3. Davlat ta’lim standartida o’qish malakalarining sifatlariga qo’yilgan talablar.
Davlat ta’lim standarti o’quvchilarning bilimlariga qo’yilgan minimal talablar yig’indisi bo’lib, u davlat tomonidan belgilanadi.Davlat ta’lim standarti ta’lim mazmuni, shakllari, vositalari, usullarini, uning sifatini baholash tartibini belgilaydi. Ta’lim mazmunining o’zagi hisoblangan standart vositasida mamlakatimiz hududida faoliyat ko’rsatayotgan turli muassasalarda (davlat va nodavlat) ta’limning barqaror darajasini ta’minlash sharti amalga oshiriladi. Davlat ta’lim standarti o’z mohiyatiga ko’ra o’quv dasturlari, darsliklar, qo’llanmalar, nizomlar va boshqa me’yoriy hujjatlarni yaratish uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Davlat ta’lim standartida o’qish malakalarining sifatlarini shakllantirish usullari to’g’risida ham ma’lum me’yorlar belgilangan. Jumladan, 1-sinfda o’quvchilar matnni ongli, to’g’ri va bo’g’inlab sidirg’a o’qishni o’rganadilar. Olti-yetti yoshli bolalarning nutqini takomillashtirish uchun uning nutqidagi kamchiliklarni o’qish darslaridagina emas, balki barcha predmetlar yuzasidan o’tkaziladigan darslarda hamda darsdan va maktabdan tashqari uyushtiriladigan mashg’ulotlar jarayonida ham tuzatib borishga alohida ahamiyat berish zarur.
2-sinfda o’quvchilarda so’zlarni butunicha sidirg’asiga o’qish malakasi shakllanadi. O’qishning to’g’ri va ifodali bo’lishiga erishiladi,o’qish sur’ati tezlashadi. Bu sinfda o’quvchilar matnning ayrim qismlarini, qisqa hikoyalarni ichda (ovozsiz) mustaqil o’qishga o’tadilar. Matn ustida ishlash murakkablashib boradi, bolalar o’qituvchi rahbarligida asarning asosiy mazmunini aniqlaydilar, qahramonlarning xatti-harakatini ifodalovchi so’z va iboralarni topishga, voqea-hodisalarni so’z bilan tasvirlashga o’rganadilar.
3-sinfda so’zlarni butunicha sidirg’a o’qish ko’nikmasi to’la shakllanadi. Bu esa o’quvchilarning ongli va ifodali o’qishga qo’yilgan talablarni o’stirish imkonini beradi. 3-sinf o’quvchilari o’z nutqlarida maqollardan, hikmatli so’z va iboralardan foydalanishga, so’zlarni to’g’ri tanlashga, gap qurilishidagi so’zlarning bir-biriga bog’lanishidan to’g’ri foydalanishga o’rgatish talab etiladi.
4-sinfda o’quvchilar so’zlarni bo’g’inlamay sidirg’a o’qishlari, matnni tez, to’g’ri, ongli o’qiy olishlari kerak. Bu sinfda bo’g’inlab o’qishga yo’l qo’yilmasligi kerak.Bolalar o’qigan matn mazmunini mustaqil ravishda qayta hikoya qilishlari, matn yuzasidan sodda reja tuza olishlari, uning asosiy mazmunini ajrata olishlari, o’qigan matnni to’la, qisqartirib tanlab qayta hikoyalashlari zarur.
Davlat ta’lim standartida boshlang’ich sinf o’quvchilarining tez o’qishlariga bir qator talablar qo’yilgan bo’lib, ularni quyidagi jadval asosida tasvirlaymiz:
1-sinf
|
2-sinf
|
3-sinf
|
4-sinf
|
Talaffuzga mos bo’lgan 25 – 30 ta so’zli matnni harf va bo’ginlarni tushurib qoldirmay, oshiqchasini qo’shmay o’qiy olishlari kerak.
|
Notanish matnni o’qish tezligi bir daqiqada 40 – 50 ta so’zni o’qishi va o’qish vaqtida vergul hamda gap oxiridagi tinish belgilariga mos to’xtam (pauza) va ohangga rioya qilishlari kerak.
|
Notanish matnni o’qish tezligi bir daqiqada 60 – 70 ta so’zni tashkil etib, o’qish jarayonida mantiqiy urg’uni, tezlikni, to’xtamni, o’qish ohangini to’g’ri tashkillashlari talab etiladi.
|
Bu sinfda o’quvchilar matnni adabiy til qoidalariga rioya qilgan holda ongli, to’g’ri va o’rtacha tezlikda bir daqiqada 80 – 90 ta so’z o’qiy olishlari kerak.
|
Muammoli vaziyat:
2 - “A” sinf o’quvchisi Mo’ydinov Asliddin sinfning eng faol o’quvchilaridan. U barcha fanlarni yaxshi o’zlashtiradi. Lekin uning bir kamchiligi bor. Asliddin “O’qish” fanida o’rgangan matn, ertak va hikoyalari yodida qolmaydi, asarlarning mazmunini qayta hikoya qilishga qiynaladi. Shunga qaramasdan, uning o’qish tezligi juda yuqori. Xattoki, notanish matnlarni ham yodlab olganday tez va to’g’ri o’qiydi.
Savol: Asliddinning ongli o’qishiga qanday qilib erishish mumkin? Umuman, tez va to’g’ri o’qishni ongli o’qishga aylantirish mumkinmi, qaysi usullar bilan?
Do'stlaringiz bilan baham: |