3. Korxonada ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish shakllari
Ishlab chiqarishni tashkil etishning eng ilg‘or shakllariga ixtisoslashtirish, kooperativlashtirish va kombinatsiyalash kiradi.
Ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish – bu, ijtimoiy mehnat taqsimotining eng muhim shakllaridan biri hisoblanib, u ilmiy-texnik taraqqiyot va ishlab chiqarishning boshqaruv tizimi bilan uzviy bog‘liqdir. Korxonalararo va ular o‘rtasidagi mehnat taqsimotining asosini mehnat qurollarini ixtisoslashtirish tashkil etadi.
Korxona ichidagi ixtisoslashtirish sexlarni va uchastkalarni ayrim mahsulot ishlab chiqarishga yoki texnologik jarayonning ma’lum bosqichini bajarishga yo‘naltiradi.
Ixtisoslashtirish mahsulotni standartlash, me’yorlashtirish va detallarni unifikatsiyalashga asoslanadi, shuningdek, texnologik jarayonlar mexanizatsiyalashtiriladi va ixtisoslashgan uskunalardan keng ko‘lamda foydalaniladi.
Mashinasozlik zavodlari va ularning bo‘limlarini ixtisoslashtirish darajasi asosan ikki omilga: ishlab chiqarish miqyosi va mahsulotning mehnat talab qilishiga bog‘liqdir.
Sanoat korxonalarida ixtisoslashtirishning uchta:
buyumlar; texnologik; detallar bo‘yicha ixtisoslashtirish shakllari mavjud.
Sexlar, uchastkalar va ish joyini texnologik ixtisoslashtirish natijasida ularning har biri bir xil texnologik operatsiyani va bir xil ishni bajaradi. Masalan, mashinasozlikda temirchilik, zagotovkalar qo‘yadigan, mexanika, issiqlik, payvandlash va boshqa sex hamda uchastkalar, metallurgiya sanoatida domna, marten va prokat sexlari tashkil qilinadi; to‘qimachilik fabrikalarida — yigiruv, to‘quv va boshqalarning tashkil qilinishi texnologik ixtisoslashtirishga misol bo‘la oladi.
Ishlab chiqarish ko‘lami ortib borgan sari korxonalarning bo‘limlari (sex, uchastkalar)da texnologik ixtisoslashtirishning chuqurlashuvi vujudga keladi: mahsulotlarning o‘lchamiga qarab (masalan, mexanika sexi yirik, o‘rta va mayda); materiallar turiga qarab ishlov berishi bo‘yicha (masalan, po‘lat, cho‘yan va cho‘ziladigan cho‘yan); quyuv sexlari va h. k. jarayonlarning operatsiyalari bo‘yicha (tokarlik, frezerlik, silliqlash, pardozlash).
Texnologik ixtisoslashtirish sharoitida unumdorligi yuqori bo‘lgan texnikadan va texnologiyadan, shuningdek, ilg‘or ishlab chiqarish usullaridan yaxshiroq foydalanishga erishiladi.
Sexlar va uchastkalarni buyumlar bo‘yicha ixtisoslashtirishda bularning har biri texnologik jihatdan har xil bo‘lgan operatsiyalarni bir xildagi detallar yoki uzellar bo‘yicha bajaradi. Korxonalarning bo‘limlarini buyumlar bo‘yicha ixtisoslashtirish shakli ko‘p jihatdan tor ixtisoslashgan zavodlar uchun xarakterlidir (ommaviy va yirik seriyali ishlab chiqarishlarda). Bunday sexlar agregatlarning ayrim detallari va qismlarini ishlab chiqarishga moslashadi, nomenklaturasi esa chegaralangan bo‘ladi (masalan, avtomobil zavodlarida — mashinaning orqa ko‘prigini yoki motorini ishlaydigan sexlar, vagonsozlik zavodida ressor, stanoksozlikda —stanina, korpus detallari, shesterenkalar, vtulkalar va richaglar sexi). Sexlarning buyumlar bo‘yicha qurilishi qoida bo‘yicha berk jarayonlarga olib keladi, bunday sexlarda har xil bosqichga tegishli yoki ishlab berish turiga qarab jarayonlar dam-badam birga olib boriladi. Sexlarning texnologik ixtisoslashgan shaklidan asta-sekin birmuncha ilg‘or bo‘lgan buyumlar bo‘yicha ixtisoslashishga o‘tishi mashinasozlik korxonalarining ishlab chiqarish strukturasini takomillashtirishning hozirgi sharoitdagi birdan-bir tendensiyasidir.
Buyumlar bo‘yicha ixtisoslashtirish quyidagilarni nazarda tutadi: texnologiyani puxta ishlab chiqish, yuqori unumli uskunalarni qo‘llash, materiallardan foydalanish koeffitsientining yuqori bo‘lishi, mehnat unumdorligini oshirish, korxonalarning sex va bo‘limlaridagi boshliqlar va konkret ijrochilar javobgarligini oshirish, ishlab chiqarishni tashkil qilishda ilg‘or usullardan keng foydalanish.
Buyumlar sexini tashkil qilish ikki shart-sharoitga asoslanadi: 1) mahsulotlar ko‘lami talaygina bo‘lsa, ommaviy va seriyalab ishlab chiqarishni o‘stirish zarur; 2) mashinasozlikda yangi texnologiyani joriy qilish, metallga ishlov berishda elektr usullaridan foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish.
Ishlab chiqarish jarayonlarining buyumlar bo‘yicha tuzilishiga zavod-avtomat misol bo‘la oladi. Masalan, alyumindan avtomobil porshenlarini ishlab chiqaradigan zavod-avtomat bitta agregatda turli xil jarayonlarni birlashtiradi. Bularga suyuq eritmani tayyorlash, quyish, porshenlarga issiqlik yordamida ishlov berish, mexanik ishlov berishning qattiqligini, porshenlarning katta-kichikligi bo‘yicha saralashni va joylashni tekshirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |