ILMIY AXBOROTNOMA
FALSAFA
2016-yil, 2-son
sohalarida amalga oshayotgan moddiylik va ma’naviylik o‘zaro ta’siri (munosabati)ning ko‘plab
tomonlari hali o‘rganilmagan. Ularga, jumladan, ijtimoiy taraqqiyotda moddiylik va ma’naviylik
omillari dialektikasi ham kiradi.
Ijtimoiy taraqqiyotni bir qarashda odamlarning moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish birlikda va
o‘zaro munosabatda bo‘ladigan jamiyat ijtimoiy hayot va faoliyatning real asosi sifatida baholash
mumkin. Ma’lumki, ijtimoiy ishlab chiqarishning uzviy, ichki jihatdan bog‘liq kichik tizimlarini
moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish tashkil etadi. Bunda agar moddiy ishlab chiqarish ijtimoiy falsafa
yoki iqtisodiyot nazariyasi tomonidan chuqur tahlil qilingan bo‘lsa, ma’naviy mahsulotlarni ishlab
chiqarish borasida shakllanayotgan faoliyat va yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlar tizimi
endilikda faylasuf va iqtisodchilarning diqqat markaziga ko‘chmoqda, ayni vaqtda bu nihoyatda
murakkab va ba’zan oddiy tafakkur uchun juda «noqulay» obyekt bo‘lib qolmoqda. Bu esa ma’naviy
ishlab chiqarishni iqtisodiy tahlil qilish mumkin yoki mumkin emasligi, ishlab chiqarish va «noishlab
chiqarish» sohalari chegaralari, ma’naviy faoliyatni takror ishlab chiqarishga qo‘llaniladigan
kategorial apparatlar va normativ baholar, pirovard natijada iqtisodiy nazariya fanining tadqiqot
obyektini nima tashkil etishi mumkinligi haqidagi bahs-munozaralarni rag‘batlantirmoqda. Ushbu
muammolarning hammasi, shubhasiz, falsafiy xususiyatga ega. Ular, bizningcha, ijtimoiy taraqqiyotda
moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish dialektikasini anglash orqali hal etilishi mumkin. Aynan shu
muammo, nazarimizda, yaqin yillarda ijtimoiy taraqqiyotning
shunday asosiy jihatini tashkil etadiki,
jamiyat hayotini yangicha anglash, o‘rganishga qaratilgan falsafiy va iqtisodiy yondashuvlarni
birlashtiruvchi yangi ilmiy bilimlarini «biriktiruvchi» to‘qimasi aynan shu muammo atrofida
shakllanadi. Ushbu muammoning hal etilishi falsafaning ham, iqtisodiyot nazariyasining ham
mazmunan boyishi va metodologik samaradorligi ortishiga yordam beradi. Biroq tadqiqotchilarni bu
yo‘lda kutayotgan qiyinchiliklarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
«Moddiylik», «ma’naviylik», «moddiy ishlab chiqarish», «ma’naviy ishlab chiqarish», «ijtimoiy
borliq», «ijtimoiy ong» kategoriyalari yaxlit ta’limot bo‘lmish ijtimoiy falsafaning asosiy mazmunini
tashkil etadi. Shu bilan birga, ularning har biri falsafaning ayrim qismlari doirasida mavjud kategorial
aloqalar tizimiga kiradi, muayyan kategoriyalar qatorining vakili hisoblanadi va shu bois obyekt
topshirig‘ining o‘ziga xos mantig‘ini aks ettiradi. Ko‘p qirrali kompleks muammolarni hal qilishda
turli fanlarning kategoriyalarini birlashtirishga urinishlar har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lmaydi,
chunki ayni bir kategoriyalar turlicha talqin etilishiga duch kelinadi. Turli fanlar vakillari uchun o‘zlari
ko‘nikkan talqinlar mavjud bo‘lib, boshqa talqinni qabul qilish ularga psixologik qiyinchilik
tug‘diradi. Bu o‘rinda qandaydir vositachi til kerak bo‘lib, uni ishlab chiqishdan avval obyektni
nazariy aks ettirishning turli darajalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni metodologik jihatdan puxta
tekshirish (tadqiq etish) lozim bo‘ladi. Gap obyektni anglashning falsafiy va iqtisodiy usullari
o‘rtasidagi chegarani yo‘q qilishda emas, balki ushbu obyekt o‘rganilayotgan umumiy darajalarni aniq
belgilash hamda ularni bog‘lovchi bo‘g‘inni topishdadir. Bu vazifa gnoseologik-metodologik masala
bo‘lib, uni falsafaning integrativ (birlashtirish) funksiyasidan to‘liq foydalangan holda hal qilish zarur.
Falsafa fanlarning o‘zaro munosabati metodologiyasini ishlab chiqish, boshqa fanlar bilan birgalikda
bilimning turli sohalari o‘rtasidagi «chok» va «o‘tishlar» tabiatini, yaxlitlikning ikkiga ajralish
mexanizmlarini va undagi ziddiyatli jihatlarni bilish metodologiyasini topib, dialektik tadqiq etishga
xizmat qilishi lozim. Bunda shuni yodda tutish lozimki, hech qanday mavhum, «universal», bilim
sohalarining o‘ziga xos tabiatiga befarq tizim va modellar har bir fandagi muayyan vaziyatni aniq
tahlil qilishning ham, ularning umumiy aloqalari aniq tabiatini tahlil qilishning ham o‘rnini bosa
olmaydi.
Ijtimoiy taraqqiyotning moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish omillarining o‘zaro munosabatini
tahlil qilishda falsafa va iqtisodiyot nazariyasi o‘rtasida to‘plangan axborot tajribasini o‘zaro
almashish zarurati ijtimoiy amaliyot ehtiyojlari bilan ham bog‘liqdir. Ijtimoiy taraqqiyotning
tezlashuvi butun jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar tizimini tubdan isloh qilish zaruratini ham yuzaga
keltiradi. Iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy hayot sohalari o‘rtasidagi aloqalar keskin
murakkablashadi, buning ustiga, ularning rivojlanishida o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi ustunlik qila
boshlaydi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizning iqtisodiy hayotini tubdan o‘zgartirish borasida qabul
qilinayotgan qarorlarning amaliyligi ijtimoiy boshqaruvning samaradorligi bilan bevosita bog‘liqdir.
Amaliyotning o‘zi shuni ko‘rsatmoqdaki, ijtimoiy sohalarning birida yuz bergan o‘zgarish boshqa
barcha sohalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda va binobarin, boshqa tizimlardagi rivojlanishni tartibga
solmay turib, ijtimoiy munosabatlarning biror tizimidagi islohotlarni rag‘batlantirishning iloji
bo‘lmaydi.
63
Do'stlaringiz bilan baham: |