o’qish ifodali o’qish deyiladi. Ifodali o’qish adabiyotni aniq va ko’rgazmali o’qitishning dastlabki va asosiy formasidir. O’qituvchi ifodali o’qish orqali asar mazmunini va emotsionalligini o’quvchilarga ko’rgazmali ravishda yetkazadi.
Boshlang’ich sinflarda 1-4-sinflarda “O’qish kitob” darsligi, yuqori sinflarda 5-9-sinflarda “Adabiyot” darsligi o’qiladi.Boshlang’ich sinf o’qish darslarining asosiy qismini o’quvchilarning o’qishi tashkil etadi.Demak, boshlang’ich sinflarning o’ziga xos o’qish turlari, xususiy o’qitish metodikasi mavjud. Shunga ko’ra, har bir o’qish darsining 25-30 daqiqasi o’quvchining “O’qish kitobi”dan ichida yoki ovoz chiqarib o’qishga, shundan 5-7 daqiqasi ifodali o’qishga, qolgan 20-23 daqiqasini tanlab o’qishga , navbat bilan kuzatib o’qishga, daqiqa davomida tez o’qishga, takror o’qishga, so’zlab berish uchun ichida tushunib o’qishga, har bir xatboshini o’qib, unga reja tuzishga, o’quvchi tomonidan tuzilgan tayyor rejani asar izchilligi asosida qayta tartibga keltirib yozishga ajratilishi maqsadga muvofiqdir.
Ifodali o’qishga o’rgatishning muhim shartlaridan biri matnni o’qishdagi intonatsiyalilik asosida o’qish bo’lib, intonasiya – urg’u, temp, ritm, to’xtam, ovozning baland-pastligining yig’indisidir. Bular og’zaki nutq elementlari sanaladi. Bu orqali qahramonlarining turli kayfiyatlari, his-tuyg’ulari, ichki kechinmalari ifoda etiladi.
Ifodali o’qishni egallashning asosiy shartlari:
Nafasni to’g’ri olish va to’g’ri sarflash;
Tovushlarni aniq talaffuz qilish, burro gapirish;
Adabiy talaffuz normalarini egallash.
Bular ifodali nutqqa ham taalluqli. Ifodali o’qish shartlaridan yana biri ovozning baland-pastligi, yoqimliligi, uni o’z o’rnida asar mazmuniga mos holda o’zgartira olishlik hisoblanadi.
Ifodali o’qishga tayyorlanish shartli ravishda uch bosqichga bo’linadi:
1. Qahramonlarning xatti-harakatini tahlil qilish, g’oyasini belgilash, badiiy vositalarning vazifasini tushunish. Demak, asar tahlili ifodali o’qishni ta’minlaydi.
2. Pauzaning, urg’uning o’rnini, nutq tempini belgilab olish.
3. O’qishni mashq qilish.
Ifodali o’qish asosan, ikkinchi sinfning 2-yarmidan boshlanib, uchinchi-to’rtinchi sinflarda takomillashadi. Ifodali o’qish suhandonlik san’atidir. Bu san’atda aktyor yoki o’qituvchi, o’quvchi sintaktik birliklar – sintagmani gapdan ajrata bilishlari kerak, buni tabiiy nutq belgilaydi. Shu o’rinda sintagma atamasiga to’xtalamiz. Sintagma – qisqa nafas yoki bir nafas oralig’ida aytiladigan birikmadir. Sintagmani belgilashda so’zlar miqdori ahamiyatli emas. Sintagma ba’zan bir so’zga, ba’zan so’z birikmasiga, ba’zan gapga teng bo’lishi mumkin. Sintagma bir so’zdan iborat bo’lsa, u mantiqiy urg’u oladi, sintagma yoyiq bo’lsa, bir necha so’z qo’shib yozilganday bir nafasda tabiiy talaffuz qilinadi. Masalan, sintagmalar xabar ma’nosida, rozilik, norozilik, iltijo qilish, mag’rurona buyruq tarzida, achinish, qayg’urish ma’nolarida aytiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |