Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan fuqarolarni ijtimoiy ta’minlash, pensiya ta’minotini amalga oshirish shakllaridan biri bo‘lib, davlat tomonidan moddiy ta’minlanib kelingan shaxsni vafot etishi munosabati bilan uning qaramog‘ida bo‘lganlarga qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda, shartlarda va miqdorlarda ular voyaga yetgunlariga qadar, mehnat qilish qobili- yatlari qayta tiklangunicha yoki bo‘lmasa tegishli hollarda butun umrga davlat ijtimoiy ta’minot mablag‘lari hisobidan tayin etila- digan, qaytarib olinmaydigan, haq olinmaydigan, muntazam ravishda to‘lab boriladigan pul to‘lovlaridan iborat.
ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar, ishda olingan jarohatlar yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida vafot etgan shaxslarning qaramog‘idagilarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi;
ishlab chiqarishdagi sabablarga ko‘ra vafot etgan shaxslarga tenglashtirilgan holatlarda (urush harakatlari, harbiy burchni bajarish, fuqarolik burchini bajarish paytlarida va hokazo) vafot etganlarning oila a’zolariga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qot- ganlik pensiyalari;
umumiy kasallikdan (turmushdagi jarohatlarning oqiba- tida) vafot etgan shaxslarning oila a’zolariga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi kabilar o‘zaro farqlanadi.
yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan dastlabki ikki holat tufayli vafot etgan marhumlarning qaramog‘ida bo‘lib kelgan mehnatga yaroqsiz oila a’zolariga marhum mehnat staji miqdoridan qat’i nazar pensiya tayinlanaveradi.
Uchinchi sababga ko‘ra, ya’ni umumiy kasallik (turmushdagi jarohatlanish) tufayli vafot etgan marhumlarning oila a’zolariga esa marhum boquvchi shaxs vafot etgan paytdagi yoshiga mos keluvchi muayyan hajmdagi mehnat stajiga ega bo‘lgan bo‘lsa to‘liq miqdorda, belgilanganidan kam ish stajiga ega bo‘lsa – to‘liq bo‘lmagan miqdorda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanadi. Masalan, „Shinam“ mebel korxonasining muhandisi
A. Obidov umumiy kasallik tufayli 35 yoshida vafot etdi. Uning mavjud mehnat staji 10 yilni tashkil etdi. „Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida“gi qonunning 17-moddasida 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardan 7 yillik mehnat staji talab qilinishi belgilangan. Demak, marhum A. Obidovning oila a’zolariga to‘liq miqdordagi boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanishi mumkin.
Boshqa bir misol, Agrar kasb-hunar kollejining buxgalteri
A. Muhammadjonov 54 yoshida uyida ta’mirlash ishlarini baja- rish paytida yuz bergan baxtsiz hodisa (tomning o‘pirilib tushi- shi) tufayli vafot etdi. A. Muhammadjonovning mehnat staji 10 yildan iboratligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni A. Muhammadjonov talab qilinadigan 17 yillik mehnat stajiga ega emas. Demak, uning qaramog‘idagi mehnatga yaroqsiz oila a’zolariga to‘liqsiz pensiya tayinlanishi lozim.
„Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida“gi qonun- ning 21-moddasiga muvofiq:
— mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan boquvchining oilasiga, shuningdek, mar- hum pensionerning oilasiga pensiya boquvchining ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.
Basharti, boquvchi vafot etgan kunga qadar unga nogironlik pensiyasi tayinlanishi uchun zarur ish stajiga ega bo‘lgan (17- modda) bo‘lsa, umumiy kasallik yoki ish bilan bog‘liq bo‘l- magan mayiblanish oqibatida vafot etgan boquvchisini yo‘qot- ganlik pensiyasi tayinlanadi.
Boshqa mamlakatlardan ko‘chib kelgan O‘zbekiston Respub- likasi fuqarolarining oilalariga, boquvchi O‘zbekiston Res- publikasida ishlamagan bo‘lsa, pensiyalar quyidagi hollarda, ya’ni:
boshqa mamlakatlarda boquvchisini yo‘qotganlik pensi- yasini olgan oilalarga — boquvchisining ish stajidan qat’i nazar;
pensiya olmagan oilalarga — basharti, boquvchi ishlash to‘xtatilgan kunga qadar tegishli stajga ega bo‘lgan (17-modda) bo‘lsa, mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan taqdirda esa boquvchining ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.
Ushbu qonunning 22-moddasiga ko‘ra esa:
— umumiy kasallik oqibatida vafot etgan hamda nogironlik pensiyasini to‘liq tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega
bo‘lmagan (17-modda) boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga pensiya boquvchining bor stajiga mutanosib ravishdagi miqdorda (29-modda) tayinlanadi.
Er (xotin) vafot etganligi sababli uning xotini (eri)ga tayin- langan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, xotin (er) turmush qurgani (yangi nikohga kirgani) taqdirda ham pensiya saqlanib qolishi ko‘zda tutilgan.