Politeizmdan monoteizmga o’tish davrida arablar ma’naviyati. Arablar yarim orolida islom dinining vujudga kelishi arafasida «ko’p xudolik» e’tiqodi hukm surgan. Ularning ma’naviyati, urf-odatlari, diniy marosimlari ham ana shu e’tiqodga mos ravishda ifodalangan.
Ko’p xudolik e’tiqodi mazmuniga kiruvchi qonun-qoidalar boshqa sharq xalqlari singari arablarning ham tarixiy taraqqiyoti-ibtidoiy tuzumdan boshlab urug’chilik va qabila munosabatlarining shakllanishi bilan bog’liq holda rivojlangan.
Dastlabki diniy g’oyalarning kelib chiqishi va taraqqiy etishda insonlarning dunyoni bilish, xususan, mavhum tafakkurning rivojlanishi muhim bir bosqichni tashkil etgan. Insonning tafakkuri tabiat, jamiyatdagi narsa va hodisalarni hissiy idrok etish bilan tavsiflanadi. Ibtidoiy jamiyat a’zolarining dunyodagi narsa va hodisalar haqidagi tasavvurlari umumiy belgi va xususiyatlarni ajratgan holda ularga xos umumiy tushunchalar yaratish, ya’ni mavhumlashtirish qobiliyatiga ega bo’lmagan. Ijtimoiy taraqqiyotning muayyan bosqichidagi insonlarda voqealikning ayrim tomonlarini mavhum tarzda tasavvur qilish imkoniyatlari vujudga kelgan. Mavhum tafakkurning bundan keyingi taraqqiyoti inson orzu-xayollarining mavjud dunyo doirasidan chiqib, voqealikdan uzoqlashib qolishga, fikrning narsa va hodisadan, ongning moddiylikdan uzoqlashish imkoniyatlarini vujudga keltirgan. Bu hol dastlabki diniy tasavvurlarning kelib chiqishiga imkoniyat yaratgan.
Arabiston yarim orolida islom dinini vujudga kelishi arafasida urug’-qabila munosabatlari tanazzulga yuz tutayotgan davr edi. Ibtidoiy jamoa tuzumi yemirilib, quldorlik jamiyatiga va jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichlarida ijtimoiy hayotda, kishilar o’rtasidagi moddiy va ma’naviy munosabatlarda, xususan urf-odat, axloq-odob, turmush tarzida muhim rol o’ynab ijtimoiy va individual (kundalik) ongda o’z aksini topgan.
Diniy tasavvurlarni shakllanishi va rivojlanishida ruhiy (psixik) omilning o’ziga xos o’rni bo’lgan. Har bir inson, ijtimoiy guruh va dinga ishonadigan odamning psixik holatlari, chunonchi ahvol-ruhiyati, his-tuyg’ularida sodir bo’lib turadigan psixik jarayonlar va ularning diniy e’tiqod mexanizmlaridir; bular odamda dindorlikni hosil etishga, u yo’qolgan bo’lsa, qayta tiklashga va diniy ta’limotlarni o’rganish, o’zlashtirishga qulay ruhiy zamin tayyorlaydi. Bular iztirob, g’am-alam, vasvasa, jazava, g’urbat, qo’rquv, musibat, falokat, kulfat kabi ruhiy kechinmalar oqibatida hosil bo’ladi. Dinning inson ruhiyatidagi bunday holati ikki-shaxsiy va ijtimoiy qismlarga bo’linadi.
Arab qabilalaridagi turli diniy e’tiqodning shakllanishi ildizi ular ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning bosib o’tgan bosqichlari bilan bog’liqdir. Tarixan arab qabilasi a’zosining shaxsiy diniy kechinmalari va e’tiqodi qabila e’tiqodi bilan yaqinlashtirilgan va barcha qabila a’zolari uchun yagona diniy e’tiqod sanami shakllangan. Albatda har bir qabilaning e’tiqod qiladigan sanami (Xudosi) bir vaqtda vujudga kelmagan. Ular arab qabilalarining ijtimoiy-iqtisodiy va g’oyaviy e’tiqodlari asosida sekin-asta shakllangan.
Boshqa xalqlar singari qadimgi arablarning diniy tasavvurlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm, sehrgarlik (magiya) va o’tmish ajdodlari ruhiga sig’inishni kiritish mumkin. Ular ibtidoiy odamlarning diniy e’tiqodi bo’lsa-da arab qabilalari hayotida, xatto ularning elementlari hozirgi zamon dinlarida ham uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |