Falsafada milliylik va umuminsoniylik tamoyili. Albatta, falsafa
umuminsoniy fan sifatida bashariyatga doir umumiy muammolarni qamrab oladi.
Ma'lumki, olam va odam munosabatlari, jamiyat va tabiatni asrash, umrni
mazmunli o'tkazish, yaxshilik va yomonlik kabi qadriyatlar bilan bog'liq
masalalarning barchasi insoniyat uchun umumiydir. Ammo falsafada muayyan
milliy xususiyat, maqsad va intilishlar ham o'z ifodasini topadi. Aslida yuqorida
zikr etilgan umuminsoniy mavzu, masala va muammolarning barchasi avval-
boshda xususiy, milliy, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar tarzida namoyon
bo'ladi. O'z yurti, millati, ota-onasi va yor-birodarlarini sevgan vatanparvar inson,
avvalo, ana shularning kamoli uchun qayg'uradi, ularni o'ylaydi, ularga xizmat
qilishni oliy saodat deb biladi. Bunday shaxs dunyoqarashida ana shu jihat va
xususiyatlar albatta aks etadi. Bu esa, o'z navbatida, umuminsoniy fan bo'lgan
falsafada milliylikning aks etishiga asos bo'ladi.Umuminsoniylik - vatansizlik
(kosmopolitizm) bo'lmagani singari, milliylik ham - milliy qobiqqa o'ralish, milliy
mahdudlik degani emas.
Lekin sizning hayolingizda beixtiyor «Milliy falsafa bo'lishi mumkinmi?
Axir, yuqorida falsafaga o'z mohiyati bilan umuminsoniy fandir, degan ta'rif
berildi-ku?» – degan savollar charx urishi mumkin. Bu - o'ziga xos milliy
taraqqiyot yo'lidan ketayotgan barcha xalqlar falsafasi uchun daxldor bo'lgan
savollardir. Agar biz yuqorida qayd etilgan muammolarga milliy manfaatlarimiz
nuqtai nazaridan qaraydigan bo'lsak, O'zbekistonda bu yo'nalishni rivojlantirish
zarurati yetilganini anglaymiz.
Falsafiy adabiyotlarda milliy falsafa mavzuida turlicha fikrlar mavjud.Ayrim
faylasuflar, aslida milliy falsafa bo'lishi mumkin emas, bunday yondashuvning o'zi
etnik mahdudlikka olib keladi, deb hisoblaydi. Boshqalari esa, modomiki milliy
falsafa milliy g'oya va mafkurani shakllantirishnig nazariy asosi ekan, har qanday
umumiy qonuniyatlar muayyan ijtimoiy makon va tarixiy zamonda xususiy holda
namoyon bo'ladi, deya milliy falsafani yoqlab chiqadi.
Biz millat bor ekan, milliy madaniyat, til va adabiyot ham mavjud degan
fikrga o'rganib qolganmiz. Aslida ularning barchasi nafaqat bir millatga, balki
butun insoniyatga xos-ku! Bizning nazarimizda, milliy falsafa millat mentalitetini
belgilaydigan muhim omildir.Umumbashariy sivilizasiyaga uzviy qo'shilish
jarayoni milliy falsafani yaratish orqali sodir bo'ladi.Eng muhimi - falsafadagi
milliylik umuminsoniylikni rad qilish evaziga emas, balki uni ijodiy boyitish orqali
rivojlanib boradi.
Falsafa tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, ayrim milliy falsafalarning
umuminsoniy ma'naviyat xazinasiga munosib hissa bo'lib qo'shilganini
ko'ramiz.Masalan, Rim imperiyasi zavolga yuz tutganidan keyin o'z milliy
davlatchiligiga ega bo'lgan Yevropa mamlakatlarida, o'rta asrlarga kelib, milliy
falsafa yaratish imkoni tug'ildi. (O'rta asr Yevropa madaniyatiga bag'ishlangan
mavzuda bu haqda atroflicha fikr yuritamiz). To'g'ri, ular umumevropa hududida,
qadimgi Yunoniston va Rim madaniyati negizida shakllandi. Ularda Yevropa
xalqlariga xos umumiy jihat va xususiyatlar, umumetnik mentalitet aks etgan edi.
Bu jarayon avvalo, Italiya va Angliyada, so'ngra Fransiyada yuz berdi. Bu falsafiy
maktablarning F. Bekon va R. Dekart, B. Spinoza va J.J. Russo kabi atoqli
namoyandalari nafaqat o'z mamlakatlari, balki Yevropa va jahon falsafasi tarixida
o'chmas nom qoldirdi. Ular, avvalambor, o'z yurti, o'z millati sha'nu sharafini
yuksaklikka ko'tarish, taraqqiyotga olib chiqish uchun ilg'or g'oyalarni o'rtaga
tashlagan, davr taqozo etgan mafkuraning shakllanishiga hissa qo'shgan.
Xuddi shunday, XV111-X1X asrlarda milliylik va jahon falsafasining
taraqqiyotiga nihoyatda katta ta'sir ko'rsatgan hudud Prussiya (Germaniya) bo'ldi.
Uzoq vaqt Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida bo'lgan bu o'lka mustaqillikka
erishib, milliy davlatchiligini tiklaganidan keyin, milliy ozodlikning falsafiy
in'ikosi o'laroq I. Kant, I. Gegel, Fixte, Shelling, Feyerbax kabi donishmandlar
tomonidan asoslangan nemis falsafasi shakllandi.Keyinchalik bu falsafa Nichshe,
Freyd kabi ko'plab faylasuflar tomonidan rivojlantirildi.Ushbu falsafa maktabining
atoqli namoyandasi hisoblangan Gegel ta'limoti esa, pruss monarxiyasining davlat
mafkurasi maqomini oldi.Hamma narsaning o'tkinchi ekanligini nihoyatda yaxshi
biladigan, yangi zamonning Arastusi nomini olgan Gegel pruss monarxiyasining
o'tkinchi ekanligini bilmasmidi?Nima sababdan u dialektik ta'limoti emas, balki
monarxiyaga xizmat qilgan falsafiy sistemasining mukammalroq bo'lishi uchun
ko'proq kuch sarfladi?degan savollar haligacha faylasuflarni o'ylantirib keladi.
Xo'sh, nima sababdan Gegel bu yo'ldan bordi?Chunki Gegel o'z davrining,
o'z xalqining farzandi edi.U mustaqil nemis milliy davlati - pruss monarxiyasi
davrining mahsuli, o'sha davr falsafasining namoyandasi edi.U «Faylasuflar
osmondan yomg'ir kabi yog'ilmaydilar yoki yomg'irdan keyingi qo'ziqorinlardek
yerdan o'sib chiqmaydilar, balki ularni xalq yaratadi» deganida aynan ana shuni
nazarda tutgan edi. Gegel o'z ijodi va faoliyati bilan pruss monarxiyasi, garchand
monarxiya shaklida bo'lsada, nemis davlati ekanligini o'z millatining ongi va
dunyoqarashini tarkibiy qismiga aylantirib keta olgan buyuk faylasuf edi. Uning
«aqlga muvofiq narsalarning barchasi voqyedir, voqye bo'lgan narsalarning
barchasi esa aqlga muvofiqdir» degan so'zlarini ham ana shu ma'noda tushunish
lozim. Gegelning bu masalada dialektik emas, balki metafizik usulga ko'proq
e'tibor berganligining sababi ham ana shunda.
O'sha davrgacha, Rim imperiyasi qulaganidan keyin ko'proq tarqoq
hududlarga bo'linib, Avstriya-Vengriya imsperiyasi tarkibida yashab kelgan nemis
millati uchun pruss monarxiyasi - milliy davlat edi.Uning shakli-shamoyili kelajakda
o'zgarishi boshqa masala bo'lgani holda, bu davlatning Yevropada nemis milliy
davlati tarzida saqlanib qolishi, uning millat falsafasiga aylanishi bilan bog'liq edi.
Millat falsafasiga, uning dunyoqarashiga aylangan milliy davlatchilik g'oyasi hyech
qachon so'nmaydi, garchand yurtni yovlar asrlar davomida bosib tursalarda,
qachondir baribir qad rostlaydi va millatning davlati tarzida yana qayta namoyon
bo'ladi. Gegel o'z millatining falsafasi va dunyoqarashiga o'sha davlatning shakli-
shamoyilini va mazmun-mohiyatini singdirib keta olgan faylasuf darajasiga
ko'tarilgani uchun ham bu millat tarixida va u orqali, jahon falsafasi tarixida abadiy
qoladi. Milliylik va umumevropa madaniyatidan bahra olgan bu falsafa haligacha o'z
jozibasini yo'qotmaganligining sabablaridan biri ham ana shunda.
Shunga o'xshash vazifani, o'z davrida, millatimizning asl farzandi Alisher
Navoiy ham bajargan. U ozodlikka erishgan millat falsafasini adabiyot falsafasiga,
mustaqil davlat tilini adabiyot tiliga aylantira olgan, o'z xalqining bu sohadagi
dahosi buyuk ekanligiga, nafaqat zamondoshlari, balki kelajak avlodlarni ham
ishontirib keta olgan edi. Navoiy va uning zamoniga, o'sha davrga xos
o'zgarishlarning boshida turgan Amir Temur faoliyatiga qayta-qayta murojaat
etilishining sabablaridan biri ham ana shunda. Zero har bir xalq, avvalo, o'zining
tarixidan bugungi kun uchun tashbehlar izlaydi va ijtimoiy taraqqiyoti uchun asos
bo'ladigan ma'naviy tamoyil, an'ana va qadriyatlarga murojaat qiladi.
Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin milliy falsafani shakllantirish
uchun imkoniyatlar ochildi. Bugun ulug' ajdodlarimiz tamal toshini qo'ygan o'zbek
milliy falsafasini rivojlantirishning obyektiv va subyektiv shart-sharoitlari mavjud.
Bu borada, avvalo, Prezident Islom Karimov asarlarida o'zbek falsafasining
taraqqiyot
qonuniyatlari
ochib
berilayotganini
alohida
ta'kidlash
lozim.Prezidentimiz falsafa oldidagi bugungi muammolarning mohiyati, ularni hal
qilish yo'llariga alohida e'tibor bermoqda.
Shu bilan birga, bugungi o'zbek falsafasining rivojini ta'minlashda quyidagi
jihatlar alohida o'rin tutadi:
- xalqimizning o'z milliy an'analariga sodiqligi;
- mamlakatimizning buyuk kelajagiga ishonchi;
- muqaddas qadriyatlarimizga ishonch-e'tiqodi;
- mehnatsevarligi, intellektual salohiyati va boshqalar.
O'zbek falsafasini yanada taraqqiy ettirish vazifalarini amalga oshirish quyidagi
muammolarning yechimini topishga bog'liq:
- birinchidan, mustamlakachilik sharoitida soxtalashtirilgan tariximizni
haqqoniy yoritish falsafiy g'oyalar, qarashlar tarixini ham xolis ko'rsatib berishni
taqozo qiladi;
- ikkinchidan, mavjud manbalar arab yoki fors tillarida ekanligi, ularni biladigan
faylasuf olimlarning, malakali tarjimonlarning kamligi umuminsoniy ma'naviy merosdan
bahramand bo'lish va ulardan ijodiy foydalanishga to'siq bo'lmoqda;
- uchinchidan, odamlar ongidan mustabid tuzumning soxta g'oyalarini, ular
qoldirgan asoratlarni siqib chiqarish, mafkuraviy bo'shliqni yangi g'oyalar bilan
to'ldirish, istiqlol mafkurasini shakllantirish muayyan vaqtni taqozo qiladi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish bugungi falsafa masalalari bilan
shug'ullanuvchi olim va tadqiqotchilar zimmasiga nihoyatda katta mas'uliyat
yuklaydi. Bunda, eng avvalo, mazkur sohaga aloqador har bir yurtdoshimiz
dunyoqarashining milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan o'zgarishi nihoyatda
muhimdir.Mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etilayotgan hozirgi
davrda bu jarayonning qanday borishi yangi falsafiy ongning shakllanishiga
muayyan darajada ta'sir ko'rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |