Ko’ngil ko’zgusi — milliy ma'naviyatimiz an'analariga ko’ra Inson ko’ngli ma'rifat xazinasi bo’lib, bu sehrli tilsim ichiga Alloh haqiqati o’z sirrini pinhon etgandir. Ma'naviyat ana shu ko’ngil tilsimiga yashiringan Alloh haqiqatining zuhuridir. Inson ruhi Borliq haqiqati bilan doimiy uyg’unligini saqlashi uchun ibrat va ilm, riyozat va mehr ma'rifati uni bir zum tark etmasligi talab etiladi, ayni shular ko’ngil ko’zgusini pok tutib turadi.
"Ishqi haqiqiy" — tasavvuf irfonida Haq ishqi, Borliq haqiqatiga fidoyilik, "ishqi ilohiy".
"Ishqi majoziy" — tasavvuf ahli nazdida bu dunyo, o’tkinchi olam mavjudotlariga qaratilgan muhabbat. So’fiylar bunday ishqni arzimas hisoblab, "ishqi haqiqiy"ga intilishni ma'qul ko’rsalar, "Majoz tariqi" vakillari Payg’ambarimiz(s.a.v)ning "Al-majoz-u qantarat ul-haqiqa" (Majoz haqiqatning ko’prigidir) hadisidan kelib chiqib, "ishqi majoziy"ni "ishqi haqiqiy"ga eltuvchi yo'1 sifatida ulug’laydilar.
"Avom ishqi" — Alisher Navoiyning ta'rifiga ko’ra "oddiy odamlar ishqi bo’lib, xalq orasida mashhur va keng tarqalgandir... Bu ishq jismoniy lazzat va shahvoniy nafs bilan chegaralanadiki, oliy martabasi — shar'iy nikohdir... Quyiroq martabasida janjal, tashvishlar, ko’ngilsizlik va sharmandaliklar ko’rinadiki, bu haqda so’zlash - odobsizlik, bayon etish hayosizlikdir" ("Mahbub ul-qulub" asari, 2-qism, 10-bob).
"Xavos ishqi" — Alisher Navoiyning ta'rifiga ko’ra, alohida fazilat egalariga xos ishq bo’lib, "pok ko’zni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok ko’ngil ul pok yuz oshubidin qo’zg’almoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq" (pok ko’zni pok niyat bilan pok yuzga qaratmoq va pok ko’ngil ul pok yuzning shavq-zavqi bilan beqaror bo’lmog’i va bu pok yuz vositasi bilan pok oshiq haqiqiy mahbubning jamolidan bahra olmog’i). Xalqimiz aytadiki, bir ish qilsang "xolisanlilloh" qilgin, ya'ni xolis Alloh taolo yo’lida qilingan har bir ish xayrlidir, agar unga xudbinlik, g’araz aralashsa, yaxshiday ko’ringan ish ham yomonlikka olib kelishi mumkin. Navoiy nazdida "xavos ishqi" insonning insonga bo’lgan ayni shunday Haq yo’lidagi har qanday g’arazdan xoli, pok mehridir. O’z ijodida ana shunday pok insoniy ishqni tarannum etgan Amir Xusrav Dehlaviy va Hofiz Sheroziy kabi ulug’ shoirlarni Navoiy "ishq ahlining pokbozlari" deb ataydi. "Layli va Majnun" dostonida bir insonning o’zga insonga bunday pok mehri "oyinayi getinamo" (Borliq haqiqatini o’zida aks ettiruvchi ko’zgu) deb ta'riflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |