Key words:
competence, innovative competence, learning process, future teacher, skill,
constructivism, competence approach.
Hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan
rivojlanib borayotgan sharoitda ta’lim tizimini takomillashtirishni davrning o`zi talab qilmoqda.
Ma’lumki, ta’lim samaradorligi, bo`lajak pedagoglarning kasbiy faoliyatida erkin va mustaqil amaliy
faoliyat ko`rsata olishi ulardagi kasbiy-pedagogik, innovatsion kompetentlikning shakllanganligi bilan
belgilanadi. “Kompetentlik” – bu chuqur bilim va tajribaga egalik, yuksak mahorat, xabardorlik,
omilkorlik. Shuningdek, u nafaqat bilimlarga ega bo`lish, balki ularni amaliyotga moslashtira olish
imkoniyati hamdir. Shu nuqtayi nazardan kompetentlikning quyidagi turlari o`zaro farqlanadi:
– Kasbiy kompetentlik – mutaxassis tomonidan kasbiy vazifalarning samarali yechimini
ta’minlashga xizmat qiluvchi bilim, ko`nikma va malakalarning egallanishi va ularni amaliy faoliyatda
yuqori darajada qo`llay olish layoqatidir.
– Metodik kompetentlik – o`quv-tarbiya va boshqaruv jarayonlarini samarali tashkil etishning
shakl, metod va vositalarini bilish, o`zlashtirish, amalda qo`llash, kasbiy faoliyat natijalarini kvalimetrik
tahlil eta olish, ilg`or pedagogik va xalqaro tajribalarni o`rganish, o`quv-tarbiya jarayonini
loyihalashtirish, muvaffaqiyatli amalga oshirish ko`nikmalari.
– Innovatsion kompetentlik – ta’limdagi innovatsion jarayonlar mohiyatidan xabardorlik, kasbiy
faoliyat sohasi va tegishli ta’lim yo`nalishidagi innovatsiyalarni o`zlashtirish, amaliyotga faol tatbiq
etish, zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi savodxonlik, chet
tillarini o`zlashtirish, novatorlik.
Kasbiy va kasbiy pedagogik ta’limda innovatsion jarayonlarning rivojlanish konsepsiyasi
pedagogik nazariya va amaliyotda S.Y.Batishev, E.F.Zeer, N.V. Kuzmina, L.M. Kustov, L.S. Podymova,
V.A.Slastenin singari olimlarning ilmiy ishlarida o`z ifodasini topgan. Shuningdek, V.V. Gusev va
N.F.Maslova tomonidan universitetda o`quv muhitini yaratish shartlari tadqiq etilgan bo`lib, unga
ko`ra, talabalarning kognitiv faolligi ijtimoiy rivojlanayotgan va kasbiy yo`naltirilgan pedagogik
texnologiyalarga asoslangan. Axborotning shiddatli oqimi, dunyoda ro`y berayotgan o`zgarishlar
zamonaviy ta’lim jarayonida bir qancha kamchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan:
– oliy kasb-hunar ta’limi tizimida kadrlar tayyorlashning bir darajali tizimiga o`tish va
universitetning o`quv muhitini tashkil etish muammolarini nazariy va uslubiy jihatdan ishlab
chiqishning sustligi;
– oliy maktab amaliyotiga kompetensiyaga asoslangan yondashuvni keng miqyosda joriy etish
zaruriyati va talabaning umumiy madaniy barkamolligini shakllantirish uchun yetarli pedagogik
modelning yo`qligi;
– bo`lajak bakalavrlarning umumiy madaniy barkamolligini shakllantirishda ta’lim muhitining
potensiali;
– kasbiy tayyorgarlik jarayonida universitet innovatsion o`quv muhitining shart-sharoitlari va
manbalari.
Kasb-hunar pedagogik ta’limidagi innovatsion jarayonlarning rivojlanishi fan, jamiyat, iqtisodiyot
va ishlab chiqarishdagi innovatsion jarayonlarning rivojlanishi bilan bog`liq. Ular o`ziga xos xususiyatga
ega bo`lib, innovatsion muhitda samarali faoliyat ko`rsatishga qodir yuqori malakali kadrni
shakllantirishga ko`mak beradi. OTMlardagi innovatsion ta’lim muhiti ta’lim sifatini oshirishning asosiy
103
TDPU ILMIY AXBOROTLARI PEDAGOGIKA 2019/3(20)
sharti va asosiy manbayi bo`lib, u bo`lajak o`qituvchilarning muvaffaqiyatli ijtimoiy moslashuvi, kasbiy
shakllanishi va rivojlanishi, mehnat bozorida raqobatbardoshligi va ta’limni davom ettirish
imkoniyatlarini qondirish uchun mo`ljallangan. Afsuski, kelajakdagi o`qituvchining kasbiy shakllanishi
ko'pincha ta’lim muhiti va ular tarkibiy qismlarining xususiyatlarini hisobga olmagan holda quriladi,
ya’ni an’anaviy o`qitish mexanizmlari kabi asosiy urg`u nazariyaga qaratiladi. Bugungi kunda o`qitish
tizimining xorij metodikasi bilan uyg`unlashtirilishi ta’lim tizimida “zamonaviy o`qituvchi” shaxsini
yaratishni talab qilmoqda. Zamonaviy o`qituvchi kompetensiyaviy yondashuv asosida ta’lim jarayonini
tashkil eta olishi, buning uchun esa, kompetentlik qobiliyatga, pedagogik mahoratga ega bo`lishi lozim.
Shunday ekan, bo`lajak o`qituvchilarga ta’lim berishda asosiy harakatlar kelgusidagi kasbiy faoliyat
kontekstida o`qitishga yo`naltirilishi, o`quvchini bilimning faol subyekti sifatida belgilashi, uning
individual xususiyatlarini hisobga olib, subyektiv shaxsiy tajribaga asoslangan holda, o`zini-o`zi
tarbiyalash va o`z-o`zini rivojlantirishga qaratilgan bo`lishi kerak.
Mamlakatimizning istiqboldagi taraqqiyoti va qudrati innovatsion kompetentlik, pedagog-
o`qituvchilarning kasbiy yondashuvi, mahorati bilan belgilanadi. Innovatsion kompetentlik – bu uzluksiz
ravishda yangiliklar bilan ishlash bo`lib, uzoq vaqt davomida shakllanadi va takomillashib boradi.
O`qituvchining innovatsion kompetentligini ta’lim jarayonida shakllantirish quyidagi ko`nikma va
malakalarni rivojlantirish uchun imkon beradi:
– mustaqil ravishda uzoq va yaqin, ichki va tashqi bilimlar tizimini va mahoratini yangi vaziyatga
ko`chiradi;
- an’anaviy vaziyatlarda yangi muammolarni his etadi;
– obyekt an’anaviy funksiyasi o`rniga yangisini tasavvur qiladi;
– obyekt tuzilishini tasavvur qiladi;
– masalalarni yechishda muqobil yechimlarni ham hisobga oladi;
– yangi muammolarni hal etishda faoliyatning oldindan ma’lum bo`lgan usul va uslublarini qayta
ishlaydi va h.k
1
.
Bo`lajak o`qituvchilarda innovatsion kompetentlikning shakllanishi ikki yo`nalishda amalga
oshirilishi lozim:
Yangilikni idrok qilishga innovatsion tayyorlikni shakllantirish;
Yangicha harakat qilishga o`rgatish
2
.
O`qituvchining innovatsion kompetentligi, asosan, quyidagi jihatlarning namoyon bo`lishida
ko`rinadi:
Izlanuvchanlik;
Qiziquvchanlik;
Ijodiy yutuqlarga intilish;
Ilg`orlikka intilish;
Novatorlik;
Ijodiy faoliyatning shaxsiy ahamiyati;
O`z-o`zini mukammallashtirishga intilish;
Ijodkorlik.
Bilamizki, jahon ta’lim tizimida o`qitishning turli xil nazariyalari mavjud. Konstruktivizm ana
shunday nazariyalardan biri bo`lib, “yaratish”, “barpo etish” ma’nolarini bildiradi. Bunda o`rganuvchi
kerakli bilimni o`zi tushunishi orqali hosil qiladi va o`qituvchi faqat “nazorat qilish” vazifasini bajaradi.
Ushbu jarayon amaliyot, “jonli manba”lar bilan ishlash asosida amalga oshiriladi. Aynan mana
shunday o`qitish talabalarda innovatsion kompetentlikni vujudga keltira oladi. Chunki amaliyot bilan
bog`lanmagan har qanday nazariya natijasizdir. Shu nuqtayi nazardan, bo`lajak o`qituvchilarda
1
Шкатова Т.Г. Содержание профессиональной компетентности педагога. // Ярославский педагогический вестник, 2010, №1. С. 100-103.
2
Новиков A.M. Интеграция базового профессионального образования. // “Педагогика”, 1996, № 3. С. 3-8.
104
TDPU ILMIY AXBOROTLARI PEDAGOGIKA 2019/3(20)
innovatsion kompetentlikni shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirishda quyidagi tavsiyalarni
berish maqsadga muvofiqdir:
– Mustaqil ta’lim darslarini ko`paytirish. Innovatsion kompetenlikning shakllanishida talabalar
uchun ajratilgan mustaqil ta’lim muhim rol o`ynaydi. Bu jarayonda ular muammoli topshiriq va
vazifalarni hal etishda aqliy salohiyatlarini to`la ishga soladilar, zarur bilimlarni izlab topadilar va amaliy
faoliyatni tatbiq etishga odatlanib boradilar. Mustaqil ta’lim orqali bo`lajak o`qituvchi o`zi uchun qulay
bo`lgan usul va uslublar, o`qitishning metod va vositalarini izlaydi, ularni takomillashtiradi, ularning
yangi mexanizmlarini yaratishga harakat qiladi. O`quv dasturi va darsliklardan tashqari o`z ixtisosligiga
aloqador bo`lgan bilimlarni izlab topish, tajriba-sinovlar o`tkazish yordamida ularni boyitish talabada
tashabbuskorlik, ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantiradi, raqobatbardoshlikni yuzaga keltiradi. Raqobat
qayerda bo`lsa, taraqqiyot ham o`sha yerda makon quradi. Demak, bo`lajak o`qituvchilarda
innovatsion kompetentlikni shakllantirishni takomillashtirishda mustaqil ta’lim zarur vosita hisoblanadi.
– Talabalarning ayrim o`quv mashg`ulotlarini mavzuga oid maskanlarda olib borishni yo`lga
qo`yish yoki shu sohaga oid jonli manbalar bilan ishlash. Bunday o`qitishda talabada yaratuvchanlik,
ijodiy yondashuv, mustaqil fikrlash ko`nikmalari shakllanadi. Masalan, texnika sohasi mutaxassislarini
tayyorlashda ularga samolyotning tuzilishi haqida ma’lumot berishdan ko`ra, samolyot maketini olib
kelib, uni buzish va qayta yaratish topshirig`ini berish samaralidir. Yoki adabiyot darslarida shoir va
yozuvchilarning hayot va ijodi o`rganiladigan mashg`ulotlarni ularning uy-muzeylarida olib borish
bo`lajak o`qituvchilarda tasavvurning, bilimlarning kengayishiga xizmat qiladi.
– Amaliyot jarayonini o`quv jarayoni bilan bog`lash, shu maqsadda talabalarning 1-bosqichdanoq
MTM, maktab va akademik litseylarda nofaol amaliyot o`tashini tashkil etish. Ushbu tizimning yo`lga
qo`yilishi bo`lajak o`qituvchilarda muomala madaniyatini, pedagogik mahoratni shakllantirib, o`qish
jarayoni va o`qitish jarayoni o`rtasidagi devorning yo`qolishiga sabab bo`ladi. Ya’ni talabaning o`qish
jarayonidan birdaniga o`qitish faoliyatiga o`tishi jarayonidagi qiyinchiliklar bartaraf etiladi. Shuningdek,
talaba ushbu faoliyat davomida o`qitishda mavjud kamchiliklarni to`laqonli anglaydi va novatorlik
orqali qulay o`qitish texnologiyalarini yaratishga harakat qiladi.
– Xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, talabalarda yangicha dunyoqarashni
shakllantirish uchun ularning xalqaro konferensiyalardagi ishtirokini ta’minlash. Bugungi kunda yoshlar
ongi, tafakkuri tez rivojlanmoqda. Ularning o`quv darslaridan qoniqish hosil qilishi o`qituvchidan katta
bilim va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Axborotlar oqimi, yangiliklar shiddat bilan tezda butun
dunyoga tarqaladi. Shunday ekan, o`qituvchi hamisha zamon bilan hamnafas bo`lishi, dunyoqarashini
boyitib borishi lozim. Shu jihatdan, bo`lajak o`qituvchilarni xorijiy mamlakatlar ta’lim tizimi, o`quv
jarayonlari bilan tanishtirib borish, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishi uchun shart-sharoit
yaratish OTMlarning muhim vazifasidir. Bu jarayonda bo`lajak o`qituvchilarda:
Ko`p sonli yechimlarni amalda qo`llash;
Mulohazalarning mustaqilligi;
Tasavvur etish, ijodiy xayol;
Pedagogik faoliyatda bir xillikdan voz kecha olish;
Fikrlar harakatsizligini yenga olish;
Tavakkalchilik;
Tanqidiy fikrlash, o`z ishlarini tahlil qila olish qobiliyati;
Mulohazakorlik qobiliyati rivojlanadi.
Xulosa qilib aytganda, innovatsion kompetentlik barcha o`qituvchilar uchun zaruriy vositadir.
Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim esa, o`quvchilar egallagan bilim, ko`nikma va
malakalarni o`z shaxsiy kasbiy va ijtimoiy faoliyatlarida amaliy qo`llay olish kompetensiyalarini
shakllantirishga yo`naltirilgan, innovatsion kompetentlikni rivojlantirish uchun, birinchi navbatda,
bo`lajak o`qituvchilarga kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan holda ta’lim berish lozimdir.
105
TDPU ILMIY AXBOROTLARI PEDAGOGIKA 2019/3(20)
Do'stlaringiz bilan baham: |