2.7. Ish haqiga ta’sir ko’rsatuvchi omillar
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ish haqi xajmiga bir qator bozor omillari (tovarlar va xizmatlar bozorida talab va taklif o’zgarishlari, mehnatga bo’lgan talab narxining o’zgaruvchanligi, iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi o’zgarishi va boshqalar) va bozordan tashqari omillar ta’sir ko’rsatadi, buning natijasida mehnatga haq to’lashning muayyan darajasi vujudga keladi.
Rivojlangan mamlakatlarda ish haqini tashkil etish (ish haqi miqdori, mehnat miqdori va sifati bilan unga to’lanadigan haq miqdori o’rtasidagi bog’liqlikni ta’minlash, mehnatni me’yorlash, tarif tizimi va boshqalar) va tartibga solishda davlat muhim rol o’ynaydi. Ularda tarixan ish haqini tashkil etish va tartibga solishning markazlashgan davlat tizimi va markazlashmagan tizimi qaror topgan. Ish haqini tartibga solishning markazlashmagan tizimi xususiy mulk egalari yoki jamoa mulkdorlar hamda kasaba uyushmalari, aksiyadorlik jamiyatlari, kooperativlar va boshqalar tomonidan amalga oshiriladi.
Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxonalar va tashkilotlar uchun umumiy va majburiydir.
Ish haqini davlat tomonidan tartibga solish va tashkil etishning muhim unsuri tarif tizimi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mamlakat bo’yicha hukumat belgilagan, asosan ishchi va xizmatchilar ish haqini tashkil qilishda foydalanishi uchun tavsiya etiladigan yagona tarif tizimi (setkasi) amal qiladi, korxona (tashkilotlar)lar yagona tarif setkasi asosida o’z tarif setkasini ishlab chiqish va razryadlar sonini belgilash huquqiga ega.
O’zbekistonda dastlab 1993-yil 1-yanvardan 28 ish haqi razryadlariga bo’lingan va 0—28 razryadlar o’rtasida tarif koeffitsiyentlari farqi 14,28 bo’lgan yagona tarif stavkalari joriy qilindi. 1996-yil 1-sentabrda esa ish haqi razryadlari 22 ta va 0—22 ish haqi razryadlari o’rtasida tarif koeffitsiyentlari farqi 5,998 bo’lgan yangi yagona tarif setkasi qabul qilindi. Yagona tarif stavkasi xodimlarning barcha kasb-malaka guruhlari bo’yicha tarif stavkalari va maoshlari nisbatini belgilashda mehnat tafovutlariga baho berishga yagona yondoshuvni ta’minlaydi.
Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi 3 asosiy yo’nalishda amalga oshiriladi: 1) davlat tomonidan ish haqi minimumi (eng kam ish haqi miqdori) belgilanadi. Inflyatsiya jarayonida eng kam ish haqini indeksatsiyalash hukumatning maxsus qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi; 2) korxonalarda ishlovchi xodimlarning barcha toifalari uchun o’rtacha ish haqining ortib borishi ma’lum darajada cheklanadi. Davlat bu usuldan tanglik holatlarida inflyatsiya sur’atlarini pasaytirishda foydalanadi; 3) ish haqining o’rtacha ortib borishiga qarab ortib boruvchi soliq stavkalari belgilanadi. Bu eng yuqori ish haqi darajasining o’sishiga ta’sir ko’rsatish va uni iqtisodiy usullar bilan cheklash imkonini beradi.
Yollanma xodimlar ish haqini davlat yo’li bilan tartibga solish aholining eng kam ta’minlangan qatlamlari — yoshlar, malakasiz xodimlar, mehnat qobiliyati cheklanganlar va boshqalarni ijtimoiy himoya qilishda, inflyatsiya, real ish haqining pasayishini cheklashda muhim ahamiyatga ega.
Ish haqi kamida har yarim oyda bir marta, ammo boshqa xodimlarning ayrim toifalari uchun bu muddatlar boshqacha bo’lishi ham mumkin. Ish haqi to’lashning avans avans va avanssiz tartibi mavjud. Birinchi holda xodim oyning birinchi yarmi uchun avans oladi, oyning ikkinchi yarmi uchun esa u bilan uzil-kesil hisob-kitob qilinadi. Avans miqdori ma’muriyat bilan kasaba uyushmasi o’rtasida kelishuv asosida belgilanadi. Avanssiz hisob-kitobda oyning birinchi yarmi uchun ish haqi amalda ishlab chiqarilgan mahsulotga qarab to’lanadi. Ish haqidan ushlab qolinishiga, faqat quyidagi hollardagina yo’l qo’yiladi:
-soliqlar bo’yicha;
-sudning chiqarilgan hukmiga binoan ahloq tuzatish ishlari o’talayotganda, boshqa xil ushlab qolishlardan qat’i nazar ish haqining besh foizidan yigirma foizigacha bo’lgan miqdorda;
-sudning chiqargan qaroriga binoan 20 foizdan ortiq bo’lmagan miqdorda, alliment undirib olinayotganda yoki boquvchisi mayib-majruh bo’lib qolganda, sog’lig’iga zarar yetkazilganda yohud vafot etganda, shuningdek, bosqinchilik yoki o’g’rilik tufayli yetkazilgan zarar undirib olinayotganda-ko’pi bilan ellik foiz miqdorda;
-ma’muriy tartibda solinadigan, va hech shubhasiz majburiy tartibda ushlab qolinadigan jarimalar tarzida;
-korxona oldidagi qarzini undirish maqsadida quyidagi hollarda ma’muriyatning farmoyishi bilan:
a)-ish haqiga berilgan avansni ushlab qolish uchun;
-hisob-kitobdagi yanglishishlar natijasida ortiqcha to’langan pulni qaytarib olish uchun;
-xizmat safarlari yoki boshqa joyda ishlashga o’tganligi munosabati bilan;
-xo’jalik ehtiyojlariga berilgan bo’lib, sarf qilinmay qolgan va o’z vaqtida qaytarilmagan avansni ushlab qolish uchun bunday hollarda avansni qaytarish, qarzni to’lash va hokazo uchun belgilangan muddat tamom bo’lgan kundan boshlab kamida bir oy o’tmasdan avans yoki qarzni ushlab qolish haqida farmoyish berilishi mumkin, agar bu muddat o’tib ketgan bo’lsa, u holda qarz faqat sud yo’li bilan undiriladi.
b)-ishdan bo’shatilgan xodim shu yilgi ta’tildan foydalangan bo’lsa, ishlab ado etilmagan ta’til kunlari uchun;
-korxona tugatilishi, shtatlar qisqartilishi munosabati bilan egallab turgan lavozimiga noloyiqligi aniqlanganligi;
-vaqtincha ish qobiliyatini yo’qotganligi natijasida ishga uzoq vaqt kelmaganligi sababli;
-harbiy xizmatga chaqirilishi yoki o’tishi;
-boshqa ishga saylab qo’yiladigan lavozimiga o’tkazilganligi;
-o’qishga yuborilgani bundan mustasno.
-pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan xodim ishdan bo’shatilgan hollar bundan mustasno.
v)-xodimning aybi bilan yetkazilgan zararni undirish uchun, o’rtacha oylik ish haqidan ortiq bo’lmagan miqdorda.
Zararni undirishi haqidagi farmoyish yetkazilgan zarar aniqlangan kundan ikki haftadan kechikmay chiqarilishi va bu haqda xodim xabardor qilingan kundan boshlab kam deganda yetti kundan keyin ijro etish uchun qo’yilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |