1-dars. “Iqtisodiy tahlilning predmeti, vazifalari va mazmuni”
Ma’ruza
Iqtisodiy tahlil fanining predmeti
Iqtisodiy tahlil fanining asosiy vazifalari
Iqtisodiy tahlilning asosiy tamoyillari
Fanlar sistemasida tahlilning tutgan o’rni
Iqtisodiy tahlil fanining predmeti
“O’tgan yili iqtisodiyotimizni tarkibiy o’zgartirish va diversifikastiya qilishni chuqurlashtirish, bandlikni ta’minlash, odamlarimizning daromadi va hayot sifatini oshirishning muhim omil va yo’nalishlaridan biri tariqasida xizmat ko’rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettirildi.
2015 yilda yalpi ichki mahsulot o’sishining yarmidan ko’pi xizmat ko’rsatish sohasi hissasiga to’g’ri kelgani bu tarmoqning iqtisodiyotimizdagi o’rni va ta’siri naqadar katta ekanini ko’rsatadi. Bugungi kunda xizmat ko’rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2010 yildagi 49 foizdan 54,5 foizga etdi. Jami band aholining yarmidan ko’pi ushbu sohada mehnat qilmoqda.
Bank, sug’urta, lizing, konsalting va boshqa turdagi bozor xizmatlari barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda, ular xususiy sektor va kichik biznes rivojiga xizmat qilmoqda. Xizmat ko’rsatish sohasida 80 ming 400 ta kichik biznes sub’ekti faoliyat yuritmoqda va bu xizmat ko’rsatish sohasi korxonalari umumiy sonining 80 foizdan ortig’ini tashkil qiladi.
Qishloq va tumanlarimizda xizmat ko’rsatish sohasini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qishloq joylarda xizmat ko’rsatish va servis sohasini yanada jadal rivojlantirish dasturi doirasida so’nggi uch yilda 22 ming 800 dan ortiq loyiha amalga oshirildi, ko’rsatilayotgan xizmatlar hajmi 1,6 barobar, qishloqda bir kishiga to’g’ri keladigan xizmatlar hajmi 1,5 barobar oshdi. ”.1
Respublikamizda raqobatdosh iqtisodiyotni shakllantirish jarayonida korxonalarning yanada rivojlanishi bevosita ularni boshqarish tizimiga bog’liqdir. Iqtisodiyotida korxonalar faoliyatini samarali boshqarish uchun esa ular faoliyatini muttasil o’rganib, tahlil qilib turish kun tartibidagi asosiy masalalaradan biri bo’lib hisoblanadi. Shuning uchun ham barcha boshqaruv bo’g’inlarida iqtisodiy tahlil muhim ahamiyatga egadir. Chunki, iqtisodiy tahlil vositasida axborotlar hamda ma’lumotlar o’rganilib, qayta ishlanib jamiyat hamda alohida olingan korxonalarning faoliyati tezkorlik bilan yo’lga solib turiladi.
Fan-texnika yangliklari asosida ishlab chiqarishni yangi texnika hamda texnologiya bilan ta’minlash, modernizasiya qilingan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan jadal foydalanish, boshqaruv tizimini, xo’jalik mexanizmini zamonaviy usullar hamda yangi innavasion g’oyalar bilan takomillashtirish negizida iqtisodiyotni rivojlantirish hamda shu asosda xalqimizning farovonligini yanada yuksaltirish hozirgi davrda oldimizda turgan dolzarb vazifalardir. Bu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun sanoat korxonalarining faoliyatini har tomonlama hamda muntazam tarzda iqtisodiy tahlil qilish darkor.
Erkin iqtisodiy munosabatlar sharoitida iqtisodiy tahlil jarayonida o’rganilayotgan hodisa yoki jarayon maydadan-yirikka, oddiydan-murakkabga yoki aksincha, umumiylikdan eng kichik omilga qadar o’rganadi hamda umumiy birligi va bir-biri bilan uzviy bog’lanishi e’tiborga olinadi. Demak, iqtisodiy tahlil fani firma va korxonalarning iqtisodiy-ijtimoiy faoliyatini ob’ektiv va sub’ektiv omillarni e’tiborga olgan holda o’rganadi.
Fanning predmeti deyilganda, shu fan nimani o’rgatadi degan savolga javob berishi lozim bo’ladi. Har qanday mustaqil fan o’zining predmetiga ega. «Iqtisodiy tahlil» fanining predmetiga keng ma’noda qaraydigan bo’lsak, u iqtisodiy fan sifatida tahlil qilinayotgan ob’ekt xo’jalik faoliyatining barcha sohalarini o’z ichiga oladi. Lekin har bir iqtisodiy fan o’ziga xos xususiyatga, o’zi o’rganadigan predmetiga ega. Bu faqat shu fanga xos bo’lib, imkoni boricha boshqa fanlarda takrorlanmasligi lozim. Bu talab shu fanning mustaqil fan sifatida faoliyat ko’rsatishi uchun asosiy shartlardan biri hisoblanadi.
«Iqtisodiy tahlil» fanining predmeti tom ma’noda tahlil qilinayotgan ob’ektning xo’jalik faoliyatidir. Ammo «Boshqaruv hisobi», «Moliyaviy hisob», «Statistika», «Moliya», «Audit», «Marketing», «Menejment» kabi fanlarning ham predmeti keng ma’noda xo’jalik faoliyatidir. Bu fanlar ham xo’jalik faoliyatida sodir bo’layotgan ijtimoiy- iqtisodiy jarayonlarning u yoki bu jihatini o’rgatadi. Demak, har bir fanning, shu jumladan, «Iqtisodiy tahlil» fanining o’ziga xos va mos jihatini, unga tegishli predmetini aniqlab olish lozim.
Tahlil fani xo’jalik faoliyatida sodir bo’layotgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o’z ichiga oladi. Ammo, bu jarayonlarning sodir bo’lish paytini emas, balki uning natijasini o’rganadi, ob’ektda sodir bo’ladigan iqtisodiy jarayonlar uning biznes rejasida ko’zda tutilgan ma’lumotga asoslansa, jarayonning sodir bo’lishini qonuniy jihatdan hujjatlashtirish bilan «Boshqaruv hisobi», «Moliyaviy hisob» va «Statistika» kabi fanlar shug’ullanadi. Shu jarayonlarning natijasi ma’lum davrlarda (oy, chorak, yil) jamlanib boriladi va turli hisobotlarda o’z aksini topadi. Tahlil esa aynan ana Shu tuzilgan hisobotlarga, jamlangan hujjatlarga asoslanadi.
«Iqtisodiy tahlil» fanining predmeti haqida turli iqtisodiy adabiyotlarda iqtisodchi olimlarning qarashlari turlicha talqin etilgan. Masalan, iqtisodchi olim M.Q.Pardaev tahlilning predmetiga quyidagicha ta’rif bergan: «tahlil fanining predmeti, xo’jalik faoliyatida ob’ektiv (tashqi) va sub’ektiv (ichki) omillar ta’sirida sodir bo’lgan, bo’layotgan va bo’ladigan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni ma’lumotlar manbaida ifodalangan ko’rsatkichlar tizimi orqali uning holatiga baho berish va yaxshilash yo’llarini ishlab chiqishni o’rganishdan iboratdir».
Ushbu olimning fikrlariga qo’shilgan holda, biz hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida «Iqtisodiy tahlil» fanining predmetiga quyidagicha ta’rif berishni lozim deb topdik.
«Iqtisodiy tahlil» fanining predmeti deb – turli mulk shaklidagi firma, uyushma, birlashma va hakozolarning moliyaviy-xo’jalik jarayonlarini sodir bo’lishi, rivojlanishi va o’zgarishini ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi hamda moliyaviy barqarorligi, to’lov qobiliyati, raqobatga chidamli bo’lib faoliyat ko’rsatishi uchun zarur texnik, tashkiliy, moddiy, moliyaviy, innovasion boyliklaridan oqilona foydalanayotganligiga baho berishga aytiladi. Bunday o’rganishda jamiyatda amal qilayotgan ob’ektiv va sub’ektiv qonunlarga tayanadi hamda ko’pgina axborot manbalaridan foydalanadi».
Fanning predmeti ta’rifidan shu narsa ko’rinadiki, iqtisodiy tahlil korxonalarning xo’jalik jarayonlari va boshqa faoliyatlari hamda ularning yakuniy moliyaviy natijalarini o’rganadi. Korxonalardagi xo’jalik jarayonlari asosiy faoliyat, ularni tashkil etish hamda yuritish bilan bog’liq bo’lgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni qamrab oladi. Korxonaning boshqa faoliyatlarini xo’jalik jarayonlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan moliyaviy hamada investisiya faoliyati, soliq to’lovlari kabi munosabatlar tashkil etadi. Iqtisodiy tahlilda korxona iqtisodi faqat dinamik holatda emas, balki statik tarzda ham o’rganiladi.
Korxona faoliyatida ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida yuzaga kelgan xo’jalik jarayonlari mazmuni quyidagicha izohlanadi.
Tahlilning predmetini o’rganishda faqat sodir bo’layotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar bilan cheklanib qolish mutlaqo etarli bo’lmas edi. Tahlildan maqsad mavjud natijaga odilona baho berish bilan birgalikda yo’l qo’yilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf qilish va Shu orqali tahlil qilinayotgan ob’ektning iqtisodiy va moliyaviy ahvolini yaxshilashdan iboratdir.
Iqtisodiy tahlilning predmetida ob’ektiv va sub’ektiv omillar muhim ahamiyatga ega. Negaki, iqtisodiy jarayonlar ma’lum ichki va tashqi omillar ta’siri ostida bo’lib, uning ta’sirini boshqa fanlar o’rgatmaydi. Shu boisdan ham, tasir etuvchi ichki va tashqi omillar iqtisodiy tahlil fani predmetining asosini tashkil etadi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonga ta’sir qilgan ijobiy va salbiy omillarni o’rganmasdan turib belgilangan maqsadga erishilmaydi.
Ob’ektiv (tashqi) omillar deyilganda, korxona faoliyatiga mutlaqo bog’liq bo’lmagan omillar tushuniladi, ya’ni davlat siyosatining o’zgarib turishi, bozordagi talab va taklifning o’zgarishi, baho, tabiiy omillar va hakozolar.
Iqtisodiy manbalardan foydalanib o’rganish deyilganda esa buxgalteriya, statistik, tezkor hisob ma’lumotlaridan foydalangan holda korxona va firma faoliyati aniq raqamlar bilan o’rganiladi va umumlashtiriladi. Chunki, iqtisodiy manbalar korxonalarda sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlarni aniq o’lchaydi, aks ettiradi va baho beradi.
Har qanday fanning ob’ekti bo’lishi lozim. Ammo, «Iqtisodiy tahlil» fanining nazariyasiga bag’ishlangan eng so’nggi adabiyotlarda ham bu masalaga etarlicha e’tibor qaratilmagan. Shu tufayli fanning predmeti bilan ob’ektini ko’p hollarda bir xil tushunchalar deb qaraladi. Bu esa o’z navbatida nazariy jihatdan asossiz, chalkash xulosalarga olib kelishi mumkin.
Har qanday fanning ob’ekti uning predmeti qaerlarda amalga oshishini ko’rsatib beradi. «Iqtisodiy tahlil» fanining predmeti hozirgi bozor munosabatlari shakllanayotgan sharoitda ko’p mulkchilikka asoslangan barcha yuridik va jismoniy shaxslarning xo’jalik faoliyatida mujassam. Shu tufayli, tahlil fanining ob’ektiga davlat, jamiyat tashkilotlari, uyushmalar, trestlar, birjalar, korxonalar, tashkilotlar va boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning xo’jalik jarayonlari kiradi. Bu ob’ektlar iqtisodiy asosi jihatidan davlat, jamoa, aksiyadorlik, xususiy, xorijiy va aralash kabi mulk shaklida faoliyat ko’rsatadigan ob’ektlarga bo’linadi.
O’zbekiston Respublikasi o’ziga xos va mos iqtisodiy taraqqiyot yo’lini tanladi. Bu mustaqil yo’l bilan hamma sohada, xususan, milliy hisoblar tizimida ham jahon andozalariga bosqichma-bosqich o’tish ko’zda tutilgan. Bu esa o’z navbatida, mulk shaklidan qat’iy nazar, tahlilning bir xil metodologik usulini yoritishni taqozo qiladi.
Ob’ektning va davrning qanday bo’lishidan qat’iy nazar ushbu fan predmetining mohiyati o’zgarmasligi, ob’ekt esa tahlilning qaysi makonda o’tkazilishiga qarab o’zgarib turishi mumkin. Shu jihatdan uning predmeti ob’ektidan mazmun va mohiyati jihatidan tubdan farq qiladi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida «Iqtisodiy tahlil»ning sub’ektlari bo’lib, tahlil ob’ektini kim tomonidan o’rganilishiga qarab belgilanadi, ya’ni hozirgi vaqtda xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini juda ko’p mutaxassislar, mulkdorlar, davlat idoralari xodimlari tahlil qiladilar.
Tahlil ishlarini amalga oshiruvchi tahlil sub’ektlari tarkibiga korxona (firma), tashkilot va uyushmalarning oddiy xodimidan rahbar xodimigacha bo’lgan barcha xodimlari, buxgalterlar, iqtisodchilar, menejerlar, boshqaruv idorasi xodimlari, statistika idorlarari xodimlari, auditorlar, moliya tashkilotlari xodimlari, texnik xizmati xodimlari, mehnat birjasi xodimlari, atrofni muhofaza qilish tashkiloti xodimlari, marketing xizmati xodimlari, bank va birjalar xodimlari kabilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |