Xulosa va takliflar ……………………………………………………….........69
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati ……………………………………….. .71
Ilovalar…………………………………………………………………………74
Kirish
Mavzuning dolzarbligi. Ajdodlarimizning asriy orzusi bo`lgan milliy istiqlolga erishilganidan so`ng ijtimoiy hayotning ko`pgina sohalari qatori ma`naviyatga, madaniy merosga bo`lgan e`tibor har qachongidan ham kuchaydi. Respublikamizda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni ayniqsa, ma`naviyat sohasida jadal davom etmoqda. Mustaqillik mafkurasi va milliy g`oya yoshlar ongiga ko`proq singib borayotgani bois ularda komillikka intilish, ajdodlarimiz merosi, ularning jahon tamadduniga qo`shgan hissasi, umuman, madaniyat tarixiga bo`lgan qiziqish kuchaymoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov ma`naviyatni yuksaltirishda o`tmish madaniy boyliklarini chuqur o`rganish va targ`ib etish nihoyatda muhim ekanini ko`plab ma`ruzalarida qayta-qayta ta`kidlab o`tganlar. Shu o`rinda davlatimiz rahbarining madaniy meros va o`tmishdagi allomalarimizning hayoti va ijodini o`rganish ehtiyoji xususidagi so`zlarini eslash maqsadga muvofiqdir.
“Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko`p asrlar mobaynida yaratib kelingan g`oyat ulkan, bebaho ma`naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan nihoyat muhim vazifa bo`lib qoldi1”.
Dunyo sivilizatsiyalari tarixida muhim o`rin tutuvchi arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida Arab Xalifaligi tarkibiga kirgan barcha xalqlar qatori Markaziy Osiyo xalqlari ham benihoya darajada ulkan hissa qo`shganlar. Ushbu madaniyat yuksalishiga hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki jahon ahlining hurmat-e`tiboriga sazovor bo`lib, keng miqyosda e`tirof etilmoqda. Shuningdek, arab-musulmon madaniyati jahon xalqlari madaniyatiga ta`siri shunchalik beqiyoski, Arab xalifaligi tarkibiga kirgan Osiyo va Shimoliy Afrika mamlakatlaridan tashqari, hatto Yevropa davlatlari ham ushbu ta`sirdan chetda qolmadi. Madaniyat umuminsoniy hodisadir. Faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning o`zigina yaratgan sof madaniyat bo`lmaydi va bo`lishi ham mumkin emas. Har bir milliy madaniyatning asosiy qismini shu millatning o`zi yaratgan bo`lsa-da, unda jahon xalqlari yaratgan umuminsoniy madaniyatning ulushi va ta`siri bo`ladi. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov ta`kidlaganidek, “Ma`lumki, har qaysi xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, ma`naviy qarashlari o`z-o`zidan, bo`sh joyda shakllanib qolmaydi. Ularning vujudga kelishi va rivojlanishida aniq tarixiy, tabiiy va ijtimoiy omillar asos bo`lishini hammamiz yaxshi tushunamiz2”.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ushbu bitiruv malakaviy ishini dolzarbligi va ahamiyatlilik darajasini belgilaydigan bo`lsak, u quyidagilarda namoyon bo`ladi:
Ko`p yillar davomida sharqshunoslikka oid adabiyotlarda VII-XI asrlarda shakllanib taraqqiy etgan madaniyatning yaratuvchilari faqatgina arablar deb noto`g`ri talqin etib kelindi. Aslida esa bu madaniyat Arab xalifaliga tarkibiga kirgan barcha mamlakat xalqlari yaratgan umumiy madaniyat ekanligini, unda buyuk ajdodlarimizning ham hissasi buyuk ekanligini e`tirof etish bugungi kunda nihoyatda dolzarbdir.
Arab-musulmon madaniyatini o`rganishning dolzarbligi shundaki, mustaqil ijtimoiy-siyosiy taraqqiqyot yo`lida borayotgan musulmon Sharqi, va umuman, ko`plab Osiyo va Afrika mamlakatlaridagi madaniy-ma’naviy meros va madaniy qadriyatlarning hozirgi jamiyatda, uning ma’naviyati va mafkurasida tutgan o`rni muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Musulmon dunyosi yaratgan madaniy merosning nafaqat Sharq, balki G`arb mamlakatlarining ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan roli, shuningdek, arab-musulmon madaniyatining insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishiga qo`shgan ulkan hissasini xolisona yoritish, uni to`laqonli tadqiq etish bugunning dolzarb vazifalaridan biridir. Shu bois yuqoridagi masalalarni yangicha qarashlar va mezonlar asosida o`rganish tadqiqotimizning dolzarbligini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |