[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00
Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari,
konsepsiyalar va boshqalar;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablag‘ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.01.00 Investitsiya faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishi]
[
TSZ:
2.Moliya / Investitsiyalar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida
“Faol
tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2018-yilda mamlakatimizda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruviga
zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Qabul qilingan 2018-yilgi Davlat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida 21 trillion so‘m va 1 milliard AQSh dollariga teng 76 mingta loyiha amalga oshirildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga muvofiq 400 dan ortiq qishloq va mahallalarda munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
“Har bir oila — tadbirkor” va “Yoshlar — kelajagimiz” dasturlari doirasida 2 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, joylarda 2 600 dan ortiq biznes loyihalar amalga oshirildi.
Ijtimoiy
sohani rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mehnatga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi hamda bu aholining real daromadlarini 2017-yilga nisbatan 12 foizga oshirish imkonini berdi.
Yangi o‘quv yo‘nalishlarni ochish va qabul kvotalarini oshirish hisobiga oliy ta’lim olish imkoniyatlari salmoqli darajada kengaytirildi.
Soliq ma’muriyatchiligining mohiyatan yangi tartibi joriy etilgani sababli soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mahalliy budjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so‘m mablag‘ qoldirildi. Bu 2017-yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 6 barobar, 2016-yilga nisbatan 32 barobar ko‘pdir.
Bundan tashqari, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhiti va investitsiyaviy
jozibadorlikni yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish va biznes uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Xususan, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining 12 foizgacha pasaytirilishi hamda yuridik shaxslarning aylanmasi (tushumi)dan davlat maqsadli jamg‘armalariga undiriladigan majburiy ajratmalarning bekor qilinishi korxonalar ixtiyorida qo‘shimcha mablag‘lar qolishi uchun shart-sharoit yaratdi.
2018-yilda 18 ta davlatlararo tashriflar amalga oshirildi va 50 milliard AQSh dollariga teng investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda yurtimizda chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard AQSh dollari miqdoridagi 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Umumiy qiymati 16,9 trillion so‘m va 8,1 milliard AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin: