Al-Andalus adabiyoti. Ispaniyadagi arab tilidagi she`riyatda arab yarimorolida qadim davlatlarda shakllangan badaviy she`riyati an`anasi davom ettirilib, shoirlar umrida ko`rmagan cho`l-u biyobon, qum barxanlari, tuya obrazini she`rlariga kiritadilar. Keyinchalik, X-XI asrlarda bu qadimiy an`anaviy timsollar juda kamayadi, endi ko`proq go`zallik, hayotni kuylash, homiylik qiluvchi hokimni madh etish, ko`pincha uni mahbuba sifatida nazarda tutib, unga o`z sadoqatini izhor qilish kabi Sharq she`riyatiga xos xususiyatlar qo`llanadi.
Arab Ispaniyasida klassik arab she`riyatiga tafsirlar yozish holatini ham ko`ramiz (XI asrda Kordovada al-Ifliliy ismli o`qituvchi Mutanabbiy she`riga yozgan tafsiri bunga yaqqol misol). Ispaniyadagi arab shoirlari ajoyib poetik asarlar ham yaratganlar. U she`rlar mazmun boyligi, turliligi bilan xarakterlanadi: tabiat go`zalligi, muhabbat, mahbubaning go`zalligi, do`stlik, madhiya, satira, hayotdan zavqlanish yoki uning alamlaridan zorlanish va hokazo.
Ispaniyada Qur`on, Muhammad al-Buxoriyning hadislar to`plami kabi diniy asarlar qayta-qayta ko`chirilib, Qur`onga tafsirlar yoziladi, arab tili grammatikasi (Ibn Malik, “Alfiya”), lug`atlar tuziladi (Ibn Sidaning 17 jildlik “al-Muxassas” lug`ati), adabdan ham qator asarlar yaratiladi (bular orasida eng ahamiyatlisi Ibn Abu ar-Rabbihiyning “Al-Iqd” risolasi). Abu Bakr at-Turtushiyning mashhur “Siroj al-muluk” risolasi, Haririyning “Maqomlar”i ham shu davrda Ispaniyada yaratilgan edi. Umuman arab adabiyoti, falsafasi, fanining taraqqiyotida arab Ispaniyasi ijodkorlarining hissasi katta bo`lgan.
Ispaniya adabiyotida nasihatomuz (didaktik) xarakterdagi hikoyalar to`plamlari ham ko`plab yaratilgan. Bunga sabab ushbu mamlakat xalqlarining ijtimoiy va madaniy taraqqiyot darajasida shu janrga ehtiyoj bo`lganidan. Ko`p asrlar davomida turli Sharq xalqlari bilan yonma-yon yashagan ispan xalqi psixologiyasi, madaniy taraqqiyot darajasi, ma`naviy talabi jihatidan Sharq xalqlariga yaqin edi. Yevropalik olimlarning bunday ruhiy yaqinlikni tan olmasliklariga qaramay, Sharq adabiyoti an`anasi boshqa Yevropa mamlakatlariga qaraganda Al-Andalusda keng ildiz otdi. Ispan hikoyasiga xos bo`lgan nasihatgo`ylik xarakteri keyinchalik Yevropa mamlakatlarida yaratilgan hamma nasriy asarlarda ham o`z aksini topdi.
Musulmon Ispaniyasida yaratilgan odob-ahloq haqidagi asarlar orasida eng mashhuri Abu Bakr at-Turtushining (1069-1130) “Siroj al-muluk” hikoyatlar to`plamidir. Tazkiralar orasida Abul Valid al-Himyariyning (1026-1084) bahor va gullarga bag`ishlangan tazkirasi ispan-arab adabiyoti tarixida alohida o`rin egallaydi.
Ispan arab adabiyotida eng past tabaqadan chiqqan ayyor, aqlli, tadbirkor shum bola sarguzashtlari tasvirlanadigan, saj usulida yoziladigan hikoyachilik, qissachilik ham shakllanadi. Bu turdagi dastlabki asarlarning muallifi Badi al-Zamon al-Hamadoniy (969-1008) edi. Keyinchalik bu janr keng tarqaladi. Bular orasida eng xarakterlisi al-Haririyning (1054-1122) “Maqomat” to`plami deyish mumkin.
Ispaniyada rivojlangan nasriy adabiyot vakillarining eng buyugi qurdobalik Abu Muhammad Ali ibn Ahmad ibn Hazm (994-1064; olim Yevropada Abenhazam nomi ostida tanilgan) bo`lib, uning birinchi asari “Toukal-hammana” (“Kabutarlarning zebigardoni”) barchani hayratga soladi. Chunki asar ishq masalasiga bag`ishlangan bo`lib, asosiy qism ishqiy mazmundagi g`azallar, hikoyatlar, saroylar va haramlar hayotidan olingan epizodlar bilan boyitilgan edi. Asarni o`qir ekanmiz, o`zimizni xuddi Al-Andalusda bo`lgandek his etamiz. Risolada adib o`z diqqatini asar mazmunidan ko`ra ko`proq, uslubi va tiliga qaratgan. Asarning yagona qo`lyozmasi Leyden kutubxonasida saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |