2.Markaziy Osiyoda islom dining tarqalishi. . XIX asr boshi Movarounnahrdagi uch yirik davlat – Qo‘qon xonligi, Xiva xonligi va Buxoro amirligi o‘rtasidagi ziddiyatlarning kuchayishi bilan xarakterlanadi. Albatta, bu davrda uchala davlatda islom diniga e’tiqod qilinar edi, asosiy huquq organlari ham unga bo‘ysunar va tabiiyki, bu din ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida asosiy o‘rinni egallardi. Biroq o‘sha davrdagi ulamolarning asarlariga qarab xonliklardagi mavjud sharoitga baho berilsa, shariat me’yorlarini hayotga tatbiq etishda, xususan, soliq va sud tizimlarida talay muammolar mavjud bo‘lganini ko‘rish mumkin.
XIX asr so‘nggiga oid tarixiy hujjatlar tilga olingan xonliklar o‘rtasida qator harbiy to‘qnashuvlarga turtki bo‘lgan murakkab siyosiy vaziyatlar xususida guvohlik beradi. Davlatlararo bunday ichki ziddiyatlarda yoxud ayrim guruhlarning davlatga qarshi isyonlarida, tabiiyki, har vaqt diniy omil birinchi o‘rinda turardi. Deylik, qo‘shni xonliklarga qilingan harbiy yurishlarni har uchala davlat muarrixlari “g‘azavot”, ya’ni “kofirlarga qarshi urush” deb baholaydilar. Ayni misolning o‘ziyoq mazkur davlatlarda diniy ahvol va islom me’yorlarining qay darajada siyosatga moslashtirib borilganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda yuqorida qayd etilgan davlatlarning boshqaruv tizimida, aytaylik, soliq tizimi va boshqa tizimlarda ish yuritish shariatdan ancha yiroq bo‘lib, ular amalda mo‘g‘ul-chig‘atoy tizimi asosida ish ko‘rardilar. Bu tizimning ta’siri xalq mentalitetiga, xususan, hukmron tabaqalar hayotiga chuqur kirgani ko‘zga tashlanadi. Masalan, hukmdorning qonuniy vorisligi uning CHingiziylarga taqaluvchi nasli bilan belgilangan. SHuning barobarida har uchala davlat hukmdorlari o‘z ismlarini Xo‘ja Ahror Valiy, Maxdumi A’zam kabi mashhur so‘fiylar avlodi bilan (ko‘p hollarda nikoh vositasida), ayniqsa, Payg‘ambar avlodi sanalgan «sayyidlar» bilan bog‘lashga intilganlar. Keyingi holatda hukmdorlar o‘z ismlariga «sayyid» yoki «amir al-mo‘‘minin» nisbalarini qo‘shib olganlar. Bu esa o‘z naslini CHingiziy sulolalarga bog‘lashdan tashqari, o‘z hukmronligining diniy tomondan ham qonuniyligini asoslab berishga xizmat qilgan. Xalq orasidagi urf-odatlar bilan shar’iy me’yorlarning mos kelmasligi ayrim hukmdorlarni jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida «qat’iy shar’iy hukmlar» o‘rnatish yo‘lini izlashga undadi.
Bu o‘rinda Buxoro amiri SHohmurod (1785-1800) davrida boshlanib, uning o‘g‘li Amir Haydar (1800-1825) tomonidan davom ettirilgan diniy islohotlar e’tiborga loyiq. SHohmurod shariat ko‘rsatmalarini amalda qo‘llash yuzasidan o‘ziga xos «taftish» o‘tkazgan. Uning bevosita ishtirokida Buxoro faqihlari tomonidan chiqarilgan qator fatvolar saralanib, kodifikatsiya qilingan. Bu «Fatvolar to‘plami» («Fatovo-yi ahli Buxoro») tugallanmay qolib ketdi, shuning barobarida boshlangan diniy islohotlar ham, o‘z navbatida, ba’zi tariqat (YAssaviya, Ishqiya, Qalandariya) vakillarining hamda islomning mahalliy formalarini xalqqa singib borishida katta rol o‘ynagan diniy ulamolarning qarshiligiga uchradi. Ayni paytda ushbu hukmdorlar davrida vaqfga berilgan qator o‘quv muassasalari (eng avvalo madrasalar) qayta tiklandi.
Amir SHohmurodning o‘g‘li va vorisi Amir Haydar, xususan, islomning mahalliy ko‘rinishlariga (ayniqsa, tariqat rusumlariga) bo‘lgan munosabatda otasi tutgan yo‘ldan bir oz chekindi. Uning o‘zi madrasada ayrim diniy fanlardan dars bergan. Lekin uning «taxtdagi darvesh» yoki «haqiqiy musulmon hukmdor» bo‘lishlik da’vosi ayrim zamondoshlari tomonidan salbiy baholanadi. Mazkur ikki hukmdor o‘z oldiga qo‘ygan maqsad shu ediki, ular turkiy urug‘lararo ziddiyatlarni tugatish yo‘lida islomning ijtimoiy birlashtirish xususiyatidan foydalanmoqchi bo‘ldilar. Aynan shu xususiyat siyosiy va iqtisodiy jihatdan xonliklardagi tarqoq turkiy urug‘larni yagona siyosiy tizimga buysundirishda qo‘l kelgan.
Bu borada Qo‘qon va Xiva xonliklarida ahvol birmuncha serg‘alva edi. CHunki bu erlarda doimo ichki kelishmovchiliklar va turkiy qavmlarning o‘zaro qurolli to‘qnashuvlari (asosan, hokimiyat talashuvi) davom etib turardiki, ayni shu hol mazkur davlatlarning siyosiy beqarorligi hamda iqtisodiy tannazzuliga olib keldi. Davr muarrixlari o‘sha paytdagi diniy vaziyat xususida, qozilar o‘rtasida avj olgan poraxo‘rlik, xalq orasida, ayniqsa, yuqori tabaqa vakillari orasida shariat ko‘rsatmalariga amal qilmaslik hollari haqida kuyinib yozadilar, ularning ta’biri bilan aytganda, bu vaqtga kelib «shariat chashmalari qurib bitdi».
Balki sharoit taqozosiga ko‘ra bo‘lsa kerak, o‘sha davr ulamolari tomonidan diniy mavzuga, xususan, fiqh sohasiga oid an’anaviy asarlar yaratilgan. Xonlikdagi ko‘pgina madrasalarda o‘qish jarayoni talabga javob bermas edi va bu, asosan, fiqhdagi «furu’», ya’ni xususiy muammolarning echimlari bilan bog‘liq edi.
Bu, ayniqsa, Bulg‘or (Volga atrofidagi elatlar) va mahalliy ulamolar bahslarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ulardan birinchisi birmuncha taraqqiy etgan Rossiya Imperiyasi qaramog‘ida bo‘lib, tabiiyki, ko‘proq hayotiy tajribaga ega edi va shuning uchun ham islom jamiyatlari uchun umumiy stagnatsiya (turg‘unlik)ning salbiy oqibatlarini his qila olar, shunga ko‘ra Buxoroning hozirgi ahvoliga tanqidiy baho berar edi. Zero, keng olamdan ajralib qolish mahalliy xonliklar uchun chindan ham taraqqiyot yo‘lini berkitgan edi.
Bundan tashqari, mazkur davrdan saqlanib qolgan vaqf hujjatlariga ko‘ra o‘quv dargohlarida dunyoviy bilimlar, xususan, texnikaga oid fanlar deyarli o‘qitilmagan. Tabiiyki, bunday holat, davlatning iqtisodiy va texnikaviy taraqqiyoti uchun hech qanday naf bera olmasdi, vaholanki bu paytga kelib Rossiya va Evropa davlatlarida iqtisodiy o‘sish pallasi boshlangan edi.
Markaziy Osiyodagi aynan shu iqtisodiy va texnikaviy qoloqlik bu jihatdan o‘zidan bir necha barobar kuchli bo‘lgan Rossiya imperiyasi oldida mag‘lub bo‘lishga olib keldi. Rus istilosi Qo‘qon xonligining shimoliy hududlari – Avliyo ota, Sayram, CHimkent va Toshkentni qo‘lga kiritish bilan boshlandi. Keyingi navbatda Qo‘qon qo‘lga kiritildi va xonlik 1876 yil fevralda tugatildi. 1868 yildagi «Bitim»ga ko‘ra Buxoro xonligining va 1873 yildagi «Bitim»ga ko‘ra Xiva xonligining Rossiyaga siyosiy qaramligi o‘rnatildi. Kavkazda diniy sohalarda ish yuritishda qarshilikka uchragan Rossiya imperiyasi endi bu o‘lkalarda islomga birmuncha «ehtiyotkorlik» bilan yondosha boshladi. SHu tufayli Buxoro va Xivada diniy siyosatga u qadar aralashilmadi. Qo‘qon xonligida esa ahvol boshqacha tus oldi. CHor Rossiyasi bu erda shariat asosida ish yurituvchi sud tizimlarini, o‘z-o‘zini boshqarish organlari va diniy ta’limni saqlab qolish barobarida bunga parallel ravishda «rus-tuzem maktablari» ochdiki, buning negizida xalqqa asta-sekinlik bilan «rus-pravoslav madaniyati»ni singdirib borish g‘oyasi yotar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |