Al-Andalusda san`at. Odatda san`atni o`rganish tarixchi faoliyatining chegaralaridan tashqarida bo`lsa ham, Musulmon Ispaniyasiga nisbatan san`atshunos-mutaxassislar chiqargan xulosalarni e`tiborga olish lozim, chunki musulmon (mavritan) san`atining taraqqiy etishi al-Andalusning adabiy tarixini to`ldirib turadi. 976-yilgacha bo`lgan davr mavritan san`ati shakllanish vaqti (davri) bo`ldi. Bu paytda uning alohida hususiyatlari vujudga keldi, unga tegishli bo`lgan ruh paydo bo`ldi.
Bebaho me`moriy obidalar va mustahkam qal`alar majmuidan tashqari shuningdek, ko`plab mayda buyumlar ham saqlanib qolgan. Jumladan, fil suyagi va marmardan yasalgan anjom. Bu buyum oltin va xrustal bilan yasatilgan edi (bu turdagi bezak Kordovada taxminan 850-yilda kashf qilingan).
Metallarni qayta ishlashning go`zal an`anasi vestgotlardan meros qolgan bo`lsa-da, boshqa hunarmandchilik an`analari musulmon dunyosida rivoj topdi, ular sharq texnologiyalari asosida shakllandi. Mavritan san`ati Sharq va G`arb san`atining mujassamlashuvi bo`lib namoyon bo`ladi, garchi unda alohida xususiyatlarni ajratib ko`rsatish mushkul bo`lsa ham. Tabiiyki, foydalanilgan materiallar va uslublar vestgot davriniki bilan bir xil edi, dekaratsiya elementlari ellin madaniyati ta`sirini eslatib turadi.
Aftidan, Musulmon Ispaniyasi san`ati ummaviylar davri Suriya san`atining ko`pgina xususiyatlarini saqlab qolgan ko`rinadi. Hatto Abdurahmon III davrida bunyod etilgan Kordovadagi Katta masjid minorasi xuddi Suriyadagi masjidlardagidek kvadrat shaklda edi.
Faqatgina Abdurahmon III ning vorisi Al-Hakam II ning davriga kelibgina Bag`dod madaniyatining ta`siri seziladi. Bu davrni arab-musulmon madaniyatining o`ziga xos xususiyatlarini namoyon qilishga urinishlar davri deb atasak bo`ladi.
Ummaviylar Ispaniyada o`rnatgan qudratli davlat uzoq davom etmadi. XI asr boshlarida feodal tuzumiga xos bo`lgan zidddiyatlar, harbiy feodallarning markaziy davlatga qarshi kurashi natijasida Ummaviylar davlati parchalanib, muluk at-tavoiflar vujudga keladi. Biroq, ummaviylarning Ispaniyaga kelishi beiz ketmadi. Hatto, 1492-yili arablarning Ispaniyadagi oxirigi makoni Granada xristianlar tomonidan ishg`ol etilgandan keyin ham arab-musulmon madaniyati, urf-odati, tilidan foydalanish udumi uzoq vaqtgacha saqlanib qoldi.
Darhaqiqat, Al-Andalusiyada arab-musulmon madaniyatining taraqqiyoti san`at va madaniyatning barcha jabhalarini qamrab oldi. Bu haqda uch jildlik “Ispan adabiyoti tarixi”ning muallifi Tiknor “Kordova hayotining eng ajoyib davri 750-yil shaharni arablar bosib olganidan to 1236-yil ispanlar qo`liga o`tkuncha bo`lgan davrda tafakkur, ilm-fan, adabiyot, san`at va umuman madaniyat rivojining shunchalik oliy cho`qqisiga ko`tarilgan ediki, bunday holatni Yevropaning boshqa mintaqasida axtarish umuman be`manilik edi”, - deya ta`kidlaydi. Tabiiyki, mintaqa yutuqlaridan chegaradosh Provans (janubiy Fransiya) va shimoliy Italiya ham bahramand bo`ldilar, savdo-sotiq, ta`lim-tarbiya, ilm-fan, adabiyot, me`morchilik va san`at yutuqlari qo`shni chegaradosh mamlakatlarga ham o`tdi va ularni asrlar mobaynida davom etgan O`rta asr uyqusidan uyg`otdi.
Bundan tashqari arablar Ispaniyada sun`iy sug`orish asosiga qurilgan qishloq xo`jaligi va dehqonchilikni yanada takomillashtirdilar. O`sha davrning suv inshootlaridan Ispaniyada haligacha foydalanadilar. Ispan tilidagi sug`orishga oid leksika arab tilidan olingan. Arablar charxpalak usulini ham olib kelganlar. Ispanlarga arablar orqali shakarpoya, guruch, apelsin, limon, baqlajon, paxta o`stirish, dorivor o`simliklar o`tadi. Arablar Ispaniyaga ipak qurtini ham olib keladilar. Oila, uy, hovli-joy, turli oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy hayot, sayohat, hunarmandchilikka oid atamalarni ham ispanlar arablardan olganlar va bu so`zlar ispan tilida haligacha faol muomalada bo`lib kelmoqda.
Arablar dengiz va okeanlarda suzish ishida ham ilg`or edilar. Dengiz xaritalari dastavval arablar tomonidan tuzilgan bo`lib, keyinchalik yevropaliklar ispanlardan olganlar. Kemachilikka oid ko`plab so`zlar xalqaro atamalarga aylangan va haligacha iste`mol etilmoqda (admiral, barqa, barkas va b.). Umuman yevropa ahli yer kurrasining tuzilishi haqidagi ma`lumotlarni Sharq olimlaridan o`zlashtirganlar. XII asrgacha yevropaliklar o`z qit`alaridan boshqa joylarning hammasi musulmonlarga qaraydi, deb hisoblashgan. Faqat Sitsiliya qiroli Vilgelm davri (1154-1166)da Hindiston, Xitoy va Afrika haqidagi ma`lumotlarni saroy olimi arab Idrisiy asaridan biladilar.
Arab Ispaniyasi musulmon dunyosida keng rivoj topgan savdo aloqalarida ham ishtirok etadi. Sharq mamlakatlarining o`zaro savdosi, Sharq mamlakatlari bilan Yevropa mamlakatlari, islom dunyosi bilan Hindiston, Xitoy o`rtasidagi savdo aloqalarida ham ispan arablari va yahudiylari ishtirok etadilar. Savdo, iqtisod, bojxonaga oid so`zlar arablardan o`tgan va haligacha ishlatilib kelinmoqda. Agar Yevropadan Sharqqa xom ashyo, qurollar borsa, Sharqdan Yevropaga hashamatli, shukuhli hayot buyumlari, madaniyat mahsullari, qimmatbaho matolar, attorlik mollari yetkazib berilgan108.
Xalqlarning bir-biri bilan yaqindan aloqada bo`lishining samarasi qanchalik buyuk ekanini Ispaniya misolida ko`rdik. Arablarning mintaqaga kelishi jahonning yarmini tashkil qilgan xalifalikning bir qismi bo`lishiga olib keldi. Bu jarayon xalifalikni tashkil etgan o`nlab xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy yutuqlaridan bahramand bo`lishga, natijada Ispaniyaning boshqa Yevropa mamlakatlari orasida keskin rivojlanishiga sabab bo`ldi.
Hozirgi kunda Al-Andalusiya ma`naviy boyligining anchagina qismi Marokash, Tunis, Fes kabi shaharlar kutubxonalari va shaxsiy kutubxonalarda saqlanmoqda. Al-Andalusiyaning ma`naviy boyligi endilikda umuman islom Sharqi xalqlarining bebaho merosiga aylangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |