Shunday qilib, buxgalteriya hisobining predmetiga qo’ydagicha ta’rif berish mumkin: xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatlarida ishtirok etadigan va pul ifodasida aks ettiriladigan iqtisodiy jarayonlar hamda aholining daromadlari va xarajatlari buxgalteriya hisobining predmeti bo‘lib hisoblanadi.
2. Xo’jalik mablag’lari va ularni paydo bo’lish manba’larini turkumlash. Korxonalar ixtiyorida ma’lum miqdordagi mablag‘larning bo‘lishi ularning o‘z faoliyatini amalga oshirishini muhim shartlaridan biridir. Mablag‘larning miqdori va ulardan foydalanish tartibi korxona foaliyatining xususiyatidan kelib chiqadi.
Korxonalar xo‘jalik mablag‘lari va ularning tashkil topish manbalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar olish va buxgalteriya hisobini to‘g‘ri tashkil qilish uchun, ularni ilmiy asoslangan guruhlarga bo‘lib o‘rganish yaxshi natija beradi.
Buxgalteriya hisobiga doir ilmiy va o‘quv adabiyotlarda xo‘jalik mablag‘larini ikki xil belgilari bo‘yicha guruhlab o‘rganish tavsiya etiladi, birinchidan, mablag‘larini tarkibi va joylanishiga bo‘yicha turkumlash, ikinchidan, xo‘jalik jarayonidagi funksional roliga, shu jarayonda qatnashish xususiyatiga va muddatiga ko‘ra turkumlash.
Bizningcha, xo‘jalik mablag‘larini turkumlashda birinchidan, buxgalteriya hisobining maqsadidan, vazifasidan, bajaradigan funksiyasidan, moliyaviy hisobotlarni tuzish tamoyillaridan, hisob ma’lumotlarining korxona faoliyati uchun qanchalik zarurligidan, ikkinchidan, davlatning soliq siyosatidan kelib chiqish kerak. Masalaga bunday yondoshish, uning tub mohiyatini ochib beradi.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqqan holda xo‘jalik mablag‘larini quyidagi belgilari bo‘yicha turkumlashni maqsadga muvofiq, deb bilamiz:
Tarkibi va xususiyatiga ko‘ra;
Xo‘jalik jarayonida qatnashish muddatiga ko‘ra;
Xo‘jalik jarayonidagi funksional roliga ko‘ra;
Takror ishlab chiqarishning qaysi sikliga tegishliligiga ko‘ra;
Tashkil topish manbalariga ko‘ra.
Xo‘jalik mablag‘lari korxona xo‘jalik jarayonda qatnashish muddati va xususiyatiga ko‘ra uzoq muddatli va joriy aktivlarga bo‘linadi.
Uzoq muddatli aktivlar tarkibi va moddiylashishiga ko‘ra mulklardan va nomoddiy aktivlardan tashkil topadi. Korxona mulklariga asosiy vositalar kiritiladi. Korxona tomonidan nazorat qilinadigan qiymatga ega bo‘lgan, lekin moddiy-ashyoviy mazmunga va jismoniy mohiyatga ega bo‘lmagan, aktivlarga – nomoddiy aktivlar deyiladi.
Asosiy vositalarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida 1998 yil 23 sentabrda 491-son bilan ro‘yxatga olingan buxgalteriya hisobining 5-sonli “Asosiy vositalar” nomli milliy andozasiga muvofiq, moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida bir yildan ko‘proq vaqt davomida amal qiladigan, shuningdek ijaraga berish maqsadlari uchun foydalaniladigan va amal qilayotgan me’yoriy hujjatlar talabiga ko‘ra bir birligining qiymati eng kam ish haqining ellik barobaridan kam bo‘lmagan moddiy aktivlar kiradi. Asosiy vositalar natural jihatdan binolar, inshootlar, uzatish qurilmalari, ish va kuch mashinalari, o‘lchov hamda boshqaruvchi qurilmalari, hisoblash texnikasi, transport vositalari, qishloq xo‘jaligi mashinalari, asbob-uskunalar, ishlab chiqarish va xo‘jalik anjomlari, ish xayvonlari va mahsuldor chorva mollar, ko‘p yillik o‘simliklar, bog‘lar, axborot resurs markazi (kutubxona) fondlari shaklida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ularning tarkibiga yerlarni unumdorligini yaxshilashga sarflangan mablag‘lar (yerlarni zaxini qochirish, irrigatsiya-meloratsiya va boshqa ishlar uchun sarflangan xarajatlar), uzoq muddatga ijaraga olingan binolar, inshoatlar, asbob uskunalar va boshqa turdagi vositalar ham kiradi.
Asosiy vositalar ishlab chiqarishning bir nechta sikllari jarayonida yoki korxananing boshqa faoliyatida uzoq yillar xizmat qilib, o‘zining qiymatini yangitdan yaratilgan mahsulotlar qiymatiga (tannarxiga) qisman-qisman, ularning eskirishiga teng bo‘lgan, amartizatsiya summalari miqdorida o‘tkazib boradi. Ular ishlatishdan chiqib ketgunlariga qadar o‘zlarining dastlabki natural shakllarini saqlab qoladilar. Shunday qilib, ishlatish mudati bir yildan ko‘p, bir donasining qiymati esa, eng kam ish xaqining 50 barabaridan kam bo‘lmagan mehnat vositalari asosiy vositalar deyiladi.
Nomoddiy aktivlarga, korxonaning huquqlari, korxona uchun qiymatga ega bo‘lgan, lekin ko‘rib yoki ushlab bo‘lmaydigan kapital qo‘yilmalarning loyihalari (proyektlari), savdo markalari, patentlar hamda shu kabi boshqa huquqlari kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining 7-sonli “Nomoddiy aktivlar” nomli milliy andozasiga muvofiq nomoddiy aktivlarga moddiy-ashyoviy mazmunga ega bo’lmagan, xo’jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan xo’jalik faoliyatida foydalanish yoki boshqarish uchun foydalanish maqsadida nazorat qilinadigan, shuningdek uzoq vaqt (bir yildan ko’p) ishlatish uchun mo’ljallangan mol-mulk ob’ektlar kiritiladi.
Nomoddiy aktivlarga korxonalarning, yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan, sanoat obyektlari va aqliy intelektual mulkdan foydalanish, mualliflik va boshqa shunga o‘xshash huquqlari, shuningdek, texnik ko‘nikma, litsenziya, savdo markalari, belgilari, patent, kompyuter dasturlari, nou-xau, import kvotalari, yangi korxonani barpo etish xarajatlari kiradi.
Joriy aktivlar moddiylashishiga ko‘ra ishlab chiqarish zahiralaridan, tayyor mahsulotlardan, pul mablag‘laridan va to‘lovga olingan mablag‘lardan tashkil topadi. Ular korxonalarning takror ishlab chiqarish jarayonining u yoki bu siklida bir marotaba ishtirok etib, shaklan va mazmunan bir turdan ikkinchi bir turga aylanadi. Misol tayyor mahsulotlar sotilib, pul shakliga aylansa, muomalaga chiqarilgan pul xom ashyoga, yarim tayyor mahsulotga, yoqilg‘iga, ehtiyot qismga, kam qiymatli tez eskiruvchi buyumga, binoga, transport vositasiga, ishlab chiqarish zahiralari esa, tayyor mahsulotlarga va boshqa shu kabi asosiy va aylanma fondlariga aylanadi.
Ishlab chiqarish zahiralariga O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining 4-sonli “Tovar moddiy zahiralar” nomli milliy andozasiga muvofiq quyidagilar mehnat buyumlari tarkibiga kiritiladi: Tovar-moddiy zahiralar (TMZ) quyidagilar tarzida xo’jalik sub’ektlarida bo’lgan aktivlar hisoblanadi: xom ashyo, xarid qilinadigan yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar, yoqilg’i, idishlar, ehtiyot qismlar, inventarь va xo’jalik anjomlari (arzon baholi va tez eskiruvchi buyumlar), ishlab chiqarish jarayonida yoki ishlarni bajarish va xizmatlar ko’rsatishda foydalanish uchun mo’ljallangan boshqa materiallar zaxiralari.
Do'stlaringiz bilan baham: |