ILMIY AXBOROTNOMA FALSAFA 2019-yil, 6-son
50
O‘zbekiston hududida 924-1231 yillarda bo‘lib o‘tgan voqealar turli guvohlarning axborotlari va muallifning
shaxsiy kuzatuvlari bilan to‘plangan aniq ma’lumotlar asosida yozilgan. Yoqut al-Hamaviyning “Mu’jam al-
buldon” ya’ni “Mamlakatlar qomusi” asari qomusiy xususiyatga ega bo‘lib, unda Markaziy Osiyo tarixi va
geografiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Rashiduddin ibn Fazlulloh ibn Imoduddavla Abu-l-xayr
al-Hamadoniy jahon tarixini o‘z ichiga olgan “Jome’ ut-tavorix” ya’ni “Tarixlar majmuasi” nomli asarida
Sharq va G‘arb mamlakatlari, Xitoy hamda Hindiston tarixiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarni keltirgan. Arab
sayyohlari, geograf va tarixchilari Tabariy, Al-Istahriy, Al-Maqdisiy, Yoqut al-Hamaviy, Ibn Fadlan, Ibn
Rusta, Ibn Battuta va boshqalar Markaziy Osiyo, Xorazm shaharlari haqida gapirar ekan, bu shaharlarning
kattaligi, go‘zal va ulug‘vorligi, bozorlarining gavjumligi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanganligi,
aholisining ko‘pligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tishgan. Xorazmga sayoxat qilgan Yoqut Hamaviy “Uning
barcha viloyatlarida yurasanmi, yo bozorlarida yurasanmi – buning farqi yo‘q. O‘ylaymanki, Xorazm singari
bepoyon va keng yer, shu singari aholisi ko‘p yurt dunyoda bo‘lmasa kerak”, degan bo‘lsa, Xorazmda bo‘lgan
arab sayyohi Ibn Battuta Urganch haqida “Bu – turklarning katta, muhim, chiroyli va ulug‘vor shahri bo‘lib,
ajoyib bozorlari, keng ko‘chalari, juda ko‘p imoratlari va jozibador, ko‘rkam joylari bor. Shaharda hayot
qaynaydi, aholisi shunchalik ko‘pki – u mavjlanib turgan dengizni eslatadi”, degan edi.
Geograf al-Istaxriy Xorazm poytaxti va unga boruvchi yo‘llar ta’rifini bersa, X asrda yashagan Axmad
ibn Fadlan ibn Abbos 921-928 yillarda abbosiy xalifa Muqtadir elchisining kotibi sifatida “Kumush yo‘l” deb
atalgan Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘idan sayohat qiladi va Bag‘doddan O‘rta Volga bo‘yigacha,
bulg‘orlar shohligiga yetib boradi. Arab sayyohi al-G‘arnatiy Xorazm orqali Russiya va Bulg‘oriyaga sayohat
qilishi davomida “Yo‘lnoma” tuzadi va ushbu yo‘llar ta’rifini beradi. O‘rta asr arab geograflari tuzgan
yo‘lnomalar mualliflariga al-Yoqub (IX asr), Balazuri (IX asr), At-Tabariy (X asr), Qudama (X asr), al-Istaxri
(X asr), ibn-Xaukal (X asr), al-Muqaddasi yoki al-Maqdisiy (X asr), “Xududal-Olam” kitobining ismi
noma’lum muallifi (X asr), Bayhaqiy (XI asr), Nizom ul-mulk (XI asr), Gardiziy (XI asr), as-Samani (XII asr),
Isfandiyor (XIII asr), Yoqut (XIII asr), Hamavi (XIII asr), Ibn al-Asir (XIII asr) va boshqalar kiradi. Yo‘llar
haqidagi ma’lumotlarni ularning o‘zlari sayohatlari davomida yig‘ishgan yoki ishonchli qo‘lyozmalardan
yig‘ib olishgan [3].
Sharq Uyg‘onish davri IX-XII va XIV-XV asrlarda faoliyat olib borgan Markaziy Osiyolik
mutafakkirlar ilmi kalom, ilmi hikmat, ilmi rivoyat, ilmi tavhid, aqida ilmi kabi diniy va dunyoviy ilmlarni
rivojlantirish jarayonida boshqa mamlakatlarga sayohat qilganlar, u yerlardagi kutubxonalardagi qimmatli
kitoblarni o‘rganganlar, muqaddas joylarni ziyorat qilganlar, tibbiyot, musiqa, tabiiy va diniy fanlarning
taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Ushbu sohadagi faoliyat bugungi kunda ma’rifiy turizm, ziyorat
turizmi, tibbiyot turizmi va turizmning boshqa sohalari sifatida e’tirof etilmoqda. Sharq mutafakkirlarining
ba’zilari musiqa, tasviriy san’at, me’morchilik va boshqa sohalarga qiziqqan bo‘lsalar, tasavvuf ta’limoti
rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan ba’zi mutasavvuflar turli-tuman kasb-hunarlarni o‘rganib faoliyat olib
borganlar. Tijorat turizmi ham Buyuk Ipak yo‘li o‘z faoliyatini olib borgan barcha davrlarda rivojlanib,
savdogarlar Xitoy, Hindiston, Saqlab va Bulg‘or, Rumo va boshqa mamlakatlarga o‘z sayohatlarini
uyushtirganlar, ilgari ko‘rmagan yangi tabiiy shart-sharoitlar bilan tanishganlar. Bu esa o‘sha davrda ekoturizm
ham o‘ziga xos tarzda rivojlanib borganligini ko‘rsatadi. Sport turizmi ham tarixiy asoslarga ega bo‘lib, turli
bayramlar, tantanali marosimlarda ko‘pgina mamlakatlardan polvonlar, chavandozlar kelib o‘zaro
bellashganlar, ularning nomlari Sharqda ham, G‘arbda ham mashhur bo‘lgan. Pahlavon Mahmudning
Hindistonga borib kurash tushgani to‘g‘risidagi rivoyat tarixiy manbalar orqali bizgacha etib kelib, bu fikrning
asosli ekanligini ko‘rsatadi.
Sharq Uyg‘onish davri, IX-XII asrlarda Movarounnahr va Xorazmdan Arab xalifaligining markaziy
shaharlari, Damashq, Qohira, Bag‘dod, Kufa, Basra, Makka, Madina va boshqa shaharlarga borib ta’lim
oladigan, ilm bilan shug‘ullanadigan kishilar ko‘paydi. IX asrda Bag‘dodda “Bayt-ul-Hikma”
(“Donishmandlar uyi”) , Sharqning o‘z davridagi fanlar akademiyasi tashkil etilgan bo‘lsa, X asr oxirlarida
Xorazmda ham podsho Ma’mun ibn Ma’mun davrida “Donishmandlar uyi”, “Bayt-ul-hikma”, “Ma’mun
akademiyasi”, (Xorazm akademiyasi) tashkil topib, Bag‘dod va Urganchdagi “Donishmandlar uyi”da o‘z
vaqtida nomlari dunyoga mashhur alloma va mutafakkirlar – Ahmad Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, Abu Rayxon
Beruniy, Abu Ali ibn Sino, ibn al-Hammor, Abu Saxl Masixiy, ibn Iroq va boshqa olimlar faoliyat olib borgan
edilar. Bugungi kunda ham insonning ilm-ma’rifat olishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’rifiy turizm jahon
miqyosida ham, O‘zbekistonda ham rivojlanib bormoqda.
Buyuk Ipak yo‘li orqali yevropalik sayyohlar Plano Karpini, Rubruk, Marko Polo, Afanasiy Nikitin va
boshqalar Sharq mamlakatlariga sayohat qilganlar. G‘arb mamlakatlaridan Movarounnahrga elchi va
sayyohlarning safarlari Amir Temur va temuriylar davrida faollashib, Konstantinopoldan Ioann VII
Paleologning elchilari Frensis va Aleksandr 1401-yilda Amir Temurning Qorabog‘dagi qarorgohiga borishgan
edi. Amir Temur davrida Fransiya qiroli Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV, Kastiliya va Leon qiroli Genrix III
Do'stlaringiz bilan baham: |