«Iqtisodiy geografiya»ni O’zbekistonda rivojlanishi.
O’zbekiston iqtisodiyotini ixtisoslashishi va majmuali rivojlanishini xalq xo’jaligi tarmoqlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning sifati va jahon bozorida raqobatbardosh ekanligi nuqtai nazaridan tahlil qilish nihoyatda zarurdir. Ana shu asosida mamlakatni jahon xo’jaligiga integratsiyalanishi masalasi hal qilinadi.
Iqtisodiy geografiyaning respublikadagi hozirgi ahvoli, uning nazariy- metodolik va ilmiy salohiyati ushbu muammolarni hal etishga imkon beradi.
O’zbekiston iqtisodiy va sotsial geografiyasi taraqqiyotining shu bugungi darajasiga yetish uchun uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tdi. Fanimizning
shakllanishi amalda ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda boshlanib, u Chetirkin va Cherdansev nomlari bilan bog’langan. XX-asrning 50-yillarida respublikada O’zbekiston iqtisodiy geografiyasining muhim yo’nalishi sifatida shaharlar geografiyasi shakllandi. Uning asoschisi va targ’ibotchisi bo’lib, Farg’ona vodiysi shaharlarining shakllanishini tadqiq etgan N.V.Smirnov hisoblanadi. Keyinchalik bu ilmiy yo’nalish yana ham kengaydi. O’zbekiston yangi shaharlari (Ahmedov E.A.), poytaxt shahri Toshkent (Raimov T.I.), Quyi Amudaryo shaharlari (Inomov I.) va boshqalar o’rganildi.
1960-yillarda M.Q.Qoraxonovning bevosita rahbarligida O’rta Osiyo va O’zbekiston aholisiga xos muammolar keng o’rganildi. Chunonchi, O’zbekiston aholisining tadrijiy o’sishi (M.Q.Qoraxonov), respublika qishloq aholisining joylanishi xususiyatlari (G.A.Asanov, R.V.Valieva), Farg’ona vodiysi shaharlari va shahar aholisining rivojlanishi (O.B.Ota-Mirzaev), yangi shaharlarning demografik rivojlanishi (N.F.Fayziev) va boshqa yo’nalishlardagi masalalar tahlil etildi.
O’zbekiston iqtisodiy geografiyasi «aholi» blokining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan, muhim tadbirlar qatorida M.Q.Qoraxonov boshchiligida tashkil qilingan va O’rta Osiyo aholisi muammolariga bag’ishlangan (Toshkent, 1965-1971), konferentsiyalari haqida alohida o’rin tutadi. Ular respublikada aholi geografiyasini va uning asosiy yo’nalishlari: aholini takror barpo etish geografiyasi, aholi migratsiyasi geografiyasi, shaharlar geografiyasi, qishloqlar geografiyasi, mehnat resurslari geografiyasi va boshqalarning tez sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlaydigan muhim omillar bo’lib, xizmat qildi. O.B.Ota-Mirzaev rahbarligida urbanizatsiya muammolariga bag’ishlangan (Toshkent, 1973-1975) seminarlari tashkil qilindi va o’tkazildi.
70- va 80-yillarda aholi mavzusi bo’yicha qator nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi (Soliev A., Qayumov A., Yangiboev M., Safarov I., Tillaev R., Imomov Sh., Mallaboev T., Goldfarb B., Maxmudov B., G’aniev A., Bo’riev M., Sadullaev A. va boshqalar). 80-yillarning so’nggi va 90-yillarning dastlabki davrida Salimov X. tomonidan O’zbekiston aholisining sotsial-geografik rivojlanishi, Ota-Mirzaev O.B. tomonidan O’zbekiston shahar aholisi va aholi manzilgoxlarining rivojlanishi, Qayumov A. tomonidan O’zbekiston mehnat resurslarining sotsial-geografik rivojlanishi muammolari bo’yicha doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Natijada, hozirgi vaqtga kelib, O’zbekistonda respublika aholisi, uning joylanish xususiyatlari, urbanizatsiya jarayonini o’rganish bo’yicha mashhur milliy ilmiy maktab vujudga keldi.
O’zbekiston sotsial-iqtisodiy geografiyasining keyingi rivojlangan yo’nalishi bo’lib, qishloq xo’jaligi geografiyasi hisoblanadi. Mazkur yo’nalish respublikada 60- yillarning dastlabki davrida Z.M.Akromov rahbarligida vujudga keldi, shakllandi va rivojlandi. Ushbu muhim ilmiy yo’nalishning respublikadagi mashhur vakillari bo’lib Ro’ziev A.R., Lobach R.S., Xodiev R.A., Egamberdiev T.E., Islomov S., Qurbonov K.. va boshqalar tan olinadi. Mazkur ilmiy yo’nalish O’zbekistonda 80- yillarda qishloq joylari va shaharlar iqtisodi bilan uzviy bog’langan xolda rivojlandi. Aynan mana shu yo’nalish bo’yicha ko’pchilik geograflarning (Abirqulov Q.,
Sultonov N., Abdullaev O. va boshqalarning) iqtisod fanlari bo’yicha doktorlik dissertatsiyalarini yoqlashlari bejiz emas
Do'stlaringiz bilan baham: |