Falsafa(shunoslik) — ma'naviyat sohasiga aloqador fanlardan bo’lib, asosiy mavzusi (predmeti) jahon tarixida mavjud bo’lgan turli falsafiy tizimlarni Borliq haqiqatini mantiqiy modellashtirish usullari sifatida qiyosiy o'rganishdir.Fan va uning tadqiq sohasi (obyekti) bir nom bilan atalganligi tufayli ba'zi ilmdan uzoq kishilar hayotda ularni o’zaro adashtirishi kuzatiladi.
Faylasuf — Borliq haqiqatini o’zi anglab yetgan yoki tasavvur etgan darajada mustaqil falsafiy tizim shaklida modellashtira olgan ijodkor shaxs.
Falsafiy tizim — Borliq haqiqatining har bir faylasuf tasavvuridagi yaxlit mantiqiy modeli.
Botiniya — Islom ma'rifatchiligi bosqichida shakllangan Borliq haqiqatini idrok etishga oid yana bir yirik yo’nalish bo’lib, uning asosida ismoiliya bid'ati yotadi. Shia mazhabidan ajralib chiqqan bu bid'at namoyandalari boshqa shialar kabi oltinchi imom Ja'far as-Sodiq (700— 765) ning kichik o’g’li Muso al-Kozim (vafoti 799-yil) ni emas, katta o’g’li Ismoilni imomlikdagi vorisi degan da'vo bilan chiqdilar (Ismoil bin Ja'far otasi hayot chog’ida 762-yilda vafot etgan). Misrda Fotimiylar davlat tepasiga kelgach (909-yil), ismoiliylarning mintaqa bo’ylab faoliyati avj oldi va ta'siri ham kuchaydi. Davr aql va mantiqiy tafakkur davri edi. Shunga munosib ravishda ismoiliya bid'ati targ’ibotchilari o’zlarining murakkab falsafiy tizimini ishlab chiqdilar. Ular bilimni zohiriy (tashqi) va botiniy (ichki) darajaga ajratdilar. Zohiriy bilim avom uchun mo’ljallangan bo’lib, asosan shia mazhabi shariat ahkomlariga mos kelardi. Botiniy bilim esa faqat tanlangan tor doira — xoslar orasidagina tarqalishi nazarda tutilar va borliqni idrok etishning murakkab falsafiy tizimidan iborat edi. Botiniy bilimlar qomusi sifatidashuhrat qozongan buyuk meros - X asrda yaratilgan 52 risoladan iborat "Rasoili ixvon-us-safo va xullon ul-vafo" ("Pok birodarlar va vafodor do’stlar risolalari") majmuasi bo’lib, bu majmuada 14 risola riyoziyot (matematika)ga, 17 risola tabiiy fanlarga, 11 kitob Oliy haqiqat sirlari va yana 10 kitob diniy masalalarning mantiqiy tahliliga bag’ishlangan edi. Bu mukammal qomus islomgacha hosil bo’lgan ilmiy-falsafiy merosni chuqur o’zlashtirish asosida yuzaga kelgan bo’lib, mintaqa ilmining keyingi rivojiga katta ta'sir ko’rsatdi. Botiniya yo’nalishi asosan ismoiliya bid’atiga bog’lab talqin etilsa ham, aslida o’sha davrlarda ko’pchilik rasmiy aqidaga muxolif qarashlar shu nom ostida umumlashtirib talqin qilinganligini ham nazardan qochirmasligimiz kerak. Ushbu yo’nalishning Movarounnahrdagi yirik namoyandasi buyuk shoir va mutafakkir Nosir Xusrav (1004—1088) ismoiliya qarashlarini jiddiy falsafiy ruhda talqin qilib, ijtimoiy adolat masalalariga alohida diqqatini qaratdi.