Qizil olma konida kon-texnik sharoitlar murakkab. Buning sababi kon kuchli minerallashuv zonasiga mansubligida. Bu zonada intensiv tektonik buzilishlar va tog’ jinslarining darzlanganligi kuzatiladi. Tektonik yoriqliklarning suvdorligi va ularda ishqalanish gillarining to’planganligi yana bir murakkab omillardan biri.
Ruda va tog’ jinslarining ustuvorlik darajasi keng miqyosda o’zgaradi. Ruda va jinslarning 70-75% noturg’un jinslar sirasiga kiradi.
Osilma yon jinslarining turg’unligi past. Chunki bu yerda katta bo’laklar va plitalar ko’rinishidagi qatlamlanish va ajralish kuzatiladi.
Kon rudalari silikozga xavfli hisoblanadi. Erkin kremniy kislotalari 10%ni tashkil etadi.
Zaxiralarni qazib olish qadimgi lahimlar mavjudligi tufayli yanada qiyinlashadi. Eng yirik №1 ruda tanasining 30% hajmi qadimgi lahimlarga to’la.
Qadimgi lahimlar kvars jinslar bo’laklari bilan to’lgan, vaqt o’tishi bilan ular sementlashgan. Shuning uchun ularni qazib olishda burg’ilab-portlatish usulini qo’llashga to’g’ri keladi. To’lgan fazoda tez-tez bo’shliqlar uchrab turadi.
Ekspluatatsiya ishlari olib borilayotgan uchastkalarda kon lahimlari va yoriqlar atrofida kuchlanishlar konsentratsiyasi oshadi. Ya`ni darzliklar hosil bo’lishi va jinslarning mustahkamlik ko’rsatkichlari kamayishi ehtimoli mavjud.
Ruda va tog’jinslarining prof. Protodyakonov shkalasi bo’yicha mustahkamlik koeffitsienti quyidagicha:
Kvarslangan atrof tog’ jinslari (slanetslar va boshqalar) – 7-12
Ruda va tog’ jinslari hajmiy og’irligi – 2.55 t/m3
Qadimgi lahimlardagi to’ldirmalar – 2.0 t/m3
Ko’pchish koeffitsienti – 1.6
Konning gidrogeologik sharoitlari murakkablashgan. Kon hududida 2 ta suvli gorizontlar kuzatiladi. Ular zamonaviy alyuvial yotqiziqlarda va provial-delyuvial o’rta to’rtlamchi yotqiziqlarda joylashadi. Yer osti suvlarining 2 turi uchraydi: ordovik-silur davri metamorfik jinslari ochiq darzliklaridagi suvlar va tektonik buzilishlar zonasidagi paleozoy davriga oid intruziv jinslardagi nordon suvlar (darzlik-tomir suvlari).
Konning gidrogeologik holatiga darzlik-tomir suvlari sezilarli ta`sir ko’rsatadi. Ular Qizilolmasoy yorig’ida to’planadi. Alohida suv oqimlari kon lahimlariga 2.5 l/sek tezlikda, qisqa muddatli yorib chiqqan paytlarida 10 l/sek tezlikda ajraladi.
Kimyoviy tarkibiga ko’ra suvlar gidrokarbonat-kalsiyli, ba`zan sulfitli bo’ladi. Suvlarning minerallashuv darajasi 0.1 gr/litr dan 0.7 gr/litr gacha.
Kon lahimlariga suvning oqib chiqishi bo’yicha lahimlar 3 ta zonaga ajratiladi. Birinchi zona – faol suv almashish zonasi bo’lib, atmosfera yog’inlari infiltratsiyasi hisobiga unda suv miqdori ko’p bo’ladi. U asosan yuqori shtolnya gorizontlarida tarqalgan bo’lib, ba`zi yillari suv oqimi 10, hatto 17.45 l/sek ga yetgan. Birinchi zona suvlari gidrokarbonat-kalsiyli suvlar bo’lib, minerallashganlik darajasi 5 gr/litr ga yetadi. Og’ir elementlar miqdori ruxsat etilgan quyi konsentratsiya(ПДК)dan past.
Ikkinchi zona – deyarli quruq zona, bu yerdagi statik suv zaxiralari ishlatib bo’lingan. Izolyatsiyalangan bo’shliqlarni ochishda hosil bo’lgan alohida suv oqimlari yuqori minerallashgan va minerallashish darjasi 2.3 gr/litr ga yetadi. Bu zona birinchi va ikkinchi shaxta gorizontlarini o’z ichiga oladi, suv oqimi 2 l/sek gacha.
Uchinchi zona – bu faol suv almashish zonasi bo’lib, suv almashishi doimiy suv manbai bor tektonik yoriqlarning kollektor bilan kesishishi hisobiga amalga oshadi. Bu zona chuqur (ikkinchi gorizontdan pastda joylashgan) shaxta gorizontlarini o’z ichiga oladi va suv miqdori doimiy 8.4 l/sek qiymatga ega. Suvlari sulfat-kalsiyli, minerallashuv darajasi 0.7 gr/litr.
Konni qazib olishning tadqiq etilayotgan davrida yer osti suvlari pasayishi 225 m ga teng deb qabul qilinadi, kon lahimlariga chiqadigan jami suv miqdori 18-21 l/sek ni tashkil etadi.
Korxonaning suv ta`minoti masalalari kombinatsiyalashgan suv yig’ish hisobiga yechiladi. Ichimlik suvi Go’shsoy daryosi vodiysi grunt suvlari hisobiga yig’iladi. Texnik suv esa soyning yer yuzidagi oqishi va darzlik tomir suvlari hisobiga yig’iladi.
Texnologik jarayonlarni mexanizatsiyalash uchun asosan MDH davlatlari qurilmalari qo’llaniladi.
Konda tayyorlash va qazish ishlarida shpurlar burg’ilash uchun ПП-54ВБ, ПП-63ВБ, ПТ-48 perforatorlaridan, УБП-1 va УБШ qurilmalaridan, o’ziyurar burg’ilash karetkalari(ДВС bilan), qiya stvolni o’tishda esa pnevmog’ildirakli ДВСli Roocket Boomer – 104 qurilmalarida foydalaniladi.
Shpurlarni zaryadlashda «Ульба», «Курама» va AN-FO Teledayn (Kanada) tipidagi pnevmatik zaryadlash mashinalaridan foydalaniladi.
Ruda va tog’ jinslarini yuklash ППН-1С yuklash mashinasida amalga oshiriladi. Kon massasi rudospusk va porodospuskgacha LK-1 yuklash-eltish mashinalarida eltiladi.
Rudospuskdan rudani chiqarish uchun ВЛЖ «Волна» tipidagi vibrolenta bilan jihozlangan lyuklardan foydalaniladi.