3. Orol dengizi – ekologik inqiroz sifatida.
Orol inqirozining atrof-muhit va bu yerda yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli ta’sirini, xususan, puxta o’ylangan, aniq manzilli va tegishli moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlangan loyihalarni amalga oshirish orqali kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Birinchi prezidentimz Islom KARIMOV
Insonning antropogen faoliyati ta’siri borgan sari ekologik falokatlarni kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ular orasida eng ahamiyatlisi – Orol dengizini zavolga yuz tutishi va yerlarning cho’llanishidir. Bu jarayon millionlab aholining hayotida jiddiy ijtimoiy–iqtisodiy oqibatlar keltiribib chiqmoqda. Orol dengizi inqirozi oqibatlarini kamaytirish masalasi nafaqat O’zbekiston, balki butun Yevrosiyo mintaqasi uchun muhim va dolzarbdir.
1960 yillardan boshlab Markaziy Osiyoning transchegaraviy daryolari hisoblangan Amudaryo va Sirdaryo havzalaridan yangierlarni o’zlashtirish sohasidagi hamda dehqonchilikda ekstensiv usulda amalga oshirilgan ishlar oqibatida suv resurslarining haddan ortiq isrof qilinishiga yo’l qo’yildi va Oroldengiziga obi hayot tushmay qoldi. Jumladan, 1965 yildan 1990 yilgacha Orol dengizi havzasida yangi o’zlashtirilgan yerlar miqdori 35 foizga ortgan, ularga suv deyarli 2 martadan ko’p sarflangan. Shu yillar mobaynida Orol dengizi o’zining 75 foiz suvini yo’qotib, dengizning suvli hududlar yuzasi esa 50 foizga qisqardi.
Shu tariqa Orol fojiasi halokatli tus oldi. Dunyodagi eng yirik yopiq suv havzalaridan biri hisoblangan Orol dengizining havzasi hozirda 13 martaga, umumiy maydoni 7 martaga qisqargan, suv sathi 18 metrga pasayib, sohil chizig’i esa yuzlab kilometrga chekingan. Suv tarkibidagi tuz miqdori g’arbiy sohil hududida 120 gG’l, sharqiy hududlarda esa 200 gG’l ni tashkil etib, u «o’lik» dengizga aylangan. Uning qurib qolgan maydoni 4.2 million gektarni tashkil etadi. Bu hududdan har yili atmosferaga 15–75 million tonnagacha chang va tuzlar ko’tarilishi oqibatida Orol dengizi havzasidagi yerlarning 60 foizdan ortig’i sho’rlangan.
Orol dengizi suvining samarasiz ishlatilishi oqibatida quyidagi salbiy oqibatlar yuzaga keldi:
hududning iqlim o’zgarishi, chang va tuzlarning havoga ko’tarilishi;
dengiz atrofi mintaqalarida ekotizimlarning degradatsiyasi va bioxilma-xillikning kamayib ketishi;
Orol dengizining iqtisodiy tanazzulga yuz tutishi (baliqchilik, suv transportining yo’q bo’lishi);
daryo deltalaridagi ekin maydonlarining qishloq xo’jaligida foydalanish hisobidan chiqib ketishi;
mahalliy aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minoti qiyinlashishi va hokazo.
Bu fojianing eng yomon tomoni yana shundaki, uning Markaziy Osiyo mintaqasida yashayotgan 5 ta respublika aholisining sog’lig’iga, hayotiga xavfli ta’siri yildan yilga kuchayib bormoqda, keltiradigan salbiy oqibatlarini esa hech narsa bilan o’lchab bo’lmaydi.
1-rasm. Orol dengizi (1960-2010 yillarda)
Yurtboshimiz tomonidan BMTning mingyillik rivojlanish sammitida so’zlagan nutqida: «Orol dengizining qurishi davom etayotgani va uning atrofidagi gumanitar falokat sodir bo’layotgani sababli Orolbo’yining tabiiy va biologik fondini asrab-avaylash, Orol fojiasining atrof-muhitga, eng muhimi, bu yerda istiqomat qilayotgan 50 millionli Markaziy Osiyo respublikalari aholisining hayotiga halokatli ta’sirini kamaytirish bugungi kundagi eng muhim vazifa hisoblanadi», deya ta’kidlagan edi.
Hozirgi vaqtda kuzatilayotgan iqlimning global o’zgarishi atrof-muhitning turli komponentlari va ularning alohida xususiyatlariga, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarga ta’sir yetkazmoqda. O’zbekiston hududi bo’yicha iqlim monitoringi ma’lumotlari XX va XXI asr boshlarida isishning turg’un tamoyilini ko’rsatmoqda, uning sur’ati o’n yillik uchun 0,20S dan oshadi, bu shimoliy yarimshar bo’yicha isishning o’rtacha sur’atidan 40 foizga ortiqdir.Isish oqibatida mintaqada Orol dengizi havzasining daryolarini ta’minlaydigan qor-muzlik resurslarining maydoni tanazzulga uchramoqda va qisqarmoqda. So’nggi yarim asrda Markaziy Osiyo tog’li muzliklari uchdan bir qismdan ortiqqa qisqardi.
BMTning inson xavfsizligi Maqsadli fondi tomonidan moliya-lashtirilayotgan va BMTning agentliklari amalga oshirayotgan ―Orolbo’yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo’yicha ko’psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar ko’rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash‖ Qo’shma dastur uch yil mobaynida uchta namunali tumanlarida iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik xavfsizlikni yaxshilashga ko’maklashadi. Orol inqirozi zamonamizning eng yirik ekologik halokatidir. Dengiz tubidan ko’tarilayotgan chang yiliga 80 million tonnaga yaqin tuz va zararli kimyoviy moddalarni Sharqiy Yevropadan Himolay tog’larigacha bo’lgan ulkan hududga yoyayotgani muammoning global tus olganidan dalolat beradi.
O’zbekiston Orolbo’yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqa-rorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo’yicha keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. 350 ming gektar maydonga saksovul va sho’rga chidamli o’simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolbo’yi hududini rivojlantirish bo’yicha 2013-2017 yillarga mo’ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.
Aynan Orol dengizi suvining kamayishi bilan turli tarmoq va soha mutaxassislari tomonidan ushbu jarayonning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida ko’plab takliflar ishlab chiqilganligi ma’lum. Ana shunday loyihalardan biri sifatida dengiz qirg’oqlari bo’ylab tuz va qum ko’chishining oldini olish, Amudaryo deltasida cho’llanish jarayonini to’xtatish va baliqchilik tarmoqlarini kengaytirishga qaratilgan suvli hududlarni tashkil etishdir. Bunday loyihalarni to’rt guruhga ajratish mumkin:
Orol dengizi havzasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash va ichki suv resurslaridan foydalanish;
Zarur miqdordagi suvlarni dengiz tashqarisidan keltirish;
Orol dengizi suv sathini mahalliy suv resurslari hisobiga barqarorlashtirish;
Kollektor drenaj tizimlari suvidan, Sariqamish Dengizko’l, Sulton Uvays, Arnasoy, Aydarko’l suvlaridan foydalanish.
Bu loyihada Amudaryo deltasi hududida va Orol dengiziga tutash hududlarda Amudaryo oqova suvlarini hamda Qoraqalpog’istonning shimoliy qismidagi sug’oriladigan yerlardan keladigan drenaj suvlaridan foydalanish yo’li bilan sun’iy suv havzalarini tashkil etish ko’zda tutilgan. Buning uchun Amudaryo deltasida dengiz qirg’og’i bo’ylab kichik suv havzalarini tashkil etish ishlari jadal olib borilyapti. Bu yo’nalishda loyihalashtirilgan 9 ta gidroinshootdan Mo’ynoq kanalida «Daryo oralig’i» suv omborida to’g’onlar barpo etilgan hamda suv omborlari tizimini mustahkamlash ishlari amalga oshirilgan. Hozirda «Daryo oralig’i» suv omborida va «Jilbars» bo’g’ozida ham yuqoridagi ishlar davom ettirilyapti.
Suv taqchilligi sharoitida tuproq, zaharli tuzlar, changlar havoga ko’tarilishining oldini olish maqsadida Amudaryo deltasida va Orol dengizining qurib qolgan hududlarida qurg’oqchilikka va yerning sho’rlanishiga chidamli o’simlik va butalardan yashil hudud barpo etish zarur. Shu maqsadda Orol dengizining qurigan qismida o’rmon himoya hududlarini barpo etish hamda qum va tuz ko’chishining oldini oladigan o’simliklarni (saksovul, cherkez va boshqalar) ekish yo’lga qo’yilmoqda. Bu loyiha jami 18 ming gektar maydonni qamrab olishi ko’zda tutilgan, hozirgacha esa 6.7 ming gektar maydon o’zlashtirilgan.
Shuningdek, ba’zi mutaxassislar Orolning 1960 yilga qadar bo’lgan umumiy suv hajmiga nisbatan 4 barobar va undan ham ko’p bo’lgan yer osti suvlarida mavjud bo’lgan suvlarni bug’lantirish usullarini qo’llash orqali dengiz suvini ko’paytirishni tavsiya etmoqdalar. Buning uchun 20 000 ga yaqin quduq qazilishi ko’zda tutilgan.
Orol dengizidagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida dunyoning bir qator rivojlangan mamlakatlari bilan, jumladan, Germaniya, Chexiya, Fransiya, Gollandiya, Daniya, Shvetsariya mamlakatlari bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Chunki Orol dengizi atrofidagi ekologik muammolarning bartaraf etilishi va Orol bo’yida barqaror turmush tarzining tiklanishi nafaqat bugun uchun, balki ertangi kun uchun ham g’oyatda muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |