Xitoy davlatida korrupsiyaga qarshi kurashish.
Soʻnggi yillarda Xitoyda barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy shiorga aylandi. Zero, aloqalar, sotib olishlar, poralar va qimmatbaho sovgʻalar uzoq yuz yillar davomida ushbu davlat jamiyatining “mustahkam” asosiga aylanib, maqsadga erishishning “eng toʻgʻri” yoʻliga aylanib qolgan edi. Mamlakatning amaldagi rahbariyati kelajakda bunday “qadriyatlar”ga oʻrin yoʻqligini taʼkidlab, korrupsiyaga qarshi keskin yurish boshladi.
Qoidalar boʻyicha
XXRda ham dunyoning boshqa davlatlarida boʻlgani kabi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni keng nishonlanadi. Bunga arzirli sabablar bor. Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelishi bilan korrupsiyaga qarshi ochilgan keng miqyosli kampaniya davrida kompartiyaning 1,5 mln.dan ziyod aʼzosi shu kabi jinoyati uchun jazolandi.
Gap shundaki, 2012-yil dekabridayoq mamlakatda mansabdorlar uchun “sakkizta qoida” hayotga tatbiq etildi. Ular byurokratiya, isrofgarchilik va davlat xizmatidagi nomaqbul xatti-harakatlarni yoʻq qilishga qaratildi. Binobarin, nazorat organlari barcha darajadagi mansabdorlar ustidan doimiy tekshiruv olib boryapti, milliy va hududiy darajalardagi hamma idoralar, partiya organlari, davlat tashkilotlari, moliya muassasalarida tegishli qoidalarga rioya etish yoki ularni buzishga oid hisobotlarni taqdim etib kelmoqda.
Ushbu tamoyillarning joriy qilinishi shunday qarashni yuzaga keltirdiki, pirovardida korrupsionerlar ishi boʻyicha xabarlarda ham “partiya intizomini buzish” atamasi qoʻllanila boshlandi. Maʼlumki, bunday ayblovdan soʻng qonunbuzar partiyadan sharmandalarcha haydaladi, u egallab turgan barcha lavozimlaridan boʻshatiladi, unvon va mukofotlar bekor qilinadi, mol-mulki olib qoʻyiladi.
Butunxitoy Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining sobiq aʼzosi U Enyuanning aytishicha, XKP koʻplab korrupsiyaga qarshi mexanizmlarga ekan. XKP Markaziy komissiyasining tartib-intizomni nazorat qilish boʻlinmasi, nazorat boʻyicha davlat qoʻmitasi har bir departament, har bir idora va organ, partiyaning har bir aʼzosi va davlat xizmatchisini tekshirib boradi.
“Aynan shu ularning korrupsiyada ishtirok etishlariga yoʻl qoʻymaydi, ularning oʻzlari ham korrupsionerga aylanishni xohlashmaydi, agar qachonki mansabdorlar bunday nopok tizimga bogʻlanib qolsa, bu barcha qonunbuzarlarni ushlash imkonini beruvchi oʻziga xos qafasga aylanadi”, - deydi u.
“Yoʻlbarslar”, “pashshalar” va xalq
Ilgari Xitoy kompartiyasi aʼzoligi oʻziga xos kafolat hisoblanardi. Shu orqali shaxs barcha imkoniyat va qulayliklardan foydalanishi, mansab pogʻonasini suiisteʼmol qilishi, qimmatbaho sovgʻalarni qabul qilishi, davlat hisobiga oilasini taʼtilga olib borishi, bazmlar buyurtma berishi, pora berishi va ayni paytda daxlsiz qolishi mumkin edi. 2012-yilga kelib esa barchasi oʻzgardi. Si Szinpin va uning maslakdoshlari partiya funksionerlari hamda davlat xizmatchilari obroʻsini tiklash vaqti yetdi degan qarorga kelishdi. Ular endi tartib-intizom qoidalariga qatʼiy rioya etishlari, kamtar, masʼuliyatli boʻlishlari va davlat tomonidan qoʻyilgan maqsadlarga erishishga qatʼiy bel bogʻlashlari shart edi. Eng muhimi, bundan buyon davlatda “daxlsiz”lar qolmagan edi, partiya “yoʻlbarslarni ham, pashshalarni ham birdek jazolashga kirishdi”.
Provinsiya gubernatori oʻrinbosari, partiya qoʻmitasi, yirik korxona rahbari darajasidagi yuqori lavozimdagi mansabdorlar ushlangani haqidagi xabarlar deyarli har kuni paydo boʻla boshladi. Va bu odatiy holga aylandi. Biroq baʼzan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan “qattiq qoʻllar” “yoʻlbarslar”gacha ham yetib bormoqda. Bu boradagi yirik voqealardan biri Xitoy jamoatchilik xavfsizligi sobiq vaziri, XKP MK Siyosiy byurosi doimiy qoʻmitasi aʼzosi Chjou Yunkan, XKP MK Siyosiy byurosi aʼzolari Bo Silay va Sun Chjensayning javobgarlikka tortilganidir, desak mubolagʻa emas.
Oʻtgan yil oktyabr oyi oʻrtalarida korrupsiya ishi boʻyicha davlat energiya boshqaruvi rahbari Nur Bekri ishdan olindi. Soʻnggi eng shov-shuvli voqea esa 2018-yil sentyabr oyida Interpol boshligʻi Men Xunveyning yoʻqolib qolgani boʻldi. Keyinchalik u Xitoyda ekani, unga nisbatan korrupsiya ishi boʻyicha surishtiruvlar olib borilayotgani ayonlashdi. Bu birinchi navbatda Xitoyning oddiy fuqarolari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mashinasi toʻxtamasligi, hatto mamlakatning xalqaro nufuzigi putur yetishi ham bunga xalaqit bera olmasligini isbotladi.
“Yoʻlbarslar” katta-katta pullar bilan “oʻynagani” uchun tegishli jazosini olishmoqda. “Pashshalar” – nisbatan past pogʻonadagi mansabdorlar esa odatda isrofgarchilik uchun jazo statistikasida qayd etiladi.
Maʼlum qilinishicha, oʻtgan yilda eng keng tarqalgan qonunbuzish holatlari ruxsatsiz mukofot va yordam pullari toʻlash, shuningdek, sovgʻalar qabul qilish, davlat hisobidan shaxsiy bazmlar tashkil etish va xizmat avtomobillaridan boshqa maqsadlarda foydalanish boʻlibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |