Nazorat savollari:
1. Musiqiy shakl deb nimaga aytiladi?
2. Sezura nima?
3. Musiqiy ifodaviylikning qanday vositalarini bilasiz?
4. Kuy nima?
5. Kulminatsiya nima va u musiqiy asarning qaysi qismiga tо‘g‘ri
keladi?
6.Garmoniyaning shakl hosil qiluvchi ahamiyati haqida nimalar bilasiz?
7. Shakl hosil qilishda ritmning roli nimadan iborat?
8. Qismlarning musiqiy shakldagi asosiy vazifalarini aytib bering.
9.Bayon qilishning qanday turlarini bilasiz?
10. Musiqiy shaklda rivojlovning qanday tamoyillarini bilasiz?
2-mavzu. DAVRIYA VA UNING TURLARI
Ma’lum darajada yakunlangan musiqiy fikrni ifodalovchi shakl davriya deb yuritiladi. Davriya uchun mavzuni namoyish etish (ekspozitsion) vazifasi xos. Shu bilan birga davriyaning rivojlanish va yakuniylik darajalari uni nafaqat tarkibiy qism, balki mustaqil asar shakli sifatida ham namoyon bо‘lishini ta’minlaydi. Mazkur shakl fortepiano miniatyurasi janriga xos bо‘lib, romantizm yо‘nalishi kompozitorlari (Friderik Shopen, Robert Shuman) ijodida keng rivojlangan.
Jumlalar davriya shaklining tarkibiy qismidir. Davriyaning kadensiya bilan yakunlanadigan nisbatan yirik qismi jumla deb ataladi. Davriya asosan ikki jumladan tarkib topadi. Jumlalar, о‘z navbatida, ikki: ochiq va yopiq turga bо‘linadi. Davriyaning birinchi jumlasi ochiq, ikkinchi jumlasi esa yopiq bо‘ladi. Ochiq jumlaning mustaqilligi yopiq jumlanikiga qaraganda nisbatan kamroq bо‘ladi. Har bir jumla ikki yoki undan ortiq iboradan tarkib topadi. Kadans yakuniyligi, ritmik sezura (pauza yoki tovush jaranglashining uzaytirilishi) kabi omillar jumla mustaqilligini ta’minlaydi.
Sezuraning belgilari:
a) musiqiy fikrning dastlabki yoki yangi tonallikda yakunlanishi;
b) yangi musiqiy fikrning paydo bо‘lishi;
s) avval berilgan mavzuning о‘zgarishsiz yoki biroz о‘zgargan holda takrorlanishi.
Jumlalar kadensiya deb nomlanadigan garmonik davra bilan yakunlanadi. Tо‘liq va tо‘liqsiz kadensiyalar farqlanadi. Tо‘liq kadensiyalar: S-D-T. Tо‘liqsiz kadensiyalar: S-T, D-T.
D-T – avtentik kadensiya deyiladi.
S-T – plagal kadensiya deyiladi.
Kadensiya davriya shakli ichida joylashishiga kо‘ra о‘rtaliq va yakunlovchi turga ajratiladi. О‘rtaliq kadensiya dominantada (ba’zan subdominantada ham) yakunlanadigan birinchi jumla oxirida keladi. Yakunlovchi kadensiyalar davriyaning oxirida keladi. Ular quyidagi turlarga bо‘linadi: agar tonika primasi kuy holatida kelsa, bu turdagi kadensiya mukammal, kuy holatida tonikaning tersiya yoki kvinta tovushi joylashtirilsa, bu kadensiya nomukammal kadensiya sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |