Irodaviy fazilatlarni shakllantirish
Iroda muammosiga bag‘ishlangan bundan oldingi sahifalarda ta’kidlab o‘tilganidek, shaxsning irodaviy harakatlari murakkab psixologik mazmun, mohiyat, ma’no kasb etishi bilan tavsiflanadi. Shuni ham eslash o‘rinliki, shaxsda motivlar kurashining paydo bo‘lishi uchun unga mas’uliyat, javobgarlik hissining yuklatilishi, irodaviy harakatni amalga oshirish zaruriyati tug‘ilishi, mazkur vaziyatda shubhalanish, ikkilanish uyg‘onishi favqulodda unda irodaviy zo‘r berishlar vujudga kelishi lozim. Bu voqelikni tushuntirish yoki izohlash uchun psixologik nuqtai nazardan iroda aktining tarkiblaridan iborat ekanligini aniqlanish uchun uning unsurlari, bo‘linmalari, tuzilishi to‘g‘risida mulohaza yuritish joiz.
Insonning miyasida tug‘iladigan maqsadga erishish tufayligina irodaviy harakat amaliyotga tatbiq etiladi. Ushbu fikr boshqacharoq ifodalanganda, shaxs u yoki bu harakat yordami bilan qo‘yilgan maqsadiga erishish yo‘llarini anglab etadi, ya’ni harakat bilan maqsad, o‘rtasidagi uyg‘unlik insonga tobora yaqqollashadi, anglashiniladi. Holbuki shunday ekan, shaxs o‘zining ruhiy holatini o‘zgartirishga qaror qiladi, qondirilishi lozim bo‘lgan ehtiyojlarini muayyan tartibga keltiradi, ularni birlamchi va ikkilamchi darajalarga ajratishni lozim topadi. Xuddi shu yo‘sinda irodaviy harakatni amalga oshirishning tarqoq va yig‘iq tarkiblari (unsurlari) maqsadga yo‘naltiriladi. Ushbu jarayonga inson shaxsini undayotgan, ham anglanilgan, ham anglanilmagan ruhiy tayyorgarlik motivdan iborat bo‘lib, maqsadga intilish va unga erishish majburiyatini tushuntirishga xizmat qiladi.
Irodaviy aktning boshlanishi maqsadga erishish yo‘l-yo‘riqlari haqiqatdan ham aniq istaklarning ushalishiga xizmat qilishi to‘g‘risida oqilona qarorga kelishda o‘z ifodasini topadi. Insonda vujudga kelgan kuchli, shijoatli intilishlarni yo‘qolishiga harakat qilinadi. Biroq qabul qilingan qaror (yoki qarorga kelish)ning axloq-odob prinsiplariga javob bera olishini (mutanosibligini), ijtimoiy ahamiyat kasb etish imkoniyatini anglashning o‘zi shaxs uchun murakkab ishni «o‘lik» nuqtasidan siljitishga, qo‘zg‘atishga etarli darajadagi omil bo‘lib xizmat qila olmaydi.
Irodaning individual xususiyatlari va fenomenlari mavjud bo‘lib, inson faoliyatining maqsadga muvofiq ravishda amalga oshirishni ta’minlaydi. Iroda shaxs faoliyatining ichki qiyinchiliklarini engishga qaratilgan ongli tuzilmadan iborat bo‘lib, u o‘zini o‘zi boshqarish sifatida dastavval o‘ziga, o‘z hissiyotiga va xatti-harakatlariga hukmronlik qilishda aks etuvchi psixologik hodisadir. Irodaning kuchi yoki kuchsizligini aks ettiruvchi holatlar uning individual xususiyatlarini namoyon qiladi. Ana shu atamalardan kelib chiqqan holda irodasi kuchli va irodasi sust (kuchsiz) odamlar hamda ularning ijobiy va salbiy fazilatlari, sifatlari, xislatlari, illatlari to‘g‘risida mulohaza yuritiladi.
Irodasi sustlikning patologiyasi mavjud bo‘lib, ular abuliya (yunoncha abulia-qat’iyatsizlik degan ma’noni anglatadi) va apraksiya (yunoncha apraxia-harakatsizlik ma’nosini bildiradi) atamalari bilan ifodalanadi. Abuliya- bu miya patologiyasi negizida vujudga keladigan faoliyatga intilishning mavjud emasligi, harakat qilish, uni amalga oshirish uchun qaror qabul qilish zarurligini anglagan tarzda shunday qila olmaslikdan iborat inson ojizligidir. Masalan, shifokor ko‘rsatmalariga rioya qilish zarurligini to‘g‘ri fahmlagan abuliya kasali bilan shikastlangan bemor biror narsani bajarishga o‘zini mutlaqo yo‘llay olmaydi. Apraksiya-miya tuzilishining shikastlanishi tufayli yuzaga keladigan harakatlar maqsadga muvofiqligining murakkab buzilishidan iborat psixopatologik holatdir. Nerv to‘qimalarining buzilishi miyaning peshona qismlarida yuz bersa, u holda xatti-harakatlarni erkin to‘g‘rilashda buzilish namoyon bo‘ladi, natijada iroda akti bajarilishi qiyinlashadi. Abuliya va apraksiya-psixikasi og‘ir kasallangan insonlarga xos, nisbatan noyob, fenomenal psixopatologik hodisalardir. Lekin pedagogik faoliyatda uchraydigan irodaning sustligi miya patologiyasi bilan emas, balki noto‘g‘ri tarbiya mahsuli bilan tavsiflanadi.
Iroda sustligining yaqqol (tipik) ko‘rinishlaridan biri-bu yalqovlik hisoblanib, shaxsning qiyinchiliklarini engishdan bosh tortishga intilishi, irodaviy kuch-g‘ayrat ko‘rsatishni qat’iy ravishda istamasligida o‘zini aks ettiruvchi illatdir. Yalqovlik-shaxs ojizligi va irodaviy sustligining, uning hayotga layoqatsizligining, shaxsiy va ijtimoiy faoliyatga (hamkorlikka) loqaydligining ifodasidir. Yalqovlik-shaxsning ruhiy qiyofasi bo‘lib, uzluksiz tarbiyaviy ta’sir va o‘zini o‘zi tarbiyalash orqali bartaraf etish imkoniyati mavjud ruhiy nuqsondir.Shundan keyin u qayirilgan tumshuqlarini sindirguncha toshga uradi.
Irodaning tadqiqoti uzoq tarixga ega bo‘lib, inson ongining mohiyatini kashf qilish jarayonidan boshlab, muayyan bilimlar to‘planishi tufayli shaxsning irodasi tabiatini tushunishga ilmiy yondashuv vujudga kelgan. XVII asrdayoq Gobbs va Spinozalar ta’kidlab o‘tganlaridek, faollik manbai bemahsul sohaning paydo bo‘lishi deb tushunish mumkin emas, chunki uni shaxsiy kuch- quvvatini hissiy intilish bilan uzviylikda qaramoqlik lozim. Spinozaning fikricha, iroda bilan aql aynan bir narsadir. Unga bunday tasdiqiy munosabatning tug‘ilishi irodani ilmiy nuqtai nazardan tushunishni shakllantirgan bo‘lsa, ikkinchi bir tomondan u mustaqil substansiya sifatida tan olindi ham. V. Vundtning mulohazasicha, irodaning negizida appersepsiya aktining sub’ekti tomonidan ichki faollik uniki ekanligini his etish yotadi. Uning bu konsepsiyasi emotsional yoki affektiv nom bilan psixologiya faniga kirib keldi. U. Djemsning tan olishicha, irodaviy harakatlar boshqa ruhiy jarayonlarga qorishtirib bo‘lmaydigan birlamchi xususiyatga egadirlar. Har qanday g‘oya dastlab dinamik tendensiyaga ega bo‘lganligi tufayli irodaviy aktning vazifasi diqqat yordami bilan bir g‘oyaning boshqasi ustidan ustuvorligini ta’minlashdan iboratdir.
V. K. Kalin irodaviy sifatlarni tasniflashga (klassifikatsiyalashga) qaror qiladi. Uning nuqtai nazaricha, bazal irodaviy sifatlar irodaviy jarayonlar asosida vujudga keladi, ammo bunda uning intellektual va ahloqiy jabhalari ishtirok etmaydi. U bazal sifatlarni aniqlash uchun ongning quyidagicha namoyon bo‘lishini tanlaydi:
A) faollik darajasining ortishi;
B) zarur bo‘lgan faollik darajasini quvvatlash;
V) faollik darajasining pasayishi.
Ana shulardan kelib chiqqan holda tadqiqotchi quyidagi sifatlarni mulohaza uchun tavsiya qiladi; g‘ayratlilik, chidamlilik, vazminlik. Agarda bu jarayonda intellektual negiz ishtirok etmasa, shu narsani tushunib bo‘lmaydi, qaysi hal qiluvchi qurilma hisobiga vaziyat baholanadi va harakatni kuchaytirish, quvvatlash, pasaytirish to‘g‘risidagi komanda beriladi.
V. K. Kalin bazali tizimga kirmagan irodaviy sifatlarni ikkilamchi deb nomlaydi, chunki ularda bilimlar, ko‘nikmalar, emotsiya va intellektning paydo bo‘lishi mujassalashadi. Muallif qat’iyatlikni ikkilamchilar qatoriga kiritadi, vaholanki uning fikricha, u o‘ziga mahliyo qiladigan his-tuyg‘ularni engishdan, shuningdek, rad etilgan variantlardan, ishonchsizlikni to‘sishdan tashkil topadi. U tirishqoqlikni ham ikkilamchi sifatlar tarkibiga kiritadi,
Chunki ularda ob’ektning to‘planganligi ifodasi o‘z aksini topgan, ravshan hayotiy qadr-qiymat mujassamlashgan.
Chidamlilik tavsifida «qo‘shimcha impulslar», «qo‘shimcha irodaviy zo‘r berish», «iroda kuchi», «sabr-toqat» jabhalari ifodasining o‘rni mavjud. Chidamlilikka turtkining xususiyatlari tirishqoqlik irodaviy sifatga mos tushish hollari uchraydi. E. P. Ilinning rang jadvalida tirishqoqlik sifati chidamlilikdan keyin joylashgan bo‘lib, quyidagi ta’rifga ega: «Tirishqoqlik-qiyinchilikka va muvaffaqiyatsizlikka qaramasdan, maqsadga erishish yo‘lida uzluksiz ravishda intilishning paydo bo‘lishidir». Tadqiqotchi D.N.Ushakovning mulohazasicha, «chidam» tushunchasi quyidagi ma’no anglatib keladi:
1) aksil harakat qilmasdan, shikoyatsiz, hasratsiz halokatli, mushkul, noxush holatlarni dildan kechiradi;
2) aksil harakat qilmasdan, o‘zgarishlarni kutgan tarzda taqdir haziliga rozi bo‘lish;
3) biror holatga mubtalolik;
4) nima bilandir kelishish, biror ortiqcha kechinmaga parvo qilmasdan, og‘irchilikni muruvvatkorona o‘tkazish;
5) imkon darajada amal qilishga ko‘nikish;
6) shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymaslik;
7) paysalga solishga, kutishga imkoniyat yaratish;
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, tirishqoqlik, qat’iyatlik sifatlari bilan bir qatorda chidamlilikni irodaviy xislatlarning etakchisi tariqasida tan olish, qiyinchiliklarga qaramasdan, harakatni davom ettirishga intilish tarzida tushunish muhim ahamiyat kasb etishi shak-shubhasiz. Lekin og‘riqqa chidash, bardoshlikka moyillik nuqtai nazardan yondashinilganda esa irodaning erkinligi ta’biri, irodaviy sohaning paydo bo‘lishi va amalga oshishi mohiyati yuzasidan metodologik nuqsoniy talqin yuzaga kelishi mumkin.
Iroda – odamning o‘z ustidan, o‘z his-tuyg‘ulari, o‘y-fikrlari, xatti-harakatlari ustidan hukmronlik qilishidir, boshqacha aytganda, iroda – insonning o‘z xulq-atvorini ongli ravishda boshqara olishi, har qanday qiyinchiliklarga qaramay, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha olish qobiliyatidir. Shaxsning ichki to‘siqlarni bartaraf qila bilishi uning tashqi to‘siqlarni ham muvaffaqiyatli engishiga imkoniyat yaratadi. Masalan, xizmatchi yugurish musobaqalarida qatnashib, ma’lum masofaga yugurishi, yo‘lda uchraydigan suv yoki boshqa g‘ovlardan o‘tishi, yomon ahvoldagi yo‘lakdan yugurishi lozim. Qiyinchiliklarni muvaffaqiyatli engib, xizmatchi mazkur qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun zaruriy irodaviy sifatlarni o‘zida mujassamlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Shu bois irodaviy harakatlar – shaxsning ko‘zlagan maqsadiga erishish uchun ham ichki, ham tashqi to‘siqlarni engishi bilan uzviy bog‘liq ongli xatti-harakatlardir.
Psixologiyada iroda sifatlari qatoriga maqsadga intilish, o‘zini tuta bilish, chidamlilik, sabr-toqat, qat’iylik, botirlik, intizomlilik, sabotlilik, mustaqqillik, mardlik va boshqalar kiritiladi.
Maqsadga intilish – shaxsning o‘zidagi barcha kuch-quvvatlarini oldiga qo‘ygan maqsadiga qaratish, o‘z xatti-harakatlarini ko‘zlagan maqsadiga erishish vazifasiga bo‘ysundirish, har qanday qiyinchilik va to‘siqlarga qaramay maqsadni amalga oshirish uchun intilish qobiliyatidir.
O‘zini tuta bilish – odamning o‘z xatti-harakatlari, his-tuyg‘ulari, xulq-atvori kabilarni boshqara bilishda aks etuvchi iroda sifatidir.
Chidamlilik – maqsadga erishishda odamning ko‘pincha sovuq va issiqqa ham, ochlik-tashnalikka ham, betoblik va boshqa shu singari qiyinchiliklarga qaramay, barcha to‘siqlarni engib, o‘z maqsadini ro‘yobga chiqarishda intilishda aks etuvchi ijobiy sifatdir.
Qat’iylik - shaxsning vaziyatni tezda baholab, o‘z vaqtida asosli, o‘ylangan va mustahkam qaror qabul qilishi, hech qanday ikkilanishsiz uni bajarishga kirishishidan iborat fazilatidir.
Botirlik – odam sog‘lig‘i yoki hayoti uchun xavfli va murakkab sharoitda ham biron qarorga kelishi va uni bajarishning uddasidan chiqa bilish xislatidir.
Intizomlilik – jamiyat qonunlariga, axloq normalari va qoidalariga, milliy (umumbashariy) urf-odatlariga, ixtiyoriy hamda ongli ravishda bo‘ysunishda ifodalanuvchi inson sifatidir.
Sabotlilik – shaxsning qabul qilgan qarorini bajarish va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun, ko‘p vaqt hamda muayyan qiyinchiliklarni engish talab etilishiga qaramay, og‘ishmay intilishida gavdalanuvchi iroda belgisidir.
Mustaqqillik – insonning o‘zicha biror qarorga kelishi va uni amalga oshirishidan, qarorni amaliyotga tatbiq etishning usul va yo‘llarini o‘z mustaqil ravishda tanlashidan, har bir ishda o‘zining bilimlari, dunyoqarashi va e’tiqodlariga amal (rioya) qilishidan iborat iroda sifatidir.
Mardlik – oliy maqsadlarni ko‘zlab ish ko‘ruvchi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishda qat’iylik, vazminlik, sabr-matonat, chidamlilik, bardoshlilik, mustaqqillik va dadillik ko‘rsatuvchi xislatlar majmuasidir.
Odamlarda irodani o‘stirish uchun quyidagi ish-amallarni rejalashtirish maqsadga muvofiq:
1) aniq va ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlarni ko‘zlashga o‘rgatish yoki mashqlantirish;
2) ilmiy dunyoqarash, barqaror e’tiqod va burch hissini shakllantirish;
3) maqsadga intilish va istakni ro‘yobga chiqarish mashg‘ulotlarini o‘tkazish;
4) o‘z kuchiga ishonch tuyg‘usini tarkib toptirish uchun treninglar va sotstreninglarni qo‘llash;
5) ichki va tashqi to‘siqlarni engishni mashq qilish, irodani turli vaziyatlarda ishga solish;
6) o‘z faoliyati mahsuliga va xulq-atvoriga baho berish bilan shug‘ullantirish;
7) sport bilan shug‘ullanish va jismoniy chiniqtirish;
8) kun tartibi bo‘yicha barcha harakatlarni amalga oshirish.
Xulosa
Psixologiyada ixtiyorsiz harakatlar anglanilgan yoki etarli darajada anglanmagan istak, xohish, tilak, mayl, ustanovka va shu kabilarning ichki turtki ta’sirida paydo bo‘lishi natijasida ro‘yobga chiqariladi. Mazkur istak va uning boshqa shakllari impulsiv (lotincha impulsus ixtiyorsiz qo‘zg‘olish ma’nosini anglatadi) xususiyatiga ega bo‘lib, inson tomonidan anglanilmaganligi uchun ma’lum ob’ektga qaratish yuzasidan rejalashtirilmagan, hatto ko‘zda tutilmagan bo‘ladi. Insonning favquloddagi vaziyatda yuzaga keladigan sarosimalik affekti, dahshat, hayajonlanish, ajablanish, shubhalanish va shunga o‘xshash boshqa mohiyatli, har xil shakldagi xatti-harakatlari ixtiyorsiz turkumdagilarga yorqin misoldir. Undagi atamalar ma’nosi, aks etish imkoniyati bundan oldingi hissiyot to‘g‘risidagi ma’lumotlarda keng ko‘lamda bayon qilingan.
Boshqa kategoriyada taalluqli harakatlar ixtiyoriy harakatlar deb nomlanib, ular maqsad ko‘zlash, maqsadni anglashni va uni amalga oshirishni ta’minlovchi operatsiyalar, usullar va vositalarni shaxs o‘z miyasida tasavvur qilishni, samaradorligini taxminan baholashni taqozo etadi. O‘zining mohiyati bilan tafovutlanib turuvchi ixtiyoriy harakatlarning alohida guruhini irodaviy harakatlar deb ataluvchi turkum tashkil qiladi. Psixologik ma’lumotlarga asoslangan holda ularga quyidagicha ta’rif berish mumkin: «Maqsadga erishish yo‘lida uchraydigan qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish jarayonida zo‘r berish bilan uyg‘unlashgan, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan ongli harakatlar irodaviy harakatlar deyiladi».
Barkamol avlod shaxsining psixologik xususiyatlari markaziy rolining motivatsiya doirasi bajaradi va u ehtiyojlar, qiziqishlar, e’tiqodlar va ma’naviy his-tuyg‘ularda o‘z aksini topadi. Shaxslarning hayoti va faoliyatida, shuningdek, ijtimoiy tarbiyasiga asta-sekin ustuvor va barqaror motivlar vujudga kela boshlaydi, ular inson ijtimoiy shartlangan yo‘nalganligi va hayotiy pozitsiyasini qat’iy belgilash uchun xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |